Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:47

Toshkent militsiyasiga bo‘yi 170 santimetrdan past emas yigitlar ishga taklif qilinmoqda


Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi militsiyada ishlashni xohlovchilarga ish taklif qilmoqda. IIBB tarqatgan e’londa aytilishicha, nomzodlar bo‘yi va yoshi belgilangan mezonda bo‘lishi va ular psixologik, jismoniy testlardan o‘tishi shart. Rasmiylarning e’tirof etishicha, ish og‘ir bo‘lganligi sababli xodimlar uzoq ishlay olmayotgani va pensiya yoshiga yetib qolgan xodimlar ko‘pchilikni tashkil etganligi uchun tarkibni yangi va malakali xodimlar bilan to‘ldirishga ehtiyoj paydo bo‘lgan.

"Yangi kadrlarga ehtiyoj bor!"

Ichki ishlarga yangi xodimlarni qabul qilish haqidagi e’lon Toshkent shahri tumanlaridagi har bir pasport bo‘limining e’lon taxtalariga yopishtirilgan.

Bu xabarni tasdiqlagan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi shaxsiy tarkibni yangi kadrlar bilan to‘ldirishga ehtiyoj paydo bo‘lganini Ozodlikka aytdi:

“Shtat bo‘yicha bizda kadrlarga doimiy ehtiyoj bor. Har bitta xodimning belgilangan ishlash muddati bor. Massoviy ish bo‘lganligi sababli xodimlar uzoq ishlolmaydi, pensiya yoshi yaqinroq (militsiya xodimlarining 1 yillik ish staji 1,5 yilga o‘tadi - tahr.), shuning hisobiga kadrlar tez almashadi”, deydi mulozim.

Uning aytishicha, imtihonda nomzodlarga juda qattiq talab qo‘yiladi:

“Hammasi konkurs asosida bo‘ladi. Nomzodning bo‘yi 170 santimetrdan kam bo‘lmasligi, yoshi 30 dan oshmagan bo‘lishi shart. Ular yakka tartibdagi suhbatdan o‘tadi, diktant, psixologik test, jismoniy tarbiyadan imtihonlari bor. So‘ngra, hujjatlari o‘rganiladi va harbiy-tibbiy komissiyadan o‘tiladi. Oxirida esa yakuniy test bo‘ladi, unda ta’lim standartlari asosida imtihon bo‘ladi va eng yuqori ball yiqqan nomzodlar tanlab olinadi”, dedi mulozim.

Mulozim, militsiyaga ishga kirmoqchi bo‘lganlar ko‘pchilik ekanligini va ular orasidan faqat eng sazovorlari tanlab olinishini qo‘shimcha qildi.

“Ish og‘ir bo‘lsa, nega ko‘pchilik militsiyaga ishga kirishga oshiqadi?”

O‘zbekiston ichki ishlar tizimida ishlagan sobiq militsiya xodimining aytishicha, militsiyaning o‘zi mehnat qonunchiligiga amal qilmay, xodimlarni "ezib ishlatsa-da", baribir ko‘pchilik yoshlar militsiyada ishlashni istaydi. Sobiq zobit buning sabablarini shunday izohlaydi:

“Buning asosiy sababi - stabil ish va stabil maosh. Masalan, hozir zobitlar 2,5 - 3 million so‘m, safdorlar bir yarim million so‘mgacha maosh oladi. Boshqa kimda bor bunday oylik? Keyin militsiya xodimlarining bir yil staji bir yarim yilga o‘tadi. 18 yil ishlab pensiyaga chiqib ketaverasiz. Pensiya ham zo‘r. Shuning uchun militsiyada ishlashga layoqati bormi-yo‘qmi, kallasi ishlaydimi yoki yo‘q, hammasi o‘zini militsiyaga uradi”, deydi mulozim.

Uning aytishicha, garchi militsiya qonun himoyachisi bo‘lsa ham, lekin o‘zlarining huquqlarini himoya qila olmaydi:

“Militsiyaning ishi juda og‘ir. Oddiy misol. Mehnat qonunchiligida ish 8 soat qilib belgilangan. Ba’zan zarurat sababli, masalan, kazarma holatlarida sutkalab ishlashadi. Lekin faqat 8 soatga haq beriladi. Qonunchilik bo‘yicha bunday holatlarda 2 baravar haq to‘lanishi kerak. Mana, militsiya haqidagi qonun kuchga kirgan bo‘lsa ham, hamkasblarimning aytishicha, bu sohada hech qanday o‘zgarish bo‘lgani yo‘q", dedi sobiq zobitlardan biri.

Uning aytishicha, militsiya xodimlari tezroq yetarli ish stajini ishlab, pensiya chiqib ketishga harakat qiladi.

“Vazirlik kadrlarni yangilash harakatini boshladi”

“Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanovning aytishicha, bu tadbir militsiyani professional bo‘lmagan kadrlardan tozalash va uning o‘rnini shu kasbga arzirli kadrlar bilan to‘ldirish maqsadida boshlangan:

“O‘qimishli va siyosatni yaxshi tushungan, madaniyatli xodimlarni ishga qabul qilish bu o‘z-o‘zidan ichki ishlar tarkibida raqobat keltirib chiqaradi va ma’muriy-buyruqbozlik ish uslubida qotib qolgan kadrlarni sekin-asta tarkibdan siqib chiqaradi. Bu uch-to‘rt yil davom etadigan protsess. Chunki, ayni paytda xalqning militsiyadan ko‘ngli qolgan va bu tizimni butunlay yangilash lozimligini prezident ham tushunib yetgan”, deydi Abdurahmon Tashanov.

Huquq himoyachisi hozircha militsiya xodimlarini ommaviy ishdan bo‘shatish holatlari kuzatilmayotgani qo‘shimcha qildi.

Shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab Ozodlikka 28 mart kuni murojaat qilgan bir guruh militsioner¸ Ichki ishlar vazirligi xodimlari 25 yil kutgan “O‘zbekiston Respublikasining Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonun ”2017 yil 16 martdan kuchga kirgani¸ ammo amalda hech narsa o‘zgarmaganini aytgan edi.

“Bugungi militsiya xalqning joniga tekkan!”

Toshkent shahrida yashaydigan, lekin doimiy qaydni rasmiylashtirish ilojini qilolmagan 41 yashar Rasuljonning aytishicha, viloyatlardan poytaxtga keladiganlar militsiya xodimlaridan bezillab qolgan:

“Bularning foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq tegadi. Masalan, Qo‘yliq bozoriga tushib, kattaroq so‘mkaga xarid qilsam, darrov meni to‘xtatadi. So‘mkangda nima bor, hujjatingni ko‘rsat, deb garang qiladi. Ayniqsa viloyatdan kelganlarga qiyin. Ko‘pchilik metroga tushmaydi, chunki qishloqdan kelganlarni metro militsiyasi ezadi. Shuning uchun, qimmat bo‘lsa ham taksida yurishadi. Xullas, poytaxtdagi militsiya viloyatdan kelganlarga osilishdan hozir ham qolgani yo‘q”, dedi Rasuljon.

Prezident Shavkat Mirziyoev ham 9 fevral kuni o‘tkazgan selektor yig‘ilishida bugungi o‘zbek militsiyasidan xalq norozi ekanligini ta’kidlab, tanqid qilgan edi:

- O‘tgan yili 4518 nafar xodim, shundan 966 nafar xodim salbiy holatlarga ko‘ra ichki ishlar idoralaridan bo‘shatilgan. Ulardan aksariyati poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab vakolatlari doirasidan chetga chiqish kabi jinoyatlarni sodir etgan. Bunday holatda aholi orasida ichki ishlar xodimi obro‘sini qanday qilib oshirish mumkin? Qonun himoyachilarining o‘zi jinoyat sodir etsa, oddiy odam dardini kimga aytishi kerak? – degan edi Mirziyoev.

XS
SM
MD
LG