Линклар

Sankt-Peterburg Qonunchilik Kengashi a’zosi, "Yedinaya Rossiya" partiyasi deputati Andrey Anoxin MDH davlatlaridan kelayotgan barcha mehnat muhojirlari ustidan nazoratni kuchaytiruvchi tartibni joriy qilish taklifi bilan chiqdi.

Sankt-Peterburg Qonunchilik Kengashi muhokamasiga "Yedinaya Rossiya" vakillari tomonidan kiritilgan bu tashabbus mahalliy parlament muhokamasidan o‘tsa, Davlat Dumasiga taqdim etilish huquqiga ega bo‘ladi.​

Andrey Anoxin ilgari surgan taklifga ko‘ra, ​MDH davlatlaridan kelayotgan mehnat muhojirlariga Rossiyada aeroport, davlat qurilish inshootlari, Oliy o‘quv yurtlari, maktab va bog‘chalarda ishlashni taqiqlashlari mumkin.

Yangi taklifga ko‘ra, shuningdek​, migrantlar Rossiya chegarasidan faqat ishchi viza bilan o‘ta oladi.

Qonun loyihasida, shuningdek, barcha turar-joy xo‘jaligi boshqaruvchilaridan kvartiralarda yashayotganlar to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berilishi talab qilinadi.

Peterburg Qonunchilik Kengashidan tashqari Rossiya parlamenti, FSB, IIV, Tergov qo‘mitasi va Bosh prokuraturaga o‘rganib chiqish uchun yuborilgan yangi qoidalarda migrantlarga qator sohalarda ishlash va muayyan ishlarni bajarish qat’iyan taqiqlanadi.

Jumladan, vizasiz mamlakatlardan kelayotgan muhojirlarni yirik davlat qurilish inshootlari, masalan, 2018 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati stadionlarini barpo etishga jalb qilmaslik, aeroport, maktab-bog‘cha, oliy o‘quv yurtlari, aloqa va transport, atom energetikasi va harbiy sanoat-kompleksi, strategik davlat korxonalari va yirik shaharlar boshqaruv uzellariga yaqinlatmaslik rejalashtirilmoqda.

Ozodlik bilan eksklyuziv suhbatda peterburglik deputat Andrey Anoxin mazkur yangilikka doir savollarga javob berdi.

Peterburglik deputat Andrey Anoxin

Peterburglik deputat Andrey Anoxin

1 taklif: Rossiyaga – “priglashenie” bilan

Janob Anoxin yangi migratsiya siyosati konsepsiyasi asosan uchta qonun o‘zgartishidan iborat ekanini bildirdi.

- Birinchi taklif etilgan qonun loyihasida aytilishicha, “taklif” tushunchasini joriy qilish davri keldi. Vizasiz mamlakatdan Rossiya chegarasini ishlash uchun kesib o‘tayotgan xorijlikdan “priglashenie” – taklifnoma talab qilinadi: uni qabul qiluvchi tomon bo‘lishi shart qilib belgilanadi. Bunday taklifnomasi yo‘q muhojirga chegaradan o‘tishga ruxsat berilmaydi, - dedi Andrey Anoxin.

Biroq u bu tartibni “viza rejimi” deb atash noo‘rinligini alohida ta’kidladi.

- Agarda siz Rossiyaga tomosha uchun, shaxsiy ishlaringiz bilan,o‘qishga kelayotgan bo‘lsangiz – marhamat, muammo bo‘lmaydi. Bu faqat ishlash uchun kelayotganlarga taalluqlidir. Bu nafaqat MDH davlatlari, Rossiya bilan vizasiz rejimda bo‘lgan boshqa mamlakatlarga ham tegishli bo‘ladi. Chegarada ular albatta daktiloskopiya amaliyotidan o‘tadi, - dedi Andrey Anoxin.

Andrey Anoxinning bu tashabbusiga allaqachon jurnalistlar tomonidan “vizasiz nazorat” nomi berilgani ma’lum.

2 taklif: Turar-joy shirkatlari kvartirada yashayotganlar haqida ma’lumot yig‘adi

Taklif etilayotgan ikkinchi loyihada kvartiralarda yashayotgan xorijliklar va ular soniga oid ma’lumot yig‘ish mahalliy turar-joy shirkatlariga yuklanadi.

- Terrorchilikka qarshi ikkinchi qonun loyihasiga ko‘ra, chet ellik shaxsga ijaraga kvartira berilayotgan yoki u biror kvartiraga joylashtirilayotgan bo‘lsa, bu vatandosh to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumot TSJ – turar-joy shirkati boshqaruviga topshirilishi lozim. Bu ma’lumotda uning kimligi, qaerdan ekani, qaysi muddatga Rossiyaga kelgani, qaerda ishlashi va hokazo ma’lumotlar aks ettiriladi, - dedi deputat Anoxin.

Bu qoida “Terrorchilikka qarshi kurash” qonuniga kiritilishi nazarda tutilgani e’tiborga molik. Parlament vakili shu tariqa Rossiyaga, xususan Sankt-Peterburgga kelayotgan muhojirlar to‘liq nazoratga olinishi va “rezinali kvartiralar” soni kamayishiga olib kelishini bildirdi.

3 taklif: Migrantlar strategik inshootlardan uzoqlashtiriladi

Andrey Anoxin taklif kiritgan uchinchi qonun loyihasi muhojirlarni Rossiyaning davlat muassasalari va strategik inshootlaridan uzoqlashtirishga qaratilganini aytadi.

- Rossiyaning strategik ob’ektlari, davlat qurilish inshootlari, ommaviy tadbirlar hamda maktabgacha va umumta’lim muassasalarida vizasiz mamlakatlardan kelgan muhojirlarning mehnat faoliyatini cheklash. Bizda bugungi kunda ishchi kuchi mobilizatsiyasining xufiy va noqonuniy bozori vujudga kelgan. O‘zbekiston, Tojikistondan qarz olib bu yerga kelayotgan odamlar odatda o‘z hamyurtlari tuzoqlariga tushib, qullarga aylanmoqda. Xorij tilidan imtiihon, tibbiy ma’lumotnoma, patent olish ko‘p hollarda rasmiyatchilikka aylanib qolgan.

Amalda Rossiyada xorij mehnat resurslari ustidan mutlaqo nazorat yo‘q. Kelayotganlar orasida radikal oqimlar vakillari ham borligi barchaga ayon. Ikkinchidan, o‘z yurtida ish topolmagan odam bu yerda tiyinga ham ishlashga majbur bo‘lmoqda, demping natijasida esa mahalliy grajdanlarimiz ishsiz qolmoqda, dedi Andrey Anoxin.

Deputatning ta’kidlashicha, sotib olinayotgan migratsiya qaydlari amalda soxta, chunki muhojirlarning birortasi qayd joyi bo‘yicha yashamaydi.

Maqsad nima?

Deputat Anoxin Ozodlik bilan suhbatda yuqorida zikr etilgan mulohaza va takliflar quyidagi natijalarga olib kelishi nazarda tutilganini ma’lum qildi:

- Rossiya Federatsiyasiga bo‘lgan migratsiya cheklovlarida birinchi navbatda MDH davlatlari a’zolari ham manfaatdor. Masalan, O‘zbekistondan Rossiyaga ishchi aholisining ommaviy ketib qolishi mahalliy iqtisodga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. Bu chora-tadbirlar, eng avvalo, Rossiya davlat xavfsizligini saqlash uchun juda muhimdir. Shu sababli, bu cheklovlar hatto bizning yaqin ittifoqchilarimiz bo‘lgan Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlari grajdanlariga ham qaratilgan. E’lon qilinmagan “terrorchilik urushi” davrida joriy qilingan bu choralarimizni hamkorlarimiz to‘g‘ri tushunadi, degan umiddamiz, dedi deputat Andrey Anoxin.

Ammo, Ozodlik suhbatlashgan ekspertlar deputat Andrey Anoxin o‘zgartishlari hayotga tatbiq etilishi mumkinligiga jiddiy shubha bildirmoqda.

“Yedinaya Rossiya” deputatlarining bu tashabbusiga baho bergan “Dobrososedstvo” Xalqaro aloqalarni rivojlantirish jamg‘armasi direktori, Moskva shahar Migratsiya departamenti qoshidagi jamoatchilik kengashi kotibi Yuriy Moskovskiy yangi takliflarni “bema’nilik”, deb atadi.

- Bunday tashabbuslar jamiyatda migrantofobiyani oshirishdan, odamlar orasida adovatni kuchaytirishdan, Rossiya davlatini zaiflashtirishdan boshqa narsaga olib kelmaydi. Bunday takliflarni ilgari surishdan oldin, ularning oqibatlarini ham hisoblab chiqishni o‘rganish kerak. So‘zsiz, ular hayotga tadbiq etilmaydi, ammo katta shov-shuv ko‘tarishi turgan gap. Ularning mantig‘iga ko‘ra, terrorchilikka qarshi kurashning eng ma’qul usuli – barcha muhojirlarni Rossiya Federatsiyasi hududidan chiqarib tashlash! Ana shunda bizda mutlaqo terrorchilik yo‘q bo‘ladi! Axir bizda Bojxona Ittifoqi, Yevrosiyo Ittifoqi, MDH, iqtisodiyot talablari mavjud... Tadbirkorlardan avval so‘raldimi – ular bunday takliflarga rozilik berarmikan?! dedi Yuriy Moskovskiy.

Hozirga kelib EAES (Yevrosiyo iqtisodiy kengashi) tarkibiga kirgan Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston vatandoshlari mehnat huquqlari rossiyaliklar bilan tenglashtirilgan. Qolgan MDH davlatlari muhojirlari ishlash uchun maxsus ruxsatnoma – migratsiya patentini rasmiylashtirishlari lozim.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiy xabariga ko‘ra, 2016 yil davomida Rossiyada patent rasmiylashtirgan O‘zbekiston vatandoshlari soni 925 948 kishini tashkil etgan. Yana bir necha yuz ming muhojir Rossiyada nolegal holatda qolayotgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG