Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 09:19

Andijonda o‘tkazilgan aksilterror mashqlar aholi orasida vahima uyg‘otdi


Andijonda 20 aprel kuni aholini ogohlantirmasdan o‘tkazilgan harbiy mashqlar odamlar orasida "shaharda terrorchilar bosh ko‘targani" haqidagi vahimali gap-so‘zlarning tarqalishiga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiylari Ozodlikka Andijonda Qurolli kuchlar va Ichki ishlar bo‘linmalari ishtirokida aksilterror mashqlari o‘tkazilganini tasdiqlab, xavotirga o‘rin yo‘qligini aytishdi.

O‘n ikki yil avval qonli voqealarga sahna bo‘lgan Andijon shahrida 20 aprel kuni o‘q ovozlarining eshitilishi aholini vahimaga soldi.

- Kecha soat 17.00 - 17:30 oralig‘ida Andijon shahar turmasi tomondan 2 marta o‘q va yana 2 marta avtomatdan o‘q otilgani ovozi eshitildi. Men shu yerga yaqin yashayman. O‘sha paytda qo‘shnilar bilan ko‘chada turgandik. Hamma qo‘rqib ketdi, - dedi ismi sir qolishini istagan andijonlik.

Boshqa bir andijonlik esa, o‘q ovozlari shaharda go‘yoki terrorchilar bosh ko‘targani haqida ovoza tarqalishiga ham sabab bo‘lganini aytdi.

- Shaharda terrorchilarni ushlashyapti, deyishdi. Kimdir qamoqxonadan odamlar qochgan degan gapni aytdi, ishqilib har xil gap-so‘z, - dedi boshqa bir andijonlik.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholi orasida tarqalgan vahimalar asossiz ekani, aslida Andijon shahrida terrorizm va ekstremizm tahdidlarini bartaraf etish bo‘yicha harbiy mashqlar o‘tkazilayotganini aytdi.

- Terrorizmga qarshi ucheniya o‘tkazyapmiz, xavotirga o‘rin yo‘q,- deya gapni qisqa qildi O‘zbekiston Mudofaa vazirligining ismini aytmagan rasmiysi.

Lekin, vazirlik va shahar hokimligi harbiy mashqlar o‘tkazilishi haqida aholini oldindan ogohlantirmagan.

Mashqlar ko‘lami haqida ham ma’lumot yo‘q.

Andijonlik huquq faoli Saidjahon Zaynobiddinovning Ozodlikka aytishicha, 12 yil avval qonli voqealardan aziyat ko‘rgan Andijonda o‘q ovozlarining eshitilishi odamlar orasida vahima uyg‘otishi tabiiy.

- Haqiqatan avtomatning ovozi eshitilsa, odamlar xavotirga tushadi-da! Endi 13 may yaqinlashgan sari rasmiylar nazoratni kuchaytirib, ucheniyalar o‘tkazadi-da. Men ham armiyada xizmat qilganman. Odatda bu ucheniyalarni bo‘lishi haqida aholi u yoqda tursin, soldatlarning o‘zlari ham bilmaydi, oldindan. Ularning qanchaylik shayligi o‘rganiladi. Shuning uchun aholini nima uchun ogohlantirmaganini tushunsa bo‘ladi, - deydi Zaynobiddinov.

2005 yilning 13 may kuni Andijonning markaziy Bobur maydonida hukumat kuchlari aksariyati qurolsiz bo‘lgan tinch namoyishchilarni o‘qqa tutishi oqibatida yuzlab begunoh odamlar, jumladan ayollar va yosh bolalar halok bo‘lgani haqda voqea guvohlari va huquq himoyachilari aytishgan.

Toshkent hukumati esa, Akromiylar diniy oqimiga mansub qurolli guruh Andijonda hokimiyatni bosib olishga uringani va asosan terrorchilardan iborat 187 kishining halok bo‘lganini bildirgan.

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston hukumatidan Andijon voqealari bo‘yicha mustaqil tergov o‘tkazilishini talab etib keladi.

O‘tgan yillar davomida O‘zbekistonning boshqa viloyatlari, jumladan Buxoro, Namangan, Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida ham hech bir ogohlantiruvsiz aksil-terror mashqlarining o‘tkazilishi aholi orasida turli mish-mishlarni keltirib chiqargan edi.

XS
SM
MD
LG