Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 11:08

Ichki ishlar vazirligi o‘z xodimlari haqqini o‘zi buzayapti


Huquq tizimlari orasida o‘zbekistonliklar noroziligiga eng ko‘p nishon bo‘layotgan organ - Ichki ishlar vazirligidir.
Huquq tizimlari orasida o‘zbekistonliklar noroziligiga eng ko‘p nishon bo‘layotgan organ - Ichki ishlar vazirligidir.

Aksar o‘zbekistonliklarning birlamchi shikoyat manbai bo‘lib qolayotgan Ichki ishlar vazirligining o‘z xodimlari ham o‘z vazirligini qonunga amal qilmaslikda ayblamoqda.

“Militsioner 40 soatlik ish haftasini tushida ko‘radi”

Shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab Ozodlikka murojaat qilgan bir guruh militsioner¸ Ichki ishlar vazirligi xodimlari 25 yil kun kutgan “O‘zbekiston Respublikasining Ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi Qonuni” 2017 yil 16 martdan kuchga kirgani¸ ammo amalda hech narsa o‘zgarmaganini aytmoqda.

Ushbu qonunning 30-moddasida “ichki ishlar organlari xodimlari ish vaqtining davomiyligi haftasiga 40 soatdan oshishi mumkin emas” deb belgilangan bo‘lsa-da¸ bu moddaning hali-beri kuchga kirishiga ishonmaymiz. Chunki biz ichki ishlar xodimlari ertalab ishga soat 08:30 da kelsak¸ har kuni shanba va yakshanba kunlari ham soat 22:00 gacha ishda bo‘lamiz, hisoblab ko‘rsak, o‘rtacha kuniga 12 soat xizmatda bo‘lsak, demak haftasiga 84 soat bo‘ladi. Biz haftasiga 40 soatlik ishni tushimizda ko‘rsak kerak”¸ deyiladi militsiya xodimlari Ozodlikka yo‘llagan shikoyatda.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi sobiq amaldorlaridan biri¸ militsiya xodimlari ish vaqtining belgilanmagani yillardan beri hukm surib kelgan haqsizlik ekanini aytadi.

Biz yillar bo‘yi militsiya to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi¸ bizning haqlarimiz ham qonunda kafolatlanishini kutdik. Avvallari faqat ichki buyruq asosida ishlab kelganmiz¸ nimaga haqli¸ nimaga haqsizligimizni ham bilmaganmiz. Haftasiga 7 kunlab¸ yotib qolib ishlardik¸ ammo bunga bir tiyin qo‘shimcha pul berilmasdi. Bu haqda gapirib ham bo‘lmasdi. Chunki¸ kovlasa¸ hammadan bir ishkal chiqadi. Qonun¸ nihoyat¸ qabul qilindi¸ ammo vazirlikda hukm surib kelgan sistema endi bu qonunni ijro qilishdan manfaatdor emas”¸ deydi Ichki ishlar vazirligi boshqaruv tizimida ishlagan sobiq xodim.

“Qo‘shimcha oylik qaniyu¸ bepul ovqat qani?”

2016 yil 16 sentabrda muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev qo‘l qo‘ygan “O‘zbekiston Respublikasining Ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi Qonuni”ning 30-moddasida “zarur bo‘lgan hollarda, ichki ishlar organlari xodimlari xizmatni o‘tashga kuchaytirilgan yoki sutkalik rejimda jalb qilinishi mumkin. Kuchaytirilgan rejim ichki ishlar organlari xodimlari uchun kuniga ish vaqtidan tashqari davomiyligi to‘rt soatdan oshmaydigan ish belgilanishini nazarda tutadi”¸ deb yozib qo‘yilgan.

Ozodlikka bog‘langan militsiya xodimlari¸ qonun bu bandining ham amalda mutlaq ijro etilmayotganini aytadi.

“Mana “Navro‘z” bayramida Ichki ishlar Vazirining kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tish to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan kazarmada yotdik. Lekin ushbu moddaning “oziq-ovqat payogini kompensatsiya qilish o‘rniga xizmatni o‘tash joyida uch mahal bepul ovqatlanish belgilangan¸ lekin bepul ovqat yoki oylik maoshga qo‘shimcha pul mablag‘i to‘lash hali amalga oshmagan.

Mart oyining oylik maoshlarini oldik¸ushbu "qonun" bo‘yicha ishlagan ish xaqqimiz yuqori bo‘lishi kerak edi¸ bunday bo‘lmadi¸ sababi hali bu qonun faoliyat olib borgani yuk. Kim bizni himoya qiladi? Qani o‘sha qonun? Agar shu qonun haqiqiy kuchga kirganda ish vaqtimiz belgilangan bo‘lardi. Soat 22:00 da yig‘ilish bo‘lmas edi. Rahbarlar o‘zlaricha xodimlarni kazarmada olib qolmas edi”¸ deydi Ozodlikka bog‘langan Ichki ishlar vazirligining bir guruh xizmatchisi.

