Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 11:03

Gazchilar bo‘yniga katta qarz ilgan to‘raqo‘rg‘onlik o‘ziga o‘t qo‘ydi


Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida yashaydigan 47 yashar A.A. (Ozodlikka jabrlanuvchining ismi-sharifi ma’lum -tahr.) 30 mart kuni ertalab ustiga benzin sepib, o‘ziga o‘t qo‘ydi. Bu xabarni tasdiqlagan tuman hokimligi mulozimiga ko‘ra, qariyb 100 foizlik kuyish jarohati bilan kasalxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan bu odam kechga borib jon taslim qilgan. A.A. mahalladoshlarining aytishlaricha, gaz ta’minoti idorasi bo‘yniga katta miqdorda qarz ilib qo‘ygani uchun A.A. voqeadan oldin bir necha kun gazchilar bilan janjallashib yurgan.

To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘inining Yettikon ko‘chasida yashovchi 47 yashar A.A.ning 30 mart kuni o‘z joniga qasd qilganini qo‘shnilardan biri Ozodlikka xabar qildi.

“Bugun ertalab ishga ketayotganimda shu xabarni eshitdim. A.ni yaxshi taniganim uchun yugurib bordim. Borsam qo‘ni-qo‘shnilar, mahalla faollari yig‘ilgan. A.ni do‘xtirga olib ketishibdi. O‘sha yerda turgan mahalla faollaridan birining aytishicha, A. ertalab molxonaga kirib o‘zining ustiga benzin quyib, yoqib yuboribdi. Voy-dodni eshitgan xotini yugurib borsa, eri guvillab yonayotgan ekan. O‘chiraman deb u ham ancha joyini kuydirib olibdi. O‘g‘illari va qo‘shnilar chiqib o‘tni birga o‘chirishibdi”, dedi yangiobodlik suhbatdosh.

Aytilishicha, mardikorlik qilib oila tebratib kelgan A.ning to‘rt o‘g‘li va bir qizi bor.

To‘raqo‘rg‘on tuman markaziy kasalxonasining ismi sir qolishini so‘ragan shifokorlaridan biri, jabrlanuvchining og‘ir kuyish jarohati bilan jonlantirish bo‘limiga yotqizilganini aytdi.

To‘raqo‘rg‘ondagi markaziy kasalxonaning reanimatsiya bo‘limi
To‘raqo‘rg‘ondagi markaziy kasalxonaning reanimatsiya bo‘limi

“Ahvoli juda ham og‘ir, tanasining 95-96 foizi, nafas olish yo‘llari kuygan. Viloyatdan sanaviatsiya keldi. Transportirovka qilish ma’qul emas, degan xulosaga kelindi. Hozir og‘riqni qoldiruvchi ukollar qilganmiz. Hushida yo‘q, shuning uchun aniq bir narsa aytolmayman”, dedi shifokor.

Uning aytishicha, A. ning xotini ham kuyish jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgan.

“Erini qutqaraman deb, ayolning ham panja va bilaklari kuygan. Lekin hayot uchun xavfli kuyish emas. Unga ham tibbiy yordam ko‘rsatayapmiz”, dedi shifokor.

Lekin kechga borib, Ozodlik jabrlanuvchining vafot etganligi haqida xabar oldi.

A.A.ning o‘ziga o‘t qo‘ygani yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining “O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish” moddasi bilan jinoyat ishi ochilib, bu ishni To‘raqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tergov qilmoqda.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mahalliy mulozimlaridan biri A.A. ning o‘ziga o‘t qo‘yishiga sabab sifatida bir necha versiya ko‘rib chiqilayotganini aytdi.

“Prokuraturadan olgan ma’lumotimga ko‘ra, A.ning o‘z joniga qasd qilishiga gazchilar bilan bo‘lgan janjali sabab bo‘lishi mumkinligi versiyalardan biri sifatida o‘rganilayapti. Chunki, gazchilar uni yaqin 2 million so‘m qarzdor qilib qo‘ygan ekan, keyin uyidan gaz so‘radigan nasos topib olib, prokuraturaga yozib berishgan ekan. Gazchilar bilan ancha janjallashib, tortishib yurgan ekan. Bu gaplarni prokuraturaga uning xotini aytgan”, dedi hokimlik mulozimi.

O‘zbekistonliklarning haqsizlik va adolatsizlikka isyon sifatida o‘ziga o‘t qo‘yish holatlari uchrab turadi.

Joriy yilning 20 fevral kuni Xorazm viloyatining Xiva tumanida yashaydigan Xursand Bobojonov tuman ikki ishlar bo‘limi binosi oldida o‘ziga namoyishkorona o‘t qo‘ygan edi. Bu faktni Ozodlikka tasdiqlagan ichki ishlar mulozimiga ko‘ra, haydovchi shu tariqa yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining avtomobilini noqonuniy olib qo‘yilishiga qarshi o‘z noroziligini bildirgan.

O‘tgan yilning 22 iyul oqshomida ikkinchi guruh nogironi Sherboy Rayimov Surxondaryo viloyati Sherobod tumani Milliy xavfsizlik binosi o‘ngida o‘ziga o‘t qo‘yib, halok bo‘lgan edi.

2014 yilning 16 dekabr kuni Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanining Rabot qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 27 yoshli ayol molxonada ustiga benzin quyib o‘ziga o‘t qo‘ygan va halok bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG