Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:10

Matbuot sharhi: O‘zbekistonda kartoshka tanqisligiga rasmiy munosabat bildirildi


O‘zbek matbuotida Sharof Rashidovning 100 yilligi munosabati bilan bu arbob davrida sodir bo‘lgan ijobiy va salbiy jihatlar qalamga olindi. “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi mutasaddisi mamlakatda bu yil kartoshka nega tanqis ekaniga oydinlik kiritdi. Sirdaryoda militsiya tezkor xodimi 30 litr benzin evaziga jinoyatni yashirdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_______________________________________________________________

“Sharof Rashidov mustaqillik poydevoriga munosib g‘isht qo‘ygan”

Sovet Ittifoqi davrida O‘zbekistonni 24 yil davomida boshqargan davlat arbobi Sharof Rashidovning 100 yillik yubileyi nishonlanmoqda (“Hurriyat”, 12 aprel). Shu munosabat bilan e’lon qilingan maqolada sovet zamonida “sharofrashidovchilik” degan yorliq bilan uyushtirilgan kampaniya asossiz ekani va bu qatag‘on to‘lqini millatning yetuk farzandlarini yo‘q qilishga qaratilgani ta’kidlanadi. Qayd etilishicha, hamma narsa, hatto igna olish uchun ham Markazning ruxsati talab etilgan zamonlarda Sharof Rashidov juda katta ishlarni amalga oshirgan. Ayni choqda, maqolada Sharof Rashidovning milliy masalada qusurlari ham bo‘lgani, o‘z xalqi manfaatlariga jabr qilib bo‘lsa-da, Markaz bilan murosaga borgani aytiladi. Maqolada O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning “Biz bugun to‘liq ishonch bilan ayta olamizki, Sharof Rashidov mustaqillik poydevoriga munosib g‘isht qo‘ya olgan arboblardan edi” degan fikri keltiriladi.

Mutasaddi: Kasallik tekkani bois bu yil O‘zbekistonda kartoshka tanqis

“O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi rais o‘rinbosari Nodirbek Rahbarov mamlakatda bu yil kartoshka nega tanqis ekaniga oydinlik kiritdi (“Oila davrasida”, 13 aprel). “O‘tgan yili respublikamiz dalalarida kutilgandan ancha kam kartoshka hosili yig‘ib olindi. Buni issiq ob-havo ta’siri tufayli kartoshkaga kasallik tekkani va sabzavotlarning zararlanishi bilan izohlash mumkin. Shu sababli O‘zbekistonda kartoshka mahsuloti tanqisligi ro‘y berdi” degan oziq-ovqat zaxirasiga mas’ul tashkilot vakili. Aholi ehtiyojini qondirish uchun esa chetdan kartoshka keltirilgan. Joriy yil 31 martiga qadar 4,9 million dollarlik 14 ming 851 tonna kartoshka import qilingan. Eslatib o‘tamiz, joriy yil bozorlarda kartoshka narxi keskin oshib ketgani bois fuqarolarda turli savol va e’tirozlar paydo bo‘lgan edi.

Sirdaryoda militsiya ofitseri... 12 ming so‘m pora so‘radi

Sirdaryo viloyati Boyovut tumani IIB uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi tezkor vakili, leytenant Dilshod Komilov jinoyatni hisobga olishni qasddan yashirish va pora olish jinoyatlarida ayblandi (“Postda”, 8 aprel). Maishiy masaladagi kelishmovchilik bois fuqaro IIBga murojaat etadi. Tezkor vakil D.Komilov esa jinoyatni hisobga olmaslik evaziga aybdor fuqarodan 50 litr benzin talab qiladi. Savdolashuvdan keyin fuqaro 30 litr benzin quyib beradi. Militsiya zobiti, shuningdek, fuqarodan uyali telefoni hisobiga 12 ming so‘m tashlab berishni ham talab qilgan. Fuqaro esa tezkor vakil D.Komilovning har bir gapini diktofonga yozib olgan va huquq idoralariga murojaat qilgan. “Arzimagan manfaatdorlik evaziga xizmat mavqeini yer bilan bitta qilgan” militsiya tezkor vakiliga tegishli jazo tayinlangan.

XS
SM
MD
LG