Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 16:48

O‘zbekistondagi bolalar bog‘chalaridan diplomsiz tarbiyachilar ishdan bo‘shatilmoqda


Mart oyi boshidan buyon O‘zbekiston bo‘ylab barcha bog‘chalarda tekshiruvlar o‘tkazilib, maxsus pedagogik ta’limga ega bo‘lmagan tarbiyachilar ishdan bo‘shatilmoqda. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, bundan buyon bolalar bog‘chalarida faqat oliy ma’lumotlilar ishlaydi.

Keng ko‘lamli maxsus attestatsiyalar Curxondaryo viloyatidagi 23 ta bolalar bog‘chasi tunda islovatxonaga aylantirilgani haqidagi xabarlar ortidan o‘tkazilmoqda.

Tarbiyachilar salohiyati

Tekshiruvlar mahalliy hokimiyat vakillari va O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Xalq ta’limi vazirligi mutasaddisining aytishicha, tekshiruv paytida asosiy e’tibor tabiyachilar salohiyatiga qaratilgan.

Bolalarga qilinayotgan muomala, metodika xizmati, ta’lim tarbiya tekshirildi. Bundan tashqari bolalarning ovqatlantirish qanday yo‘lga qo‘yilgani o‘rganib chiqildi. Eng asosiy e’tibor tarbiyachilarning salohiyatiga qaratildi. Bundan tashqari, tekshiruv paytida tarbiya beruvchilarning malakasi, o‘zini tutishi, til madaniyati, kiyinish madaniyati kabi jihatlar ham tekshirildi,” – dedi vazirlik mutasaddisi.

Biroq vazirlik mulozimiga ko‘ra, hozirga qadar nechta bog‘cha xodimining ishdan olingani haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Oliy ma’lumot

Toshkent viloyatidagi bog‘chalardan birida tarbiyachi bo‘lib ishlagan 36 yashar Sh.M.ning (ismi Ozodlikka ma’lum) shikoyat qilishicha, taftishchilar uning ma’lumoti oliy bo‘lmagani uchun ishdan bo‘shatganlar.

"14 yildan beri tarbiyachi bo‘lib ishlayman. Ular "malakang yetarli emas ekan" deb, ishdan bo‘shatishdi. Mening shuncha yil ishlaganimga ham e’tibor berishmadi", dedi Sh.M.

Ozodlik suhbatlashgan Toshkentlik bog‘cha mudirasi ham taftishlar paytida murabbiylar malakasiga alohida e’tibor qaratilayotganini aytdi.

"Bizning bog‘chamizda 5 tarbiyachi oliy ma’lumotli. Bir tarbiyachimiz oliy ma’lumotga ega emas. Lekin u qizimiz tekshiruvlar boshlangunga qadar dekret otpuskasiga chiqib ketdi," - dedi Toshkentdagi bog‘cha mudirasi.

"Hammayoqni tekshirishdi"

Toshkent shahridagi bolalar bog‘chalaridan birining mudirasi tekshiruvlar bir kun davom etganini aytdi.

Kelib ombor, oshxona, bola soni, tarbiyachilarning ish hujjatlari, mudiraning ish hujjatlari, metodik xizmatlarimiz, xullas, hamma narsani tekshirishdi. Hech nima qolmadi. Hammayoqni tekshirishdi,” - dedi bog‘cha mudirasi.

Namangan shahridagi bog‘chalardan biri mudirasining aytishicha, barcha bog‘cha boshliqlari xalq ta’limi boshqarmasiga chaqirtirilgan va ularga Surxondaryoda yuz bergan hodisaga oid videofilm namoyish etilgan.

Hammaga dars bo‘lsin, deyishdi. Videoni oxirigacha ko‘rib chiqdik. Bolalar tarbiyasi va ularning oziq-ovqatiga diqqatli bo‘lishimiz kerakligi aytildi,” – deydi Namangan shahridagi bog‘cha mudirasi.

Surxondaryoda tekshiruvlar

Боғча: Кундузи қийноқхона, кечаси ишратхона
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:26 0:00

Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi bog‘chada tarbiyachining bolalarga pichoq o‘qtalayotgani tasvirlangan video va bog‘chaning tunlari islovatxonaga aylantirilgani haqidagi xabarlar O‘zbekistonda jamoatchilikning keskin noroziligini uyg‘otdi. ​

Ozodlik mazkur hodisa ortidan Surxondaryo viloyatida mavjud barcha 290 ta bog‘cha tekshirilganini aniqladi. Avvalroq taftish qilingan 100 ga yaqin bog‘chadan 23 tasida tungi fohishaxona borligi aniqlangani haqida xabar bergandi.

Surxondaryo mulozimlari bog‘chalardagi tekshiruvlar ortidan 17 ta bog‘cha mudirasi, yana o‘nga yaqin mulozim ishdan olingani haqida ma’lum qilganlar.

Shuningdek, Surxondaryo mahkamasi jami besh kishini bog‘chani fohishaxonaga aylantirish aybi bilan ozodlikdan mahrum qilgan.

O‘zbekistonda 5 mingdan ziyod bolalar bog‘chalari mavjud bo‘lib, bu muassasalarda 55 mingdan ziyod pedagog 670 mingdan bolaga tarbiya beradi.

XS
SM
MD
LG