Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 12:33

Fransiyada saylov xavfsizligini ta’minlashga 50ming politsiyachi jalb qilindi


23 aprel kuni Fransiyada prezident saylovining birinchi davrasi boshlandi. Saylov natijasi mintaqadagi geosiyosiy vaziyatga, jumladan, Yevropa Ittifoqi kelajagi hamda G‘arbning Rossiya bilan bo‘lgan munosabatiga katta ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Mahalliy vaqt bilan soat 8:00 da 60 mingdan oshiq saylov uchastkasi ochildi. Mahalliy vaqt bilan tushgacha saylovchilarning 28,54 foizi ovoz berdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi. Bu 2012 yilda kuzatilgan ko‘rsatkichdan ozgina yuqoridir.

Bugungi saylov Fransiya tarixidagi bashorat qilish eng qiyin bo‘lgan saylovlardan biridir. 11 nomzod qatnashayotgan saylov arafasida terrorizm va xavfsizlik masalalari muhim o‘rin tutdi.

Saylovchilarni himoyalash uchun mamlakat bo‘ylab 50 ming politsiyachi, 7 ming askar safarbar qilingan.

Fransiyada 2015 yildan beri amalga oshirilgan terror hujumlarida 230 dan oshiq odam halok bo‘ldi. Shu sabab mamlakatda favqulodda holat rejimi ta’sis qilingan.

Saylovoldi so‘rovlar markazchi nomzod Emmanuel Makron va millatchi Marin Le Pen oldinda ekanligini ko‘rsatdi. Shunday bo‘lsa-da, ikkinchi davraga konservativ respublikachi Fransua Fiyon va kommunistlar dastaklayotgan Jan-Lyuk Melanshon ham o‘tishi ehtimoldan xoli emas.

23 aprel kuni ertalab “Femen” feminist guruhining ko‘kragini ochgan holda kelgan olti nafar a’zosi Le Pen ovoz berishi kutilayotgan saylov uchastkasi oldida qo‘lga olindi. Ular Le Pen va Tramp niqoblarini taqib olgan holda avtomobildan irg‘ib tushishgan, ammo politsiya ularni tezda olib ketgan. Hodisadan keyin ozgina vaqt o‘tib, Le Pen ovoz berdi.

Xabarlarga ko‘ra, saylovchilarning chorak qismi hali bir qarorga kelmagan. Mutaxassislarning fikricha, 20 aprel kuni politsiya xodimining otib o‘ldirilgani xavfsizlik va terrorizm bo‘yicha qat’iy qarashlarga ega nomzodlar ko‘proq ovoz olishini ta’minlashi mumkin.

Xujum ortidan Le Pen o‘zini mamlakatni islomiy ekstremistlardan himoya qila oladigan yagona nomzod qilib ko‘rsatdi.

Saylovoldi chiqishlaridan birida Le Pen “Odamlar birikmasa, birdamlik ham bo‘lmaydi. Shunday ekan, odamlarimiz birligini himoya qilishimiz kerak. Men o‘zim bir a’zosi bo‘lgan xalqni himoya qilishni istayman. Meni ulg‘ayishimni, bolalarim ulg‘ayishini ko‘rgan, bolalarim bolalari ulg‘ayishini ko‘radigan odamlarni himoya qilishni xohlayman”, dedi.

Tanqidchilar esa nomzodni mazkur hujumdan siyosiy maqsadlarda foydalanishda ayblamoqda.

Le Pen migratsiya hamda globalizatsiyaga qarshi bo‘lib, uning g‘alabasi G‘arb mamlakatlarida avj olayotgan izolyatsionizm uchun yana bir yutuq bo‘ladi.

Shunday bo‘lsa-da, Yevrokomissiya matbuot kotibi Mina Andreeva “Le Pen g‘alaba qozonsa ham, bu Yevropa loyihasi tugadi, degani emas”, dedi.

Fransiya NATOning eng muhim a’zolaridan biri bo‘lib, Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiya Qrimni anneksiya qilib, Ukraina sharqida ayirmachilarni qo‘llagani uchun mamlakatga qarshi sanksiya joriy qilinishda muhim rol o‘ynagan.

AQShning populist prezidenti Donalьd Tramp kabi Le Pen Rossiya prezidenti Vladimir Putin haqida ijobiy ohangda so‘zlaydi va Moskvaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish tarafdoridir. Le Pen 24 mart kuni prezident Putin bilan uchrashganidan keyin, Yevropa Ittifoqining Rossiya bo‘yicha siyosatini tanqid qildi.

Ayni damda Fransiya prezidentlik sayloviga Rossiya aralashayotgani haqidagi ayblovlar ko‘paymoqda. Moskva esa bu ayblovlarni keskin rad etib keladi.

Makron Rossiya bilan yaqindan aloqa qilishni istamaydigan yagona salmoqli nomzoddir.

Fiyon reytingi nomzod 2015 yilda livanlik milliarder, farang neft shirkati yetakchisi hamda Putin bilan uchrashish uchun 50 ming yevro olgani haqidagi xabarlar ortidan sho‘ng‘idi.

Saylovoldi kampaniyasi 22 aprel kuni kech rasman to‘xtatildi. Aynan shu paytda Fransiyaning xorijdagi hududlarida hamda AQSh va Kanadada Fransiya fuqarolari uchun saylov boshlandi. Saylov natijalari 23 aprel kuni mahalliy vaqt bilan kechki 8:00 larda e’lon qilinishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG