Линклар

Vatanga hiyonatda ayblangan o‘zbek zobiti ozod etildi


Aleksandr Makeev O‘zbekistonning sobiq Mudofaa vazirligiga fizik olim Qodir G‘ulomov rahbarlik qilgan paytda Qurollanish boshqarmasiga boshliq etib tayinlangan.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligining vatanga xiyonat qilishda ayblanib 15 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan yuqori martabali sobiq amaldori Aleksandr Makeev ozod etilgan. Bu haqda Uzmetronom sayti xabar qildi. Vazirlikning Qurollanish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan polkovnik Makeev 2010 yilda vatanga xiyonat qilishda aydbor, deb topilib 15 yillik qamoqqa hukm etilgan edi.

Uzmetronom nashriga ko‘ra, O‘zbekiston Oliy sudi Makeevga belgilangan jazo muddatini qisqartirgan, lekin unga qo‘yilgan ayblovni olib tashlamagan.

2010 yilning fevralida Aleksandr Makeev hibsga olingan edi.

O‘sha yilning avgustida Makeev qatori Mudofaa vazirligining yuqori martabali mulozimlari, ular orasida ikki general ham bor, vatanga xiyonat qilishda ayblanib, mahkamaga tortilgan edi.

Sud shu generallardan biri va yana ikki zobitni O‘zbekiston jinoyat kodeksining 157-moddasi, vatanga hiyonatda aybli deb topgandi.

Uzmetronom xabariga ko‘ra, birinchi so‘roq paytiyoq Aleksandr Makeevga 2002 yilda u AQShning West Point akademiyasida o‘qigan kezlarida josuslikka yollangani va AQSh razvedkasi foydasiga josuslik qilganlikda ayblanayotgani tushuntirilgan.

Polkovnik O‘zbekistonning maxfiy bo‘lgan harbiy sirlarini amerikalik josuslarga yetkazib turganlikda ayblangan.

Jurnalist Sergey Yejkov yaqin manbaalariga asoslanib, Makeev so‘roq payti qiynoqqa solingani haqda yozgan edi.

Qamoqdaligi payti Makeev aybsiz ekanini aytib, O‘zbekistonning avvalgi va hozirgi prezidentiga ozod etilishini so‘rab bir nechta marta murojaat etgan ham.

Aleksandr Makeev O‘zbekistonning sobiq Mudofaa vazirligiga fizik olim Qodir G‘ulomov rahbarlik qilgan paytda Qurollanish boshqarmasiga boshliq etib tayinlangan.

2010 yilda O‘zbekiston Mudofaa vazirligining bir necha yuqori martabali mulozimlari, ular orasida generallar ham bor, AQSh foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib, mahkamaga tortilganini ko‘pchilik xotirlaydi.

O‘zbekistonning sobiq mudofaa vaziri Qodir G‘ulomov ustidan ham o‘shanda yopiq mahkama jarayoni boshlangani haqida xabar qilingan, ammo rasmiylar G‘ulomov ustidan ham mahkama jarayoni bo‘lganini tasdiqlamagan, rad ham etmaganlar.

XS
SM
MD
LG