Линклар

Janubiy Koreyada ishlashga nomzodlarni sinovdan o‘tkazgan migratsiya vakillari o‘zbek matbuoti tanqidiga nishon bo‘ldi. Toshkent viloyatida tadbirkorlar huquqini buzgan mansabdorlar javobgarlikka tortildi. Yulduz Usmonova konsertida birgina parda uchun 1300 metr mato sarflandi.

_______________________________________________________________

Tashqi mehnat migratsiyasi qora qozonini qaynatish uchun Koreyaga otlangan fuqarolar ustidan kulmoqda

Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan Janubiy Koreyada ishlashga nomzodlar o‘rtasida o‘tkazgan test sinovi fuqarolarning kuchli e’tiroziga sabab bo‘ldi (“Jamiyat”, 7 aprel). Test jarayonida berilgan “Nosir Xisrav 7 yil davom etgan 2 ta sayohatda qancha masofani bosib o‘tgan?”, “Yevroosiyo materigida aholi zichligi qanchani tashkil etadi?”, “Turkiston tog‘ tizmasining qancha balandliklarida archazorlar uchraydi?”, “O‘z umrini “bog‘ umrim” deb atagan shoir kim?” kabi savollar haqli noroziliklar uyg‘otgan. “Taajjub! Ro‘zg‘orini but qilish, qora qozonini qaynatish uchun xorijga ishlashga ketayotgan odamning bu kabi savollar javobini bilishi nima uchun yoki kim uchun kerak bo‘ldi ekan?! Chet eldan ish izlayotgan yurtdoshlarimiz bu darajadagi ma’lumotlarga ega bo‘lganida allaqachon o‘zimizda ish topgan yoki qaysidir oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan bo‘lmasmidi?” deb yozadi gazeta. Qayd etilishicha, bu yil agentlikka 90 mingga yaqin fuqaro Koreyaga ishga borish istagida on-layn ariza bergan. Ulardan 3000 nafari Koreyada ishlash imkoniga ega bo‘ladi.

Toshkent viloyatida tadbirkorlar huquqini buzgan mansabdorlar javobgarlikka tortildi

Toshkent viloyatida tadbirkorlar haq-huquqlarini buzgan bir qator mansabdorlar javobgarlikka tortildi (“Huquq”, 13 aprel). Joriy yil birinchi choragida tadbirkorlarning “yagona darcha” markaziga murojaatlari bo‘yicha 39 ta holatda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilgan. Shu bois Chirchiq shahar bosh arxitektori M.Eshmuhammedov, Chinoz tuman hokimligi bosh mutaxassisi M.Zufarov, Qibray tuman bosh arxitektori Sh.Mirzoidovga nisbatan javobgarlik yuzasidan ish qo‘zg‘atilgan. Viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Alisher Qoraevga ko‘ra, tekshiruvlarda tadbirkorlarga nisbatan qonunga zid huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash holatlari ham qayd etilmoqda.

Yulduz Usmonova 10 yillik tanaffusdan so‘ng katta sahnaga qaytdi

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova 10 yillik tanaffusdan keyin Toshkentdagi “Istiqlol” san’at saroyida kontsert berdi (“Darakchi”, 13 aprel). Turli janrlardagi 21 ta kompozitsiyani ijro etgan xonanda “Dunyo” nomli qo‘shig‘ini boshiga paranji tashlagan ko‘yi kuylagan. “Azizlarim, mehribonlarim, yillar o‘tib, sog‘lik-omonlikda diydor ko‘rishganimizdan benihoya xursandman. Diydor ko‘rishishimizga sabab bo‘lganlarning hammalariga Allohdan jamiki ezguliklarni so‘rab qolaman” degan xonanda kontsert avvalida. Qayd etilishicha, kontsert dekoratsiyasi 9 kun davomida tayyorlangan. Sahna uchun 1300 metr oq harir matodan maxsus parda tiktirilgan.

XS
SM
MD
LG