Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:03

Farg‘onada 2 asrlik masjid mebel sexiga aylantirildi (video)


Dang‘arada ustaxonaga aylantirilgan eski masjidning peshtoqi
Dang‘arada ustaxonaga aylantirilgan eski masjidning peshtoqi

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi "Kichik boybucha" qishlog‘ida joylashgan ikki asrlik masjidda mebel ishlab chiqarish tsexiga aylantirildi. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, 150dan ortiq xonadon istiqomat qiladigan qishloqdagi yagona masjid o‘ta abgor holga kelgan, qishloq ahli esa namoz uchun 10-15 kilometr yo‘l bosib, qo‘shni qishloq masjidlariga qatnashga majbur bo‘lmoqda.

"Kichik boybucha" qishlog‘i yashovchisining Ozodlikka yozishicha, Dang‘ara tuman hokimligi 2010 yildan buyon yopiq turgan masjidni mahalliy tadbirkorlardan biriga turar-joy sifatida rasmiylashtirib bergan.

"Shu 2010 yilda oxirgi marta Hayit namozi o‘qilganidan keyin masjidni yopib qo‘yishdi. Darvozasi pechatlanganicha yotgan edi, yaqinda shuni mahallamizdagi bir yoshgina mebelchi bolaga uy-joy qilib, o‘tkazib berishdi. Hozir ichida changitib, ustaxona ishlab yotibdi. Bo‘lmasa, kamida 200 yillik tarixi bo‘lgan qadimiy masjid bu", dedi u Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

"Kichik boybucha" qishlog‘idagi Mulkobod mahalla fuqarolar yig‘inining ismini oshkor qilmayotganimiz faollaridan biri buni tasdiqladi.

U masjid, Dang‘ara tumani hokimiyati buyrug‘i asosida, qishloqda yashaydigan 26 yashar tadbirkorga berilganini aytdi.

"Hokimiyatning buyrug‘i bilan bo‘lgan. Noqonuniy ish yo‘q bu yerda. Endi eski masjidligi rost. Mening yoshim 60ga yaqinlagan bo‘lsa, otalarimiz aytishardi: "Yoshiligimizdan beri bor bu masjid, qachon qurilganini bilmaymiz", deb", dedi Mulkobod mahalla fuqarolar yig‘ini a’zosi.

Dang‘ara tumanida istiqomat qiladigan pensioner Hakimjon akaning aytishicha, shu kunda uy-ro‘zg‘or jihozlari ishlab chiqarilayotgan bu masjid - qishloqdagi yagona masjiddir.

"Namoz o‘qilardi bu masjidda. Lekin Toshkentda dinni niqob qilgan dushmanlar portlash qilganini kasofatiga masjidlar yopilib ketdi-da. Hozir hamma 10-15 kilometr yo‘l bosib, rayon markaziga yoki boshqa ro‘yxatdan o‘tgan masjidlarga qatnayapti. Ehtiyoj bor albatta, lekin bu masjidni och, desangiz, darrov yomon ko‘rinasiz-da, siyosatga qarshi chiqqanday bo‘lib", deya ochiq tan oldi dang‘aralik pensioner.

Dang‘ara tumani hokimligi rasmiysi "Kichik boybucha" qishlog‘idagi masjid mahalliy tadbirkorga o‘tkazib berilganini tasdiqladi.

O‘zini tanishtirishni istamagan rasmiyga ko‘ra, bo‘sh yotgan masjidlar so‘nggi bir necha yildan beri hududdagi kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga o‘tkazib berilmoqda.

Ammo: "150 tadan ortiq xonadon istiqomat qiladigan qishloqdagi yagona, muhimi, kamida ikki asrlik tarixga bo‘lgan masjidni ustaxonaga aylantirish o‘rniga aholiga ochib bersa, bo‘lmasdimi?" degan savolga Dang‘ara tumani hokimligi va "Mulkobod" mahalla fuqarolar yig‘ini rasmiysidan ham javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Dang‘aralik Hakimjon akaning aytishicha, tumanda 30dan ortiq masjid bor va bularning kamida 10tasi 150-200 yillik tarixga ega bo‘lgan qadimiy masjiddir.

Aksar masjidlar, xususan, "Kichik boybucha" qishlog‘idagi masjidning ham o‘z nomi yo‘q, bular aholi orasida qishloq nomi bilan yoki "Jome masjidi" deb yuritiladi.

"Men otamning otasidan eshitgan edim - shu masjidlar 1937-38 yillardagi ochlik paytlarda talon-taroj bo‘lgan, peshtoqlaridagi naqshli koshinlari, yana bir narsalarini olib ketib qolishgan edi, deb aytgandi. Oxirgi marta 1981 yilda ta’mirlanganda, men ham qatnashgan edim", dedi Mulkobod mahalla fuqarolar yig‘ini a’zosi.

Hakimjon akaning aytishicha, hozir bu qishloqqa qo‘shni "Katta boybucha" qishlog‘idagi qariyb 200 yillik yana bir masjid ham bir oilaga uy qilib berilgan.

Farg‘ona vodiysi aholining dindorlik darajasi boshqa viloyatlarga nisbatan biroz baland bo‘lgan hududdir va aksar qishloqlardagi masjidlar eski, qadimiy masjidlardir.

O‘zbekistonda 1998 yilda "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinishi ortidan mamlakatdagi masjidlar qaytadan ro‘yxatdan o‘tkazila boshladi.

Yangi tartibga binoan masjidni qayta ochishni istagan namozxonlar jamoasidan 20dan ortiq hujjat talab qilinadi.

Kamida 100 kishining imzosi, hokimlikdan ruxsatnoma, tashabbuschi guruh va ta’sischining daromad manbai, viloyat hokimligidan guvohnoma, arxitektura boshqarmasidan ma’lumotnoma, Sanepidemstantsiyadan ma’lumotnoma, O‘zbekiston musulmonlari idorasidan xulosa kabi hujjatlar shular jumlasidandir.

1998 yilga qadar mamlakatda rasman ro‘yxatdan o‘tgan masjidlar soni 7 mingdan oshar edi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasidan olingan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hozir respublikada davlat ro‘yxatidan o‘tib ishlayotgan 2050 dan ortiq masjid bor.

Eng ko‘p masjid aholisi 3 milliondan ortiq bo‘lgan Samarqand viloyatida 290 ga yaqin.

2 yarim milliondan oshiq aholisi bo‘lgan Toshkent viloyatida 230 ga yaqin masjid bor.

Masjidi ko‘p bo‘lgan uchinchi viloyat z million odam yashaydigan Farg‘ona viloyati – 200 ga yaqin masjid bor.

Jami aholisi 6 millionga yaqin bo‘lgan Andijon va Namangan viloyatlarida qariyb 200 tadan masjid bor.

Ammo, Farg‘ona vodiysida 2010 yildan beri mahalla masjidlari soni qisqarib bormoqda. Ro‘yxatga olingan 2050 ga yaqin masjidning aksariyati kamida 1 ming yoki – 5 mingdan 6 mingga qadar jamoat yig‘iladigan jome’ masjidlaridir.

XS
SM
MD
LG