O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkmaniston va Qozog‘istonga qilgan rasmiy safarlari davomida olingan surat va videolarda unga kenja kuyovning hamrohlik qilgani ko‘rildi.
Xususan¸ Turkmanistonning davlatga qarashli “Oltin asr” telekanali 7 mart kuni namoyish qilgan videolavhada prezident Mirziyoevning orqasida uning kuyovi Otabek Shaxanov o‘tirgani aks etdi.
22-23 mart kunlari Shavkat Mirziyoevning Qozog‘istonga qilgan safari davomida kuyov Otabek Shaxanovning bo‘yniga tansoqchilar beyjigini osgan tarzda unga hamrohlik qilgani Qozog‘istonning akorda.kz portali yoyinlagan fototurkumlarda aks etdi.
Qozog‘istonlik jurnalist Erjon Qoraboev bu suratlarda Otabek Shaxanovning Qozog‘iston prezidenti tansoqchisi bilan yonma-yon turganiga e’tibor qaratib¸ birinchi shaxs ortida protokolga ko‘ra¸ birinchi darajali tansoqchilar turishini ta’kidladi.
Centre1.com nashri Otabek Shaxanovning ismi O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi ro‘yxatida bo‘lganini yozdi. (Bu ro‘yxat Ozodlik ixtiërida yo‘q.)
O‘zbekiston hukumatining yanvar oyida mahalliy telenakallar namoyish etgan videolavhasida ham Oybek Shaxanovga juda o‘xshash shaxsning zaldagi rasmiylar orasida o‘tirgani ko‘rilgan edi.
O‘zbekiston yuqori hukumat doiralariga yaqin tadbirkor ismi ochiqlanmasligi sharti bilan Ozodlikka Otabek Shaxanov prezidentning ilk xorij safarlarida qaynotasiga tansoqchisi sifatida qatnashganini bildirdi. Unga ko‘ra¸ Otabek Shaxanov 2017 yilning yanvar oyida prezident shaxsiy qo‘riqchilari guruhiga ishga olingan. Mirziyoev o‘z kuyovini xavfsizlik tizimlariga ishga olganini Eltuz.com nashri 8 yanvar kuni yozib chiqqan edi. Nashr iddaosiga ko‘ra¸ Otabek Shaxanov yanvarь boshida prezident xavfsizlik xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.
Bu iddaoni Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston prezidenti devoniga yaqin mulozim ham tasdiqladi.
Ayni paytda Otabek Shaxanovning prezident xavfsizligi uchun mas’ul lavozimga tayinlangani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.
Ozodlik radiosi muharriri Noa Takerning bu borada prezident virtual qabulxonasiga yo‘llagan yozma so‘roviga O‘zbekiston Tashqi Ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Qaipberganov 17 mart kuni “xatingizda ko‘rsatilgan ma’lumotlar to‘liq emas” degan asosda javob bermadi.
Ko‘rinmas kuyov
Kenja kuyov Otabek Shaxanovning majlis va rasmiy tashriflarda prezident Mirziyoev orqasida yurgani foto va telekameralar nazaridan qochib qutulmayotgan ayni paytda¸ katta kuyov Oybek Tursunov borasida ma’lumot juda kam. Otabek Tursunovning qaynotasi yonida tushgan surati birinchi marta 4 dekabrdagi saylov kunida matbuotda e’lon qilindi.
O‘zbekistondagi boshqaruv doiralariga yaqin tadbirkorning Ozodlikka aytishicha¸ katta kuyov Oybek Tursunov prezident ma’muriyati rahbari Zelimxon Haydarovning o‘rinbosari etib tayinlangan.
“Har ikkala kuyov ham ertalab prezident bilan birga ishga kelib¸ birga qaytadi. Bittasi tansoqchilar rahbarining o‘rinbosari¸ yana biri esa upravdel boshlig‘ining muovini” dedi bu tadbirkor.
