Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 15:12

Rossiya tojikistonlik muhojirlar uchun migratsiya amnistiyasi e’lon qildi


Rossiya mamlakatda noqonuniy mehnat qilib yurgan muhojirlarga umumiy avf e’lon qildi. Tojikiston vatandoshlari uchun migratsiya amnistiyasi joriy yilning 24 apreligacha davom etishi aytildi.

Mutaxassislar amnistiya birgina Moskva shahrida 70 mingdan ziyod odamni qamrab olishini bildirmoqda.

“Rossiya migrantlar federatsiyasi” prezidenti Vadim Kojenovning Ozodlikka aytishicha, migratsiya avfi yaqin kelajakda O‘zbekiston vatandoshlariga ham joriy qilinishi mumkin.

“Ammo hozircha bu haqda biror gap-so‘z yo‘q”, deya qo‘shimcha qildi u.

2017 yilning 25 martidan shu yilning 24 apreligacha bir oy davom etadigan migratsiya amnistiyasiga muvofiq tojikistonlik nolegal muhojirlar deportatsiya qilinmasdan va mamlakatdan chiqmasdan legallashish huquqiga ega bo‘ldi.

Tojikiston vatandoshlari uchun migratsiya amnistiyasi joriy etilganini Ozodlikka Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi rasmiy vakili Ibrohim Ahmadov tasdiqladi. U bugungi kunda Rossiyada 1 milliondan ziyod tojikistonlik yashab, mehnat qilayotganini bildirdi.

Biroq, Ozodlik na Rossiya Ichki ishlar vazirligining Migratsiya departamenti va na boshqa davlat idoralari rasmiy saytlarida bu qarorni tasdiqlovchi biror hujjatni hozircha aniqlay oldi.

Legallashish haqida ikki prezident fevralda kelishgan edi

Bu haqda shu yilning 27 fevralida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan bo‘lgan uchrashuv chog‘ida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bildirgan edi:

- Biz u yoki bu sabablarga ko‘ra Rossiyaga kirish taqiqlangan grajdanlar masalasini muhokama qilib oldik. Umuman olganda, masala echimi topildi – Tojikiston prezidenti bilan kelishganimiz asosida ish olib boramiz, deb va’da bergan edi Vladimir Putin.

Rossiya bosh vaziri muovini Igor Shuvalov amnistiya migratsiya qonunchiligini atayin buzmagan va jiddiy ma’muriy qonunbuzarliklar sodir etmagan tojikistonliklarga taalluqli bo‘lishini qo‘shimcha qilgandi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiy hisob-kitobiga ko‘ra, bugunda birgina Tojikistonda 300 ming mehnat muhojiriga Rossiyaga kirish taqiqlangan.

Amnistiyaga 3 toifa vakillari kiritildi

Legallashish tartibi va uning o‘ziga xos tomonlari borasida Ozodlik radiosi savollariga “Rossiya migrantlar federatsiyasi” jamoatchilik tashkiloti prezidenti Vadim Kojenov javob berdi. Suhbatdosh u boshqarayotgan tashkilot mehnat muhojirlari uchun amnistiya joriy qilinishi uchun uzoq muddat kurashib kelganini so‘zlab berdi.

- Amnistiyaga tojikistonlik grajdanlarning 3 toifasi kiritildi. Birinchi toifaga 114-FZ "O poryadke viezda iz RF i v’ezda v RF" qonunining 26- modda 4- bandida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha, ya’ni so‘nggi uch yil ichida ikki va undan ortiq marta ma’muriy javobgarlikka tortilgani uchun Rossiyaga kirishga taqiqlangan grajdanlar.

Ikkinchi toifa - shu qonunning 26- modda, 8- bandida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha, ya’ni oxirgi marta Rossiyada bo‘lgan paytida vaqtincha yurish muddati (registratsiya) tugaganidan keyin 30 kun ichida Rossiyani tark etmagani uchun Rossiyaga kirishga taqiq qo‘yilgan Tojikiston vatandoshlariga (“Narusheniya rejima prebivaniya” tartibi). Bu toifaga kiruvchilarga kirish taqiqi bekor qilinadi va ular nomlari “qora ro‘yxat”dan o‘chirib tashlanadi, dedi Vadim Kojenov.

Migratsiya amnistiyasiga tushganlar qatoriga Rossiyaga bir vaqtlar kelib na migratsiya qaydi, na registratsiya, na patent olgan, mamlakat ichkarisida noqonuniy yurgan tojikistonlik muhojirlar ham kiritilgani aytildi.

Kimlar amnistiyaga tushmadi?

Migrantlar federatsiyasi rahbari amnistiyaga kiritilmagan tojikistonlik migrantlar toifasi haqida ham ma’lumot berdi.

- Umumiy avf aynan sud qarori bilan mamlakatdan badarg‘a qilinganlarga tegishli emasdir. Masalan, agarda unga chegarada yoki migratsiya masalalari bo‘yicha xodimlar qarori bilan kirish taqiqlangan bo‘lsa, taqiq olib tashlanadi. Agarda sud qarori bilan chiqarib yuborilgan bo‘lsa – afsus, taqiq o‘z kuchida qoladi, dedi Vadim Kojenov.

