Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:39

Erkak doyalarga qarshi chiqqan toshkentlik imom matbuotni fitnada aybladi


Toshkentning Yunusobod tumani imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov erkaklarning doyalik qilishiga qarshi ma’ruzasi matbuotda "noto‘g‘ri talqin" etilayotganini aytib, ayrim axborot vositalarini fitnakorlikda aybladi.

7 aprel kungi Juma va’zida Yunusobod imomi o‘z ma’ruzasining "erkaklar ginekologiya bilan umuman shug‘ullanmasin"¸ degan ma’noda talqin etilishini "yanglish", deb baholadi.

- Biz doyalik haqida ma’ruza qilgan edik. Aslida, bu ma’ruzani ko‘pchilik tushunmadi. Qiz bolani doyalikka o‘qitish kerak. Ayollarga ayol kishi doya bo‘lishi kerak, erkak kishi bo‘lishi mumkin emas. Erkak kishini erkak doktor, ayol kishini ayol doktor ko‘rmog‘i - bu mening talabim emas bu, shariatimizning talabi bu, - dedi imom Rahmatulloh Sayfuddinov.

42 yoshli imomning 31 mart kungi juma va’zida erkaklar doyalik qilishi "sharmandalik" va bunga chek qo‘yish kerak, degan chaqirig‘i ijtimoiy tarmoqda va turli saytlarda ziddiyatli fikrlarga sabab bo‘lgandi.

Yunusobod tumani imom-xatibi bu haqda xabar bergan Ozodlik, Bi-Bi-Si va "Amerika ovozi" radiolarini fitnakorlikda aybladi.

- Fitna qilishyapti. "O‘zbek imomi doya erkaklardan voz kechaylik", degan mazmunda fitna kabi savollarni tashlab odamlarni fikrini bilishga… johillarga shu narsani tashlashyapti. Hatto rus tilli qavm orasiga mening ma’ruzamni qo‘yishib, fikrlaring nima deyapti. Bu rus tillilarga tegishli emas bu gap, - dedi imom.

Ma’ruzasiga qarshi izoh qoldirayotganlar esa, imomning ishonishicha, "xorijdagi nomaqbul" shaxslardir.

- Erkaklardan kim qarshi fikr bildirgan bo‘lsa yarmi doya erkaklar, yarmi hizbiy, vahobiy oppozitsiya vatanga kelolmayotgan xorijdagi noma’qul odamlardan bo‘lyapti bu izohlarda. Siyosatimizga qarshi bo‘lganlar horijdan turib tosh otyapti, - deydi Yunusobod imomi Rahmatulloh Sayfutdinov.

Ozodlik Yunusobod imom-xatibining erkaklar doyalik qilmasligi kerakligi haqidagi chaqirig‘i yuzasidan munosabat olish uchun O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasiga bog‘landi.

Qo‘mita rasmiylari bu borada biron izoh berolmasliklarini aytishdi.

Ozodlik O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ham bog‘landi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining Ozodlik bog‘langan xodimi bu haqda faqat matbuot xizmati bayonot berishini aytdi.

Vazirlik Matbuot xizmati boshlig‘i Furqat Sanaev bilan bog‘lanib bo‘lmadi.

O‘zbekistognlik tilshunos Farida Sharif Yunusobod imomining bayonoti yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga qilgan murojaatiga hamon javob olmaganini bildiradi.

- Murojaatimda men, ayni iddaoga munosabat bildirilishini so‘radim. Chunki mening nazarimda, tibbiyot muassasalari uchun kadrlar tayyorlash masalasi davlat organlari tomonidan yechilishi lozim, - deydi tilshunos.

Farida Sharif toshkentlik imomning ma’ruzasi ayollar huquqlariga qarshi ekanini aytdi.

- Umuman, uning ayollarga erkak shifokorlarni yaqinlashtirmaslikni talab qilishga nima haqi bor? Ayollar bizda o‘z sog‘lig‘ini qanday himoya qilishni o‘zlari tanlash huquqiga egadir, - deydi Farida Sharif.

O‘zbekiston Konstitutsiyasida din davlatdan ajratilganlik tamoyili ta’minlanadi.

Konstitutsiyaning 61-moddasida "Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan" deb yozilgan.

O‘zbekistonlik ruhshunos olim va yozuvchi Mahmud Yo‘ldoshev shifokorlarni ayol va erkakka ajratish noto‘g‘ri deydi..

- O‘lim va hayot masalasi turganda jinsiga qarab vrach tanlamaydi. Mening fikrim mullalar mullaligini qilsin, dunyoviy ishlarga aralashmasin. Bizning davlatimiz - dunyoviy davlat. Agar ular dunyoviy ishlarga burnini suqadigan bo‘lsa albatta ularning burnini qonun yo‘li bilan qisqartirishga, ya’ni O‘zbekiston respublikasining asosiy qonuni Konstitutsiya bilan cheklashga to‘g‘ri keladi. O‘sha qonunimizda kasb tanlashda kasb jinsga qarab tanlanadi deyilmagan. Demak, mening, yoki boshqa biron kishining vrach ginekolog bo‘lishiga hech qanday to‘siq yo‘q. Kim xohlamasa falonchiga davolanishga borishni , boshqasiga boraversin. Hech kim falon do‘xtirga borasan deb majburlanmaydi, - deydi Mahmud Yo‘ldosh.

O‘zbekistonda erkaklarning doyalik qilishini man etish chaqiriqlari birinchi marta yangraëtgani yo‘q.

O‘tgan asrning 90-yillari boshida taniqli hofiz, o‘sha paytda O‘zbekiston Oliy Kengashi deputati bo‘lgan Sherali Jo‘raev ham tug‘ruqxonalarda faqat ayollar ishlasin, degan taklifni ilgari surib chiqqan. Bu haqda jurnalist Jahongir Muhammad o‘z xotiralarida keltirib o‘tgandi.

XS
SM
MD
LG