Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:56

Aripov va Medvedev O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini yangi darajaga ko‘tarish taraddudini boshladi


O‘zbekiston Bosh vaziri rossiyalik hamkasbi bilan. Moskva¸ 28 mart¸ 2017 yil.
O‘zbekiston Bosh vaziri rossiyalik hamkasbi bilan. Moskva¸ 28 mart¸ 2017 yil.

28 mart kuni ikki davlat prezidentlarining kelasi oyga belgilangan uchrashuviga hozirlikni muhokama qilgan Rossiya va O‘zbekiston Bosh vazirlari¸ Mirziyoevning Moskva safari davomida ikki davlat hamkorligini mohiyatan yangi sifatga ko‘taruvchi katta hujjatlar to‘plami imzolanishini bildirdi.

- Bugungi nisbatan qisqa¸ ammo muhim amaliy uchrashuvimiz¸ O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga qiladigan davlat tashrifiga hozirlik bilan bog‘liq joriy masalalar muhokamasiga bag‘ishlandi. Bu safar davomida turli yo‘nalishlardagi hamkorlikka oid juda katta hujjatlar to‘plamining imzolanishi kutilmoqda¸ dedi O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan uchrashuvdan so‘ng Dmitriy Medvedev.

Moskva hukumati rahbari ta’kidicha¸ Shavkat Mirziyoev safari davomida imzolaniladigan o‘zaro kelishuvlar Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yangi sifat darajasiga ko‘tarishga qaratilgan.

Medvedev o‘zbekistonlik hamkasbidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Shavkat Mirziyoevga eng iliq salomlarini yetkazishni so‘radi.

O‘z navbatida¸ Abdulla Aripov ham o‘z hamkasbiga Shavkat Mirziyoevning Rossiyaga prezident sifatida qiladigan ilk tashrifi bilan bog‘liq hozirlik ishlari uchun minnatdorchilik bildirdi.

13 yil davomida O‘zbekiston Bosh vaziri lavozimida Rossiyaga ko‘p marotaba safar qilgan Shavkat Mirziyoevning 4 aprel kuni prezident sifatidagi ilk davlat tashrifi bilan Moskvaga kelishi kutilmoqda.

Toshkent va Moskva rasmiylari prezident Mirziyoevning Moskva safari oldidan Rossiyada vaqtincha ishlash uchun ishchilarni uyushtirilgan tarzda jo‘natish shartnomasini ishlab chiqmoqda.

O‘zbekiston va Rossiya Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 15 fevral kuni Toshkentda o‘tgan yig‘ilishida “Rossiya Ichki ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Mehnat vazirligiga Rossiya Federatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Rossiyaga vaqtincha ishlash uchun mehnat muhojirlarini uyushtirilgan tarzada jo‘natish shartnomasi” yuzasidan kelishuvga erishish ko‘rsatmasi berildi.

Mazkur shartnoma ikki davlat tegishli organlariga mehnat migratsiyasini muvofiqlashtirish va nazorat qilish vakolatini berishi nazarda tutilmoqda.

Komissiya yig‘ilishida shartnoma prezident Shavkat Mirziyoevning Moskvaga qiladigan davlat tashrifi doirasida prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvi chog‘ida imzolanishi rejalashtirilayotgani aytildi.

Shartnomaga oid boshqa tafsilotlar, jumladan, Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini huquqiy himoyalash masalasiga oid tafsilotlar hozircha oshkor qilinmadi.

Ayni paytda, O‘zbekiston va Rossiya Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishida o‘nga yaqin shartnoma va protokol imzolandi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov va Rossiya hukumati raisi o‘rinbosari Dmitriy Kozak hamraisligida o‘tgan uchrashuvda fitosanitar talablarga rioya qilish, quruq yo‘l bilan sement ishlab chiqarish texnologik liniyasi qurilishi, Rossiya hamda O‘zbekiston tibbiy tadqiqot institutlari o‘rtasidagi hamkorlik shartnomasiga qo‘l qo‘yildi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2016 yilning noyabridan boshlab O‘zbekiston-Rossiya aloqalari 2015 yilning noyabr-dekabr oylariga nisbatan jadallik bilan rivojlangan, O‘zbekistondan Rossiyaga import 23,7 foizga ko‘payib, 675 million dollarni tashqil qilgan, Rossiya eksporti esa 13 foizga ozaygan.

XS
SM
MD
LG