Линклар

Afg‘oniston hukumatining bildirishicha, Nangarhor viloyatida “Islom davlati” ekstremistik guruhi jangarilari joylashib olgan tunnellar tizimiga AQShning ulkan bombasi tashlangan.

Tashlangan bomba AQSh armiyasi shu kungacha amalda qo‘llagan eng yirik yadroviy bo‘lmagan bombadir. Hujumda 36 jangari halok bo‘lgan. Bu haqda Afg‘oniston Mudofaa vazirligi bildirdi.

O‘lganlar soni mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlangani yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, mamlakat armiyasi matbuot kotibi Davlat Vaziriy hujumda oddiy fuqarolar jarohat olmaganini bildirdi.

Afg‘oniston prezidenti ma’muriyati hujum mamlakat hukumati roziligi bilan amalga oshirilganini aytdi.

Afg‘oniston hukumati ijroiya raisi Abdulla Abdulla hujum Afg‘oniston hukumati bilan kelishilgan holda amalga oshirilganini tasdiqladi.

AQSh armiyasi 13 aprel kuni e’lon qilgan bildiruvda yozilishicha, 9800 kg vaznli GBU-43/B bombasi jangarilarning Achin tumanida Pokiston bilan chegaraga yaqin yerda joylashgan tunnellar tizimiga tashlangan.

Bomba portlaganida 11 tonna portlovchi modda chiqarilgan.

Achin tumani hokimi Ismoil Shinvariy: “Bomba o‘tgan kecha soat 8:00 da DAISh (IShID - “Islomiy davlat” ekstermist guruhi – tahr.) nuqtalari va g‘orlariga tashlandi. Portlash juda kuchli bo‘ldi. Ularning barcha tunnellari va g‘orlari yo‘q qilindi”, dedi.

Pentagon mazkur yirik bomba bundan avval janglarda qo‘llanilmaganini bildirdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp yaqinda Qobulga ilk rasmiy delegatsiyani yuborgan edi. Hozirda mamlakatda 9 mingga yaqin AQSh harbiysi bor.

Prezident Tramp jurnalistlar bilan suhbatda mazkur amaliyot haqida: “Ular bilan juda-juda faxrlanaman. Navbatdagi o‘ta muvaffaqiyatli ish. Armiyamiz bilan juda-juda faxrlanamiz”, dedi.

Prezident amaliyotga shaxsan roziligini bergan-bermagani haqidagi savolga: “Aynan nima sodir bo‘lgani hammaga ayon. Men armiyamga rasmiy ruxsat beraman”, deya javob berdi.

“Biz Yer yuzidagi eng buyuk armiyaga egamiz va ular o‘z vazifalarini odatdagidek bajardilar. Biz ularga to‘liq avtorizatsiya berdik va ular buni bajaryaptilar. Ochig‘i, aynan shu sabab ular keyingi paytda muvaffaqiyat qozonyaptilar. Keyingi sakkiz hafta ichida sodir bo‘lgan hodisalarni so‘nggi sakkiz yil davomida haqiqatan sodir bo‘lgan hodisalarga solishtirsangiz, katta farqni ko‘rasiz, juda katta. Armiyamizda ajoyib yetakchilarimiz bor, ajoyib armiyamiz bor. Ular bilan juda faxrlanamiz. Bu esa navbatdagi juda-juda muvaffaqiyatli missiya bo‘ldi”, deya so‘zini davom ettirdi prezident.

O‘tgan haftada Nangarhor viloyatida AQSh maxsus kuchlari askari “Islom davlati” jangarilariga qarshi kurashayotib halok bo‘lgan edi.

Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser bomba jangarilar “erkin harakatlanish uchun foydalangan tunnel va g‘orlarni” mo‘ljalga olganini aytdi.

Spayser oddiy fuqarolar zarar ko‘rmasligi uchun ehtiyot choralari ko‘rilganini bildirdi.

Pentagon matbuot kotibiga ko‘ra, Massive Ordnance Air Blast Bomb (MOAB) deb ham ataluvchi GBU-43/B bombasi MC-130 samolyotidan tashlangan.

MOAB Iroq urushida foydalanish uchun ishlab chiqilgan. Uning har birini yaratish uchun 16 million dollar sarflangan. Ilk bor 2003 yilda chiqarilgan bomba 13 aprelgacha hech sinab ko‘rilmagan edi.

GBU-43/B AQSh armiyasi bisotidagi eng og‘ir yadroviy bo‘lmagan bomba emas.

The Massive Ordnance Penetrator (MOP) bombasi 13 600 kg vaznga ega. Ammo MOP ning portlash kuchi MOAB nikidan ozroq.

XS
SM
MD
LG