O‘tmishda ichki ishlar tizimida ishlagan toshkentlik huquq faoli Sur’at Ikromov¸ O‘zbekistondagi huquqni himoya qilishga vakolatli tizimlardan biri – Ichki ishlar vazirligi xodimlarining o‘z haqlari ham himoyalanmaganini e’tirof etadi:

- Militsiyadagilar bilan tez-tez gaplashib turaman. Rostdan ham 7 kunlab¸ kerak bo‘lsa¸ kazarma holatida yotib ishlashadi. Ishlamayman¸ deyolmaydi¸ chunki boshqa ish topolmaydi¸ har na O‘zbekistondagi katta oylik shularda. Ko‘pchiligi nihoyatda charchagan¸ eson-omon pensiyaga chiqib olishni kutib yuripti¸ deydi huquq faoli.

“Vazirlikni sud berish kerak!”

Bu gapni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining sobiq amaldori aytadi.

“Ozodlikka chiqqan yigitlarning qo‘rquvini tushunaman. Boshliqlarga shikoyat qilolmaydi¸ yoqmasa ket¸ deydi¸ profsoyuz himoya qilmaydi. Lekin vazirlik o‘z faoliyatiga oid qonunga amal qilmayotgani ustidan bular sudga murojaat qilishi kerak. Ovoz chiqarmay¸ qo‘rqib-pisib o‘tirsa¸ hech narsa o‘zgarmaydi. Tepadagilar qo‘rquv va bosim bilan ishlatishga o‘rganib qolgan¸ keyin ortiqcha mablag‘ so‘rab hukumatga chiqish ham vazirlik rahbarlariga yoqmaydi. Bir-ikkita qonunni buzganlarni sudga berishsin¸ boshqalari qonun bilan hisoblashadigan bo‘lib qoladi”¸ deydi Ozodlikning bu suhbatdoshi.

Sondan sifatga o‘tish kerak

Huquq faoli Sur’at Ikromov¸ Ichki ishlar vazirligi xodimlarining haqlarini kafolatlash¸ xususan¸ ularga ortiqcha ishlangan soatlar uchun belgilangan qo‘shimcha haq to‘lashni yo‘lga qo‘yish uchun ular sonini qisqartirib¸ sifatini yaxshilashga o‘tishni tavsiya qiladi:

- Militsiya xodimlari soni haddan ziyod ko‘payib ketgan. Ko‘pchiligi aniq qilar ishiniyam bilmaydi¸ shuning uchun duch kelganga yopishadi. Bularning sonini qisqartirib¸ shu mablag‘ni ularning malakasini oshirishga¸ qo‘shimcha haq to‘lashga o‘tish kerak¸ deydi bu taklifni yillardan beri ta’kidlab kelayotgan huquq himoyachisi.

Ammo vazirlikning sobiq amaldori¸ bu tavsiyani O‘zbekistonning hozirgi sharoitida amalga oshirishni imkonsiz¸ deb baholadi.

"Ichki ishlar xodimlari sonini qisqartirish¸ hozirgi qaltis vaziyatda¸ mumkin emas. Hali hokimiyat uchun ichki kurash tugagani yo‘q¸ prezident asosan shularga tayanmoqda. Tan olasizmi-yo‘qmi¸ mamlakatdagi tinchlik va tartibni shu ko‘p sonli militsionerlar ta’minlab turipti. Bir kun shular ko‘chaga chiqmasa¸ ko‘rasiz nima bo‘lishini. Qisqartirish haqida gapirgandan ko‘ra¸ bor resurslarni rejali taqsimlash¸ ularning qonuniy haqqini ta’minlashga o‘tish kerak. Smena bilan ishlasa¸ militsioner ham normalniy dam olsa¸ ularning ish sifati ham oshadi¸ qilayotgan xatolari ham kamayadi. Ular ham odam axir¸ deydi sobiq militsiya amaldori.

Vazirlik faqat yozma tarzda gaplashadi

Ozodlik O‘zbekiston ichki ishlar tizimi xodimlaridan kelgan shikoyatga munosabat bildirishni so‘rab¸ Ichki ishlar vazirligi rasmiylariga murojaat qildi.

Vazirlik matbuot xizmati telefonini kun davomida hech kim ko‘tarmadi¸ vazir o‘rinbosarlari qabulxonasi va kotibiyat rasmiysi¸ bu shikoyat mazmunini eshitib¸ savollarni “qonunda belgilangan tartibda” yozma shaklda yo‘llashni tavsiya qildi va shundan qilinganda¸ ularga “qonunda belgilangan tartibda javob qaytarilishini” bildirdi.

XS
SM
MD
LG