Joriy yil 21 aprel kuni Rossiyaning Xabarovsk shahridagi Federal xavfsizlik xizmati (FSB) qabulxonasiga qurolli shaxs tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston vatandoshi ham bor.
RIA Novosti xabariga ko‘ra, Qirg‘izistonning Xabarovskdagi elchisi Qodirbek Mirzaboev hujumda o‘lgan o‘zbekistonlik jasadi vataniga jo‘natilganini aytgan.
“Halok bo‘lgan shaxs O‘zbekiston vatandoshi edi, uning jasadi bugun vataniga jo‘natildi. U bo‘ydoq bo‘lgan, uning Xabarovskda oilasi bo‘lmagan", degan Mirzaboev.
Halok bo‘lgan o‘zbekistonlik FSB qabulxonasiga hujjat ishlari bilan borgan payti ushbu voqea sodir bo‘lgan.
Xabarovskda O‘zbekiston konsulligi yo‘qligi bois halok bo‘lgan o‘zbekistonlik haqida qo‘shimcha ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi.
Payshanba kuni qurollangan shaxs Xabarovsk Federal xavfsizlik xizmati qabulxonasiga qilgan hujum oqibatida jami ikki kishi halok bo‘ldi va bir kishi jarohatlandi.
Halok bo‘lganlardan biri FSB xodimi, jarohatlangan kishi esa Qirg‘iziston vatandoshi.
Hozirda yaralangan qirg‘izistonlik shifoxonaning jonlantirish bo‘limida saqlanmoqda. Elchi Mirzaboevga ko‘ra, uning ahvoli jiddiy emas.
Mirzaboev jarohatlangan qirg‘izistonlikka moddiy ko‘mak ko‘rsatilishini ham ta’kidlagan.
RIA Novosti ma’lumotiga ko‘ra, hujumni uyushtirgan shaxs mahalliy kishi bo‘lib, u avval o‘q otishni o‘rgatuvchi klubga hujum qilib, qorovulni o‘ldirgan va u erdan qurol-yarog‘ o‘g‘irlagan. Keyin FSB qabulxonasiga hujum qilgan va o‘sha hujumda otishma payti uning o‘zi ham o‘lgan.
Hozirda voqea bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.