Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 14:54

Andijon hokimligi savdogarlarni kartoshkani arzon sotishga majburlamoqda


Andijon shahar hokimligi bozordagi sotuvchilardan kartoshka narxini oshirmaslikni talab qilmoqda. Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashgan savdogarlarning aytishicha, hokimiyatdan kelgan maxsus komissiya har bir sotuvchiga kartoshka kilosi narxini 2 ming so‘mdan oshirmaslikni tayinlagan.

Joriy oy boshida O‘zbekistonda ko‘p iste’mol qilinuvchi sabzavot - kartoshka bir haftaning ichida uch barabar qimmatlab, ayrim bozorlarda kilosi 6 ming so‘mga chiqib ketdi.

Andijon bozorlarida kartoshkaning kilosi 6 ming so‘mga chiqib ketishi ortidan shahar hokimligi aholi ko‘p iste’mol qiladigan ushbu sabzavot narxini ma’muriy buyruqbozlik yo‘li bilan jilovlashga urinmoqda.

Andijonning "Eski shahar" bozorida kartoshka sotuvchilardan birining Ozodlikka aytishicha, hokimiyatdan kelgan maxsus komissiya savdogarlarga kartoshka narxini 2 ming so‘mdan oshirmaslikni qattiq tayinlagan:

- Kartoshka o‘zi 4 ming so‘m. Ayrim joylarda 6 ming so‘m. Do‘konda 7 ming so‘m. Lekin hokimiyat "2 ming so‘mdan oshirmaysan", deyapti. Biz zarariga sotmaymizku, bizga kartoshka uchta qo‘ldan o‘tib keladi. Bizga kelishi qimmat bo‘layotgan bo‘lsa, zarariga sotmaymizku, - dedi andijonlik savdogar.

Hokimlikning qattiq bosimi ostida qolgan ayrim sotuvchilar esa kartoshkani sotishdan ko‘ra, sotmaslikni afzal ko‘rmoqda:

- Hozir kartoshka rastalari bo‘shab qolgan¸ sotishmayapti. Zarariga sotgandan¸ sotmaganim yaxshi deyapti ko‘pchilik, - deydi Eski shahar bozoridagi boshqa bir savdogar.

Andijon shahar hokimligidan savdogarlar shikoyati yuzasidan izoh olib bo‘lmadi - hokimlikda bu vaziyatga izoh berishi mumkin rasmiy topilmadi.

Shu oy boshida O‘zbekiston bozorlarida kartoshka narxining birdaniga uch baravar qimmatlagani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Картошка 4000 сўмга чиқди
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:16 0:00

Bu jarayonni jilovlash maqsadida mahalliy hokimliklar bozorlar oldida maxsus ko‘chma do‘konlar tashkil etib¸ arzon narxda kartoshka sotishni yo‘lga qo‘yishga urindi.

Andijonda 1900 so‘mdan kartoshka sotilayotgan ko‘chma do‘konlar oldida uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelgan.
Andijonda 1900 so‘mdan kartoshka sotilayotgan ko‘chma do‘konlar oldida uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelgan.

Ayni kunlarda ko‘chma do‘konlarda 1900 so‘mdan sotilayotgan kartoshka olish uchun uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelgan.

Odam boshiga 3-5 kiloan sotilayotgan kartoshka aholining bu mahsulotga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirayotgani yo‘q.

- Ertalab soat 8 dan navbatga turiladi, tushgacha tugab qolayapti. Ayrimlar konteynerlardagi kartoshkani arzon olib, bozorda qimmat sotayapti. Navbatda turganlarning ko‘pchiligi olib-sotarlar. Aylanib navbatga turib kartoshkani olib¸ nariroqda 4 ming so‘mga sotishayapti, - deydi andijonliklardan biri.

O‘zbekistonda kartoshkaning tanqislashib, narxi oshib ketganiga turli sabablar keltirilmoqda.

Ayrimlar buni bahorning kechikkani bilan bog‘lasa, boshqalar o‘tgan yili ko‘p sabzovotlarga qurt tushib, kartoshkaning cho‘g‘i kam bo‘lganini aytishadi.

O‘zbekistonda yangi kartoshka chiqishiga esa ikki oy bor.

O‘zbekistonda o‘tgan yili 2.9 million tonna kartoshka yetishtirilgan. Bu esa aholini ushbu maxsulot bilan ta’minlash uchun etmaydi.

O‘zbekistonga chet eldan kartoshka import qiladigan logistik shirkat vakilining Ozodlik bilan suhbatda ta’kidlashicha¸ bozor muvozanatini ushlab turish uchun davlat zahirasida turishi kerak bo‘lgan kartoshka tugagan:

- Vaqtida yetarli g‘amlanmagan. Shu kunlarda, masalan, kartoshkani mintaqadagi mamlakatlardan tezda keltirib bozorni muvozanat qilish haqida ham o‘ylashmayapti. Bir oy ichida kartoshkaning bu qadar qimmatlagani jiddiy muammo¸ deydi suhbatdosh.

Bundan atigi uch yil oldin O‘zbekiston matbuoti mamlakatning "kartoshka mustaqilligiga ega bo‘lgani" haqida yozgan edi. Hatto ba’zi nashrlar O‘zbekiston kartoshka eksport qiladigan mamlakatga aylanishi haqida "bashorat" qilgan edi. Ammo bugunga kelib bu gaplar iddao darajasida qolgani kuzatilmoqda.

O‘zbekistonlik sobiq mulozim Anvarmirzo Husainov buning sababini eski hukumatning "hamma narsani o‘zimiz yetishtiramiz", degan shiori chippakka chiqqani bilan izohladi:

- O‘zbekiston hukumati 2020 yilda kartoshka yetishtirish hajmlarini 35 foizga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lsa ham, bu xato strategiya. Hamma narsani o‘zimiiz yetishtiramiz, degan eski g‘oyadan voz kechish kerak. O‘zbekistonning quruq havosida kartoshka yaxshi yetishmaydi. Bu issiq vaq quruq havodan qo‘rqadigan o‘simlikdir. Unga doimiy namlik kerak. O‘zbekistonda har yili 1.5-2 million tonna kartoshka mashaqqat evaziga yetishtiriladi. Shu kartoshkani Belorusiyadan olib kelish mantiqli va arzon bo‘lar edi¸ deydi sobiq mulozim.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ mamlakatning to‘rtta tog‘ hududida elit navdagi kartoshkani yetishtirish uchun fermer xo‘jaliklarini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lsa ham bu reja hanuz amalga oshmagan. Hosilning ko‘pi turli kasalliklar bois nobud bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG