Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 03:46

Peterburgdagi universitetda pul to‘lamagan o‘zbek talabalar darsga kiritilmayapti


I. P. Pavlov nomidagi Sankt-Peterburg Birinchi tibbiyot universitetining leksiyalar zali.
I. P. Pavlov nomidagi Sankt-Peterburg Birinchi tibbiyot universitetining leksiyalar zali.

Sankt-Peterburgdagi tibbiyot universitetining o‘zbekistonlik 10 dan ortiq talabasi shu kunda darslarga kiritilmayapti, imtihonlarini topshira olmayapti. Universitet rahbariyati vakilining Ozodlikka aytishicha, kontrakt pulini yaqin kunlar ichida to‘lamaganlar o‘qishdan haydaladi.

Darslardan chetlatilgan talabalardan biri kontrakt pulini to‘lash uchun chet el valyutasini sotib olishiga yordam so‘rab, Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasiga 2016 yilning oktabrida murojaat qilgan.

Murojaatiga 9 kundayoq javob olganiga qaramay, uning masalasi hanuz hal bo‘lgani yo‘q.

Portalgacha borgan 200 ming rubl tashvishi

Surxondaryoning Boysunida tug‘ilib, o‘sgan Sherali Norqulov I. P. Pavlov nomidagi Sankt-Peterburg Birinchi tibbiyot universitetida shartnoma asosida o‘qiydi.

Ozodlikka murojaat qilgan Sheralining aytishicha, u I kursda o‘qish uchun 186 ming rubl to‘lagan. Hozirda Sherali II kursda o‘qiyapti va joriy o‘quv yili uchun 200 ming rubl to‘lashi lozim.

O‘qish puli kechi bilan yanvargacha to‘lab qo‘yilishi lozimligi to‘g‘risida universtitetda qabul qilingan tartib borligini bilgani uchun Sherali o‘quv yili boshidanoq pul almashtirish harakatini boshlagan. Lekin o‘tgan yilning oktabrigacha Surxondaryodagi otasi kerakli summani mahalliy banklarda almashtira olmagan.

Shundan so‘ng u 2016 ning oktyabrida pul almashtirishga yordam berishini so‘rab, o‘sha vaqtdagi Prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasiga murojaat qildi.

Bankning silliq javobi Yoki pul almashtirishga 5 oydan keyin keling

Sheralining aytishicha, xatiga javobni 9 kundayoq oldi. Javob Portaldan emas, Ipotekabankning Surxondaryo viloyat filialidan keldi.

Ipotekabankning talaba Sherali Norqulovga javob xati
Ipotekabankning talaba Sherali Norqulovga javob xati

Xat mazmuniga e’tibor berilsa, go‘yoki hech qanday muammo yo‘qday: Sherali bankka borsa bo‘ldi – pulni beto‘xtov almashtirib oladiganday.

Lekin oradan 5 oydan ko‘proq muddat o‘tdi hamki, Sheralining Surxondaryodagi otasi o‘g‘lining o‘qishiga to‘lanadigan chet el valyutasini Ipotekabankdan ololgani yo‘q.

Bank Ozodlikka nima dedi?

Ozodlik Ipotekabankning Surxondaryo filiali bilan bog‘landi.

Bank xodimi Sherali Norqulovning murojaatini eslab aytgan so‘zlaridan “hech qanday muammo yo‘q ekan”, degan tasavvur qoldi.

“Zayavka berib qo‘yganmiz, VISA kartalari erta-indin kelib qoladi, o‘zi kelsin, muammo yo‘q. Pulni tushirib beramiz”, dedi xodim.

Birozdan so‘ng u bunday dedi: “O‘sha yigit pasporti bilan kelsin, kartani ochib beramiz”.

“Talaba Peterburgdan kela olmaydi, pulni otasi almashtirib olsa bo‘lmaydimi?” degan savolimizga u “invoyslar, shartnomaning bandlari, kartani uchinchi shaxslarga berib bo‘lmasligi” to‘g‘risida gapirdi.

Sheralining hayajoni

Shundan so‘ng Sherali bilan yana bog‘landik va bank xodimidan eshitganlarimizni unga aytdik. Sherali bunday dedi:

- Bankning javob xati kelganidayoq otam bankka borgan. Bank VISA kartaga dollar tashlab berishga rozi bo‘lgan. Lekin bizning navbatimiz 21 martda kelishini aytishgan. E’tibor bering: bu va’da o‘tgan yilning 21 oktyabrida berilgan. 21 mart ham o‘tdi. Bugun 12 aprel. Lekin natija yo‘q.

Ozodlik: Bank xodimining aytishicha, so‘mni to‘lab, kartaga dollar tushirish uchun shaxsan o‘zingiz borishingiz kerak ekan...

- Mening Sankt-Peterburgdan Termizga borishim shartmi?! Shu ishni ota-onam qilsa bo‘lmaydi?! Axir, kerakli hamma hujjatlarni jo‘natganmanku? Pulni faqat men emas, otam to‘laydi. Nima farqi bor? Agar Piterdan O‘zbekistonga uchib borib-uchib kelaverish men uchun muammo bo‘lmaganida, bankdan davlat narxida pul almashtiraman, deb yurarmidim, boylarning bolalariday pulni qora bozorda almashtirib, to‘lab qo‘yaverardim, dedi Sherali to‘lqinlanib.

Uning aytishicha, vatandosh-universitetdoshlaridan kamida 10 kishi shartnoma pulini to‘lay olmagani uchun shu kunda darslarga qatnasha olmay yuribdi.

Universitet vakilining aytganlari

I. P. Pavlov nomidagi Sankt-Peterburg Birinchi tibbiyot universitetining Chet ellik talabalar bilan ishlash bo‘limi xodimining Ozodlikka aytishicha, bu o‘quv yurtida 130 nafar o‘zbekistonlik talaba bor. Ulardan 5 nafari Rossiya Federal byudjeti hisobidan, qolgan 125 talaba kontrakt asosida o‘qiydi.

Universitet xodimi Sheraliga o‘xshab kontrakt pulini to‘lamaganlar darslardan chetlatilganini tasdiqladi. “Pul to‘lashni bundan keyin ham kechiktiraverganlar o‘qishdan haydaladi”, dedi u.

"Xohlasang borib o‘qi, xohlamasang - qo‘y!"mi?

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ismini aytmasligimizni so‘ragan yuqori lavozimli mulozimining Ozodlikka aytishicha, chet elda o‘qiydigan talabalar uchun pul almashtirish masalasida hech qanday imtiyoz nazarda tutilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev 2016 yil, 14 sentabrda imzolagan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonundan ham bu sohada chet elda o‘quvchi talabalarga oid imtiyoz nazarda tutilgan me’yor topmadik.

XS
SM
MD
LG