Ozodlik suhbatlashgan yana ikkita mulozim aytgan bu ma’lumot ham hozircha rasman jamoatchilikka e’lon qilinmadi.
Ozodlikning bir-biridan mustaqil hukumat doiralariga yaqin manbalariga ko‘ra¸ Oybek Tursunov prezident ma’muriyatining amaldagi asosiy rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Amaldor bojalar haqida nega rasmiy ma’lumot yo‘q?
Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekistondagi mulozim va jurnalistlar Mirziyoev kuyovlarining lavozimga tayinlangani borasida ko‘pchilik bilishi va ma’qullashini aytgan holda¸ bu borada sukut saqlashni ma’qul ko‘rishdi. Shavkat Mirziyoev va prezident ma’muriyati boshlig‘i Zelimxon Haydarov bilan shaxsan yaqinligini aytgan jurnalistga ko‘ra¸ prezident kuyovlarining davlat lavozimida bo‘lishi O‘zbekistonda hech kimda taajjub uyg‘otmagan.
2 sentabr kuni vafot etgan O‘zbekiston marhum prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova Tashqi Ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan edi. Bundan oldingi rahbarlar¸ xususan¸ shu kunlarda 100 yilligi nishonlanayotgan Sharof Rashidov ham o‘z kuyovi Abdulaziz Komilovni Sovet Ittifoqi xavfsizlik tizimi bo‘lgan KGB idorasida ishlashini ta’minlagan edi.
Ushbu mavzuga oid Qurultoy eshittirishini mana bu yerda tinglang:
Oilaviy pudrat yoki ko‘rpa ostidagi "demokratiya"
Shu kunlarda keskin o‘zgarib borayotgan dunyo siyosati realligida o‘z kuyovini rahbar lavozimiga tayinlash faqat O‘zbekiston kabi Shar davlatlarigagina oid «o‘ziga xoslik» bo‘lmay qoldi.
AQSh matbuoti ayni kunlarda 36 yashar kuyovi Jared Kushnerni yuqori lavozimga tayinlagan prezident Trampni tanqid qilmoqda.
Oq uy ma’muriyati va advokatlar Tramp kuyovining federal qonunlarni buzmasdan lavozimga tayinlanganini aytishmoqda.
Kushner bundan avval ko‘chmas mulk va media sohalarida ishlagan. Hozirgi kunda u ham prezidentning yuqori darajali maslahatchisi, ham yangi yaratilgan Amerika innovatsiya markazining yetakchisidir.
Markaz zimmasiga mamlakatdagi ijtimoiy muammolar, jumladan, giyohvandlik muammosini hal qilish yuklatilgan.
Joriy hafta Oq uy prezidentning 35 yashar qizi Ivanka Trapm “prezident yordamchisi” lavozimiga tayinlanishi haqida bildirdi. Trampning bu qizi hozirgacha tadbirkorlik va dizaynerlik bilan shug‘ullanib kelgan.
Sovet merosimi?
Sobiq sovet mamlakatlarida prezidentlarning o‘z bolalari, qudalari va kuyovlarini yuqori davlat lavozimlariga tayinlashi keng tarqalgan hodisaga aylangan.
Xususan¸ Tojikistonda prezident Emomali Rahmonning ettita kuyovi hukumatdagi yuqori iqtisodiy va moliyaviy lavozimlarda ishlaydi. Qozog‘istonda “sobiq kuyov” Rohat Aliev Qozog‘iston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining 1-o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan¸ ayni paytda mamlakatdagi eng serdaromad iqtisodiy yo‘nalishlar etakchisi o‘laroq ishlagan.
Boris Elsinning qizi Tatyana ham Ivanka Tramp kabi otasiga rasmiy maslahatchi lavozimida ishlagan. Tatyananing eri Boris Yumashev esa qaynotasi prezidentligining so‘nggi oylarida prezident ma’muriyati etakchisi lavozimida ishlagan edi.