Sud orqali Rossiyadan chiqarib yuborilgan (“vidvorenie”) qilingan, deportatsiya (majburan chiqarib yuborilgan) yoki readmissiya qilingan, undan tashqari hozirgi kunda SUVSIGda saqlanayotgan fuqarolarga ham amnistiya joriy qilinmasligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, Rossiya Adliya vazirligi, Rospotrebnadzor, IIV, FSB va boshqa davlat idoralari tomonidan Rossiyada yurishlari “maqsadga muvofiq emas” deb topilgan (“nejelatelnost prebivaniya”) shaxslar ham amnistiyaga tushirilmadi.

Вадим Коженов билан тўлиқ суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:57 0:00
Бевосита линк

Legallashish uchun qaerga murojaat qilish lozim?

Legallashishni istaganlar esa politsiya bo‘limida bunday shaxslar daktiloskopiya qilinadi, fotosuratga olinadi, jinoyatlar bazasidan tekshiriladi va rasmiylashtiriladi.

Legallashish uchun migratsiya idorasiga topshiriladigan ariza nusxasi
Legallashish uchun migratsiya idorasiga topshiriladigan ariza nusxasi

Qo‘liga tegishli shakldagi arizani olgan muhojir istagan Migratsiya idorasi bo‘limiga borib, pasportiga shtamp qo‘ydiradi va yangi migratsiya kartasini oladi.

Bu tartibda legallashgan tojikistonlik muhojir keyingi 15 kun ichida qaydga turishi, keyingi 30 kun ichida ishga ruxsatnoma olishi yoki 3 oydan keyin Rossiyani tark etishi lozimligi aytildi.

Rossiya tashqarisida yurgan va yuqorida zikr etilgan uch toifaga kiruvchi muhojirlar ham Rossiyaga qaytib kela olishi, biroz bu ko‘proq vaqt olishini aytdi Vadim Kojenov. “Rossiya migrantlar federatsiyasi” prezidenti migratsiya avfi yaqin kelajakda O‘zbekiston vatandoshlariga ham joriy qilinishi mumkinligini inkor etmadi.

“Ammo hozircha bu haqda biror gap-so‘z yo‘q”, deya qo‘shimcha qildi u.

Tojikistonlik muhojirlar amnistiyadan mamnun

Umumiy migratsiya avfining bu ko‘rinishi allaqachon Moldova grajdanlari uchun qo‘llangan va sinovdan o‘tgan. Mutaxassislar hisob-kitobicha, migratsiya amnistiyasi birgina Moskvaning o‘zida nolegal yurgan 70 mingdan ziyod tojikistonlik migrantni o‘z ichiga qamrab oladi.

Moskvada faoliyat yuritayotgan “MIGRANT - Musofir yordamchisi” rasmiy sayti bu masalaga oid maxsus video e’lon qildi.

Tuzilmaning Feysbuk va Odnoklassniki sahifasida bu masalada qo‘shimcha savollarga bepul yuristlar yordamida javob topish mumkinligi bildirildi. Biroq, tashkilotga qilingan so‘rovga Ozodlik hozircha javob ololmadi.

Rossiyaning Tyumen viloyatida mehnat qilayotgan tojikistonlik Anvarjon amnistiya ko‘plab tojik muhojirlari tomonidan ijobiy qabul qilingani so‘zlab berdi.

Uning fikricha, Rossiyada migratsiya tartiblarining murakkablashtirilishi oqibatida oxirgi yillarda nolegal holatga o‘tib ketgan muhojirlar ko‘payib qolgan va amnistiya ular uchun legallashishning yagona usulidir.

- Tyumenda yig‘ilish bo‘ldi. Men tasodifan u yerga tushib qoldim. Tojikiston grajdanlari, dispora vakillari yig‘ildi. Diaspora boshlig‘i chiqib, “Migratsiya idorasidan odam telefon qildi – taniganlarga aytib qo‘y”, deb amnistiya berilganini tasdiqladi. Bu yerga necha yil oldin kelgan, bir marotaba propiskaga turib hozirgacha ishlab, yashab yurganlar ko‘p. Ba’zilarda pasportlari muhlati o‘tgan yoki dokument qilishga puli yo‘qlar “Chegaraga borsam kirishga zapret qo‘yadi!”, deb qo‘rqib, chiqmay yurganlar bor, dedi tojikistonlik Anvarjon.

Tojikistonlik muhojirlar migratsiya amnistiyasi e’lon qilingani borasida Rossiyadagi ko‘plab davlat ommaviy axborot vositalarida lom-mim deyilmayotganiga e’tibor qaratmoqda.

Migratsiya ekspertlari shu tariqa rus hukumati migrantlar oqimiga qarshi chiqayotgan rus jamoatchiligi e’tiborini o‘ziga jalb qilmayotgani va legallashishni rasmiylashtirayotgan migratsiya idoralarida shov-shuv ko‘tarmaslik uchun qilayotganini ta’kidlamoqda.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish Umumrossiya markazi (VTsIOM) o‘tkazgan sotsiologik so‘rov natijalariga ko‘ra, 71 foiz rossiyalik grajdanlik berish tartibini yengillashtirishga qarshi chiqqan. Jumladan, so‘rovda ishtirok etgan respondentlardan 36 foizi migratsiya tartiblari yanada qattiqlashishini yoqlagan.

XS
SM
MD
LG