Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 12:59

Mirziyoev Ostonaga qariyb 300 mulozim bilan bordi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboev bilan Ostonada 2017 yil, 23 mart kuni uchrashdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboev bilan Ostonada 2017 yil, 23 mart kuni uchrashdi.

Shavkat Mirziyoev davlat tepasiga kelgach, Toshkent savdo yo‘lidagi barcha to‘siqlarni olib tashladi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboev O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘istonga davlat tashrifi davomida bayonot berdi, deb xabar qildi Ozodlik radiosi qozoq xizmati.

Qozog‘iston Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Prezidenti lavozimiga 2016 yilning dekabrida saylanganidan so‘ng safar qilayotgan ikkinchi mamlakatdir.

Mirziyoevning Ostonaga safari 22 mart kuni boshlandi. 23 mart kuni ikki davlat o‘rtasida bir qator muhim hujjatlar imzolandi.

Nursulton Nazarboev va Shavkat Mirziyoev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan so‘zlashuvlardan so‘ng bugun Ostonada Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida strategik sherikchilikni yanada chuqurlashtirish va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risida Qo‘shma deklaratsiya imzolandi.

Ikki davlat hukumatlari raislari va a’zolari darajasida Mintaqalararo humkorlik to‘g‘risidagi kelishuv, 2017-2019 yillarga mo‘ljallangan Iqtisodiy hamkorlik strategiyasi, Ikkitomonlama soliqqa tortmaslik to‘g‘risidagi kelishuvga o‘zgartishlar kiritishga oid bayonnoma, Xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi kelishuvga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishlar kiritishga oid bayonnoma, ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida hamkorlik dasturi, Ikki davlat o‘rtasida harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv kabi qator hujjatlar imzolandi.

Tadbirlarni yoritayotgan qozog‘istonlik jurnalist Aynur Koskina har ikki davlat rahbari bu uchrashuvlarni "tarixiy ahamiyatga ega" ekanini alohida ta’kidlaganini aytdi.

- Prezidentlar buni "tarixiy uchrashuv" deb atashdi. Birinchi bor, bunday safar doirasida O‘zbekiston tomonidan juda katta delegatsiya keldi - hukumat vakillaridan tashqari 250 a’zolik ishbilarmonlar delegatsiyasi ham bor. Prezidentlar uchrashuvida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 7 ta yirik hujjat imzolandi. Jami, 1 milliard AQSh dollari atrofidagi qiymatga ega bo‘lgan 75ta hujjat imzolanishi aytilgan, - deydi Aynur Koskina.

Uchrashuvlar davomida bayonot bergan Qozog‘iston energetika vaziri Kanat Bozumabaev "KazMunayGaz" milliy neftgaz kompaniyasi Rossiya neftini O‘zbekistonga tranzit qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyor ekani, tegishli hujjat O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoevning Qozog‘istonga tashrifi doirasida imzolanishi rejalashtirilganini aytdi.

- Hozirda O‘zbekistonga quvur ishlamayapti, u to‘xtatib qo‘yilgan. Hozir ikki tomon energetika vazirliklari bu masalani muhokama qilmoqda. Shuning uchun hozir O‘zbekistonga neftni faqatgina Chimkentdagi neft tashish estakadasi orqali olib borish mumkin. U yerda tashish quvvati taxminan ikki million, - deydi jurnalist Aynur Koskina.

Ikki davlat delegatsiyalari orasidagi rasmiy uchrashuvlar bitgach, prezident Mirziyoevning Astanadagi Nursulton Nazarboev nomidagi universitetda bo‘lishi rejalashtirilgan.

- Qozog‘istonda Nazarboev instutining obro‘si, xuddi, Buyuk Britaniyadagi Harvard universitetining obro‘si kabi baland. Darvoqe, prezident Nazarboev ikki davlat o‘rtasida talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi, ammo o‘z nomidagi universitet emas, balki boshqa oliy o‘quv yurtlari uchun taklif qildi. Nazarboev universitetiga kirish juda qiyin, ancha-muncha odam o‘qiy olmaydi u yerda, - deya qo‘shimcha qildi jurnalist.

Tashrif davomida prezidentlarning Astanadagi Opera va balet teatriga borishi, keyin esa MEGA Silk Way savdo markazi hamda EKSPO-2017 ko‘rgazmasi uchun qurilayotgan ob’ektda bo‘lishi rejalashtirilgan.

XS
SM
MD
LG