Stokholmdagi hujum ijrochisi Rahmat Oqilovning 44 yashar akasi Olim Oqilov 23 aprel, yakshanba kuni Samarqand shahrida xavfsizlik kuchlari tomonidan hibsga olindi. Bu haqda Ozodlikka Olim Oqilovning ikki qarindoshi ma’lum qildi. Ayni kunning o‘zida Stokholmda Shvetsiya politsiyasi va xavfsizlik kuchlari qo‘shma amaliyot o‘tkazib, hujumga aloqadorlikda gumonlangan yana bir shaxsni hibsga olganlar.
Olim Oqilovning 39 yashar ukasi Rahmat Oqilov 7 aprelda Stokholm markazidagi Drottninggatan ko‘chasida yuk mashinasini odamlar ustiga haydashi natijada 4 kishi qurbon bo‘lgan va yana 15 kishi jarohat olgandi.
Hujumdan bir necha soat o‘tib Rahmat Oqilov Stokholm chetida hibsga olingan va keyinchalik dastlabki sud jarayonida, advokatiga ko‘ra, “o‘z aybini tan olgan” edi.
Iztirob
Yaqinlariga ko‘ra, 23 aprel kuni tushlikdan keyin "o‘zlarini milliy xavfsizlik xodimlari deb tanishtirgan uch kishi" 44 yashar Olim Oqilovni Samarqand shahrining janubida joylashgan “Yangi hayot” mahallasidagi uyidan olib ketgan.
Ozodlik suhbatdoshlaridan biri Olim Oqilovning aynan nima uchun hibsga olinganini bilmasliklarini aytdi.
"Nega olib ketishganin bilmaymiz. Ukasining qilmishiga aloqador bo‘lishi mumkin. Olim bir necha kundan beri iztirobda yurgandi. Ukasining sudida qatnashish uchun Shvetsiyaga borishni planlashtirgandi," - dedi u.
Stokholmdagi amaliyot
Olim Oqilov hibsga olingan kunning o‘zida Stokholmda Shvetsiya politsiyasi va xavfsizlik xizmati xodimlari qo‘shma amaliyot o‘tkazib, Stokholmdagi hujumga aloqadorlikda gumonlangan yana bir shaxsni hisbga olganlar.
Bu haqda Shvetsiya politsiyasi 24 aprelda press-reliz tarqatib, "Drottninggatandagi terror hujumidan keyin yirik miqdordagi istihborot materiallari ko‘rib chiqildi. Natijada yana bir shaxs hisbga olindi," deya bildirdi.
Press-relizda hibsga olingan shaxs haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.
Shvetsiyadagi nufuzli Expressen nashri o‘z manbasiga tayangan holda hibsga olingan shaxsning chechen jangarilariga aloqadorligini xabar qildi.
Hozirga qadar Stokholmdagi hujumga aloqadorlikda gumonlanib Rahmat Oqilovdan tashqari yana bir kishi hibsda qolayotgan edi.
IShID buyrug‘i
Expressen nashrining huquq-tartibot idoralaridagi o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, Rahmat Oqilov tergov paytida Stokholmdagi hujumni sodir etish buyrug‘ini IShID ekstremist guruhidan olganini aytgan.
"Tergov chog‘ida Rahmat Oqilov buyruqni IShIDdan olganini aytgan," deb yozadi Expressen.
Rahmat Oqilov hujum rejasini bir hafta muqaddam tuzib chiqqanini bildirgan.
"Reja bo‘yicha mashinaga o‘rnatilgan portlovchi modda ishga solinishi kerak bo‘lgan, biroq portlash yuz bermagach, qonga belangan Rahmat Oqilov jinoyat sahnidan qochgan," deb yozadi Expressen.
Xabarda shuningdek ta’kidlanishicha, Rahmat Oqilov hