Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 12:39

"Yangi tug‘ilgan chaqaloqni Rossiyadan qanday olib chiqaman?"


O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari Rossiyada yangi tug‘ilgan farzandlarini faqat sertifikat orqali o‘z yurtlariga olib chiqib ketishlari mumkin. Sertifikatlar esa Moskva yoki Novosibirskdagi O‘zbekiston konsulligida rasmiylashtirilishi aniqlandi.

Rossiyaning Yekaterinburg shahridan Ozodlikka murojaat qilgan farg‘onalik Mo‘minjon Qambarov shu yerda to‘ng‘ich farzandi tug‘ilishini kutayotganini xabar qildi.

U hali tug‘ilmagan farzandini Rossiyadan olib chiqib ketish jiddiy muammolarni tug‘dirishi mumkinligi to‘g‘risida eshitgani va shu savolga javob topish maqsadida murojaat qilayotganini bildirdi.

- Men Qambarov Mo‘minjon, Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanidanman. Muammom shuki, Rossiyaning Yekaterinburg shahridaman. Uylanib kelganman, farzandim hozircha yo‘q. Xotinim homilador. Men uni shu yerda tug‘dirmoqchiman – bir-ikkitasi har xil gap aytib qoldi. Men roddomdan olgan spravka bilan bolani olib chiqib keta olamanmikan? Odamlar aytyapti “Moskvaga elchixonaga borasan. U yerda senga spravka berishadi, keyin borasan. O‘zingcha olib keta olmaysan bolani – yo‘lda qo‘yib yuborishmaydi”, deyapti. Shunga sizlarga murojaat qildim, dedi Mo‘minjon.

Farg‘onalik suhbatdosh bir necha yildan buyon qurilishda ishlagani, hozirda shahar do‘konlaridan birida ukasi bilan hammollik qilishini aytdi.

Mo‘minjon Rossiyaga oilasi bilan kelib, shu yerda farzandi tug‘ilayotgan o‘zbek muhojirlari juda ko‘p bo‘lishi mumkinligini taxmin qilib, “ular ham shu muammoga duch kelayotgan bo‘lsa kerak”, dedi.

Ozodlik bu savolga javobni O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasidan oldi.

O‘zini tanishtirmagan vakillik xodimasi haqiqatan o‘zbekistonliklar yangi tug‘ilgan chaqaloqni Rossiyadan olib chiqib ketish uchun farzandlariga “qaytish sertifikati”ni rasmiylashtirishlari lozimligini tasdiqlab berdi.

- Ha, sertifikat olinishi kerak. Masalan, siz va ayolingiz pasporti, bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnomasi yoki metrikasi, ZAGS qog‘ozinglar va bolaning ikkita rasmi kerak bo‘ladi. Konsulxonaga kelib, barcha hujjatlar originali ko‘rsatiladi, nusxalari bizda qoladi. O‘sha zahotiyoq bolaga sertifikat yozib beriladi. Chaqaloq onasi bilan ketadigan bo‘lsa – otasining notarial tasdiqlangan roziligi kerak bo‘ladi. Agarda ZAGS qog‘ozi bo‘lmasa, metrika olinayotganda “matь-odinochka” – “yolg‘iz ona”, deb yoziladi hujjatga. Har bir bolaga amaldagi boj to‘lovi 5 dollar turadi, dedi O‘zbekistonning Rossiyadagi elchiligi vakilasi.

Xodimaning aytishicha, ona va bola O‘zbekistonga borganidan keyin u yerda bolaga pasport – “kinder-pasport” rasmiylashtiriladi. Shuningdek, chaqaloqqa “qaytish sertifikati” berilishi uchun ota-onasida bolaning “tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnomasi” bo‘lishi shartligi aytildi.

Yangi tug‘ilgan go‘dakni Rossiyadan olib chiqib ketish uchun zaruriy hujjatlar ham Moskvadagi markaziy Konsullik idorasida, ham elchilikning Novosibirskdagi vakolatxonasida ham rasmiylashtirilishi mumkinligi aytildi.

Rossiyada mehnat qilayotgan ko‘plab o‘zbekistonlik muhojirlar imkon qadar oila a’zolarini ham o‘zi yashab mehnat qilayotgan joyga olib kelishga harakat qilishi hech kim uchun sir bo‘lmasdan qoldi.

Rossiyada rasman qaydda turib, ishlayotgan 10 milliondan ziyod migrantlardan eng ko‘pini O‘zbekiston vatandoshlari tashkil etishi to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan. Rossiya Ichki ishlar vazirligining 2017 yilning 1 fevraliga keltirgan ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 1 mln 514 ming o‘zbek muhojiri rasman qayga olingan.

Mutaxassislar Rossiyada nolegal holatda yurgan o‘zbek migrantlari soni salkam 1 million kishini tashkil etadi.

Biroq, Rossiyada ota-onasi oldida yashayotgan o‘zbekistonlik voyaga yetmaganlar soni borasida hozirgacha biror aniq ma’lumot keltirilganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG