Линклар

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi o‘zbek-qirg‘iz chegarasi yaqinida havoga qarata o‘q otilganini bildirdi. O‘zbekistonning rasman bildirishicha, voqea qirg‘iz chegarachisi aybi bilan bo‘lib o‘tgan. Qirg‘iziston tomoni hozircha bu borada rasman izoh bermadi. Bu so‘nggi o‘n kun ichida O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida yuz bergan ikkinchi noxush hodisa bo‘ldi.

Xabarda aytilishicha, 11 aprel kuni kech soat 7lar atrofida Farg‘ona viloyatining So‘x tumani orqali o‘tgan "Qizilqiyoq-Bo‘zadir" tranzit avtoyo‘lidagi O‘zbekistonga qarashli nazorat posti yaqiniga AUDI mashinasida Qirg‘izistonning Botken chegara otryadi "Bo‘z-Adir" chegara zastavasi boshlig‘i, katta leytenant Asqarbekov mast holda kelgan.

“U qo‘pol tarzda va haqoratlar bilan O‘zbekiston harbiy xizmatchilaridan ushbu hududni tark etishlarini nohaq ravishda talab qiladi. Chegara xizmatchilari Asqarbekovga uning bu talabi noo‘rinligini tushuntirishga va vaziyatni murakkablashtirmaslikka urinishadi. Biroq Asqarbekov O‘zbekiston MXX chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisini mahkam ushlab o‘zi bilan Qirg‘iziston hududiga olib o‘tishga urinadi", — deb xabar qildi Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi matbuot xizmati.

Ma’lumotnomada aytilishicha, havoga qarata ogohlantiruvchi o‘q otilganidan so‘ng vaziyat yumshagan va qirg‘iz chegarachisi o‘z hududiga o‘tib ketgan.

Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi matbuot xizmati O‘zbekiston va Qirg‘izison o‘rtasidagi “ahil qo‘shnichilik munosabatlari inobatga olinib”, Asqarbekov hibs qilinmaganini ta’kidlagan.

O‘zbekiston chegara qo‘mitasi xabarida bu voqea o‘sha kuniyoq qirg‘iz tomoni bilan o‘tgan uchrashuvda muhokama qilinganini, ammo Botken chegara otryadi rasmiylari Asqarbekovning harakatlari noqonuniy ekanini tan olmagani hamda uni spirtli ichimlik iste’mol qilgani yuzasidan ekspertizadan o‘tkazishdan bosh tortganini ma’lum qilgan.

"O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi qirg‘izistonlik hamkasblarini qo‘l ostidagi xizmatchilarining harakatlarini xolisona baholashga va bundan keyin bunday ig‘vogarlik harakatlariga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi", — deyiladi Davlat chegaralarini qo‘riqlash qo‘mitasi matbuot xizmati bayonotida.

Qirg‘iziston Chegara xizmati mazkur voqea yuzasidan hozircha hech qanday izoh bermadi. Ozodlik muxbiri telefon orqali bog‘langan Chegara xizmati vakili ayni paytda matbuot bilan muloqot qilish huquqiga ega bo‘lgan rasmiylar mehnat ta’tilida ekanini aytib, savollarimizni javobsiz qoldirdi.

Qirg‘iz Chegara xizmati xodimiga ko‘ra, bu voqea yuzasidan hozir rasmiy ma’lumot tayyorlanmoqda va bu ma’lumot rahbariyat tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng, yaqin kunlarda matbuotda chop etiladi.

Bu so‘nggi o‘n ichida o‘zbek-qirg‘iz chegarasida yuz bergan ikkinchi xodisa bo‘ldi. 3 aprel kuni Botken viloyatining So‘x tumani bilan chegaradosh hududida o‘zbek chegarachisi qurol bilan Qirg‘iziston hududiga o‘tgani iddao qilingan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan edi.

6 aprel kuni Qirg‘izg‘iston Chegara xizmati boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ularbek Sharsheev o‘zbek chegarachisi qurol bilan Qirg‘iziston hududida o‘tgani to‘g‘risidagi bu iddaoni rad etgan.

“Video olingan hudud bahsli joy bo‘lib hisoblanadi va bu yerdan ramziy chegara chizig‘i o‘tgan. O‘zbek chegarachisi harakatlangan hudud O‘zbekistonga qarashli bo‘lib hisoblanadi. Lekin yo‘lning bu tomoni Qirg‘izistonga tegishli. Avvallari bu hududda o‘zbek chegara naryadi bo‘lmagan,o‘sha kuni negadir bu erga naryad qo‘yilgan ekan. Ikki tomonlama o‘tgan uchrashuvdan so‘ng O‘zbekiston chegarachilari bu hududda harakatlanmasligiga kelishib olindi”, deb bildirgan Ularbek Sharsheev.

XS
SM
MD
LG