Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:04

Mirziyoev tanqididan so‘ng militsiya kuniga 14 soatlik ish tartibiga o‘tdi


Prezident Shavkat Mirziyoev 11 aprel kuni o‘tkazgan video-selektor yig‘ilishda huquqni muxofaza qilish organlari faoliyatini qattiq tanqid qilishi ortidan butun O‘zbekiston bo‘ylab militsiya bo‘linmalarida ish soati, og‘zaki buyruq bilan, 8 dan 23 gacha qilib belgilangan.

Bu haqda O‘zbekiston huquq-tartibot tizimlarida ishlovchi bir-biridan mustaqil manbalar Ozodlikka ma’lum qildi.

O‘zbekiston Ichki ishlar tizimida ishlovchi mulozimning Ozodlikka aytishicha, prezident Mirziyoev tanqididan so‘ng militsiya xodimlari kuniga 13-14 soatlab ishlashga majbur bo‘lmoqda.

"Mirziyoev selektorda butun tizim ish faoliyatini qoniqarsiz deb topgan. Shundan so‘ng bizga hamma kechki 11gacha ishda o‘tirishi kerak, degan ko‘rsatma bo‘ldi. Shu paytgacha ish 9gacha edi. Endi kuniga 13-1 soatlab ishlashga to‘g‘ri kelayapti," - deydi Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston Ichki ishlar tizimida ishlovchi mulozim.

Ozodlik bilan suhbatda ichki ishlar tizimidagi mulozimlardan yana biri "tepani ko‘rsatmalarisiz ham" barcha xodimlar kuniga 13-14 soatdan ishlayotganini tasdiqladi.

"Bunaqa ko‘rsatmalar doim bo‘ladi. Ertalabki razvoddan kechqurungi 11gacha, ba’zida yarim tundan so‘ng ikkilargacha ham o‘tirib qolamiz. Bu har doim bo‘lgan, hoziram shunday bo‘lyapti," - deydi Ozodlikka O‘zbekiston Ichki ishlar tizimida ishlovchi mulozim.

"Biz bankda ishlamaymiz-ku!"

Mehnat kodeksining 115-moddasiga ko‘ra, O‘zbekistonda xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga 40 soatdan oshmasligi kerak.

Besh kunlik ish xaftasi ish kunining uzunligi 8 soatdan, olti kunlik ish xaftasida esa 5 soatdan ortiq bo‘lishi shart etib belgilangan.

Ozodlik O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidan ish vaqtining norsamiy uzaytirilgani hususida izoh so‘raganida telefon go‘shagini ko‘targan vazirlik matbuot xizmati xodimi vazirlik tizimida ish soatlari O‘zbekiston mehnat kodeksida belgilangani kabi ekanini aytdi va ayrim hollarda xodimlarni o‘zlari ishda uzoq o‘tirib qolishlarini ham rad etmadi.

"Shunaqa xolatlar bo‘ladi, kechgacha o‘tirib qolishga to‘g‘ri keladi. Lekin hech kim ularni majburlamaydi, "11gacha o‘tirishing kerak" deb. Har narsa bo‘lib qolishi mumkin. Biz bankda ishlamaymiz-ku! Militsiyada ishlaymiz va grafigimiz chegaralanmagan. Ichki ishlar tizimida ishlashni xohlaganlar shunga rozi bo‘lib keladi," dedi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati mulozimi.

"Shaxsning o‘ziga bog‘liq"

O‘zbekiston Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi huquqshunoslaridan biri Ozodlik bilan suhbatda mamlakatdagi ko‘pgina tashkilotlarda xodimlar belgilanganidan ko‘p ishlashini tasdiqladi.

"Bu shaxsning o‘ziga bog‘liq xolat-da. Misol uchun soat 9dan 18gacha ish vaqti bo‘ladigan bo‘lsa va 18dan keyin uyiga ketib qolsa, bu rahbarga yomon ko‘rinishga olib keladi. Yomon ko‘rinmaslik uchun kechgacha qolib ketishadi. Bu norasmiy berilgan topshiriq. O‘tir desa o‘tirishadi, ishlashadi. Lekin bunga xodim majbur emas. Aksincha xodim Mehnat vazirligiga shikoyat qilsa ish beruvchini Mehnat qonunchiligini buzgani uchun Mehnat kodeksining 49-moddasiga asosan javobgarlikka tortish mumkin. Bu bo‘yicha Mehnat vazirligining 200 06 00 telefon raqamiga telefon qilishlari mumkin," - dedi Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi mulozimi.

O‘zbekistonda mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoevning o‘zi qo‘l ostidagilarga tungi 2dan topshiriqlar berib, ertalab 6da selektor o‘tkazishi haqda bosh vazir muovini Rustam Azimov o‘tgan yil sentabr oyidagi chiqishida gapirgan edi.

"Ikkida kechasi topshirib¸ ertalab 6 dan uje qishloq xo‘jalik yoki boshqa masalalar bo‘yicha selektor o‘tkazadilar. Bunaqangi ishchanlikni manimcha kamdan-kam¸ nafaqat bizning davlatimiz¸ balki dunyoda ham ko‘rish mumkin¸" degan edi Rustam Azimov.

Toshkentlik huquq faoli Surat Ikromovga ko‘ra, O‘zbekistonda militsiya - huquqi ko‘p toptaladigan kasblardan biri.

O‘zbekistonda 2016 yilning sentabr oyida ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish maqsadida "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingan esa-da, ularning belgilangan soatlardan ko‘p ishlashi va uning evaziga hech qanday tovon olmasligi odat tusiga kirgan.

- Usilenie bo‘lgan vaqtlari militsiya xodimlari ish joyida yotib qoladi. Bu aslida samarasiz narsa. Xodim vaqtida uxlamasa, 13-14 soatlab ishlasa, qanaqa samara bo‘ladi, hammasi xo‘ja ko‘rsin uchun o‘tirishadi, - deydi Surat Ikromov.

XS
SM
MD
LG