Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:42

Mirziyoev Ashxobodda turkmanistonlik o‘zbeklar muammosini ham ko‘tardi


Shavkat Mirziyoev prezident sifatidagi ilk davlat tashrifini Turkmanistondan boshladi.
Shavkat Mirziyoev prezident sifatidagi ilk davlat tashrifini Turkmanistondan boshladi.

Turkmanistonda yashayotgan o‘zbeklar va O‘zbekistonda yashayotgan turkmanlarning milliy o‘ziga xosligini saqlab qolish masalasi ham boshqa masalalar qatorida Ashxobodda o‘tkazilgan so‘zlashuvlarda ko‘tarildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkmanistonga qilgan ikki kunlik safari yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bildirdi.

Turkman adibi Omonmurod Bugaevning Ozodlikka aytishicha, Shavkat Mirziyoev tilga olgan bu masala Turkmanistonda yashayotgan o‘zbeklar uchun dolzarb bo‘lib qolganiga bir necha yil bo‘lgan.

Shavkat Mirziyoev Ashxobodda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuvni nazarda tutib, bunday dedi:

- Uchrashuvda biz ikki mamlakat hududida yashaydigan o‘zbek va turkman diasporalarining ona tili, milliy madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlab qolish va rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni yaratish yo‘lidagi ishlarni bundan keyin ham davom ettirish niyatida ekanligimizni yana bir bor tasdiqladik.

Bu masala ikki prezident imzolagan Qo‘shma bayonotda ham aks etgani to‘g‘risida Turkmaniston davlat TVsi ko‘rsatuvida aytildi.

Ozodlik bilan suhbatda turkman adibi Omonmurod Bugaev O‘zbekiston Prezidenti bayonotini sharhlar ekan, hayajonini yashirmadi.

- To‘g‘risi, Mirziyoevning tashrifidan ko‘p narsa kutgan emasdim. Avvallari ham O‘zbekiston prezidenti Ashxobodga kelgan, bizniki Toshkentga borgan. Yaxshi gaplarni aytishar edi. Lekin ularning gaplarida oddiy xalqning – O‘zbekistonda yashayotgan turkmanlarning, Turkmanistonda yashayotgan o‘zbeklarning xohish-istagi aks etmas edi, der ekan, turkman adibi Shavkat Mirziyoevning har bir millat vakillari o‘z ona tilini o‘rganishi uchun sharoit yaratish lozimligi to‘g‘risidagi gaplarini yuqori baholadi.

- Bu o‘zbek-turkman munosabatlariga yangi impuls beradi, dedi adib.

Yoshi 60 dan oshgan Omonmurod Bugaev Sovet davrini eslarkan, u vaqtlarda O‘zbekistonda turkman va Turkmanistonda o‘zbek maktablari bo‘lganini, ularni darsliklar va o‘qituvchi kadrlar bilan ta’minlashda muammo bo‘lmaganini esladi.

- Hozir esa, - dedi turkmanistonlik adib, - Turkmanistonda o‘qish o‘zbek tilida olib boriladigan bitta ham maktab qolmagan. Bundan tashqari Sovet davrida Chorjo‘y viloyatida chiqib turgan o‘zbek tilidagi gazeta ham yopilib ketgan.

Turkman adibi aytayotgan bu gap, aslida, yangilik emas. Turkmanistonda o‘zbek maktablari yopilib ketgani to‘g‘risidagi dastlabki xabarlar paydo bo‘lganiga ham bir necha yil bo‘lib qoldi. Masalan, Regnum agentligi 2011 yilgi xabarida Turkmanistondagi o‘zbek maktablari 2000-yillar boshidayoq yopilib ketgani to‘g‘risida yozgan edi.

Turkman adibi Omonmurod Bugaevning aytishicha, maktablari va gazetalari yopilib ketganiga qaramay, turkmanistonlik o‘zbeklar o‘z ona yurtini tark etgani yo‘q:

- Mustaqillik yillarida turkmanistonlik qozoqlarning ko‘pchiligi Qozog‘istonga ko‘chib ketdi. Mahalliy o‘zbeklar esa, hech qaerga ko‘chgani yo‘q. Ular hozir ham Dashovuz, Lebap viloyatlarida yashamoqda, Ashxobodda ham o‘zbeklar bor, dedi Bugaev.

Ba’zi norasmiy manbalarga ko‘ra, Turkmaniston aholisi shu kunda 5,5 million nafarni tashkil qiladi. O‘zbeklar o‘z nufusiga ko‘ra, mamlakatda turkmanlardan keyingi ikkinchi yirik etnos bo‘lib, aholining 9 foizini tashkil qiladi.

O‘zbekistondagi rasmiy idoralar ma’lumotlariga tayanib, Vikipediya keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2013 yili O‘zbekistonda 152 ming etnik turkman yashagan. Turkman diasporasi asosan, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonda istiqomat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining rasmiy saytida keltirilgan ma’lumotlarda mamlakatdagi maktablarning 45 tasida o‘qish turkman tilida olib boriladi.

OZOD-VIDEO: Ўзбекистондаги туркман элига саëҳат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:25 0:00

Ozodlik 2015 yil oktabr oyida Xorazm viloyati Urganch tumanidagi 275 nafar o‘quvchi ta’lim oluvchi turkman maktabidagi tahsil haqida maxsus videolavha hozirlagan edi.

XS
SM
MD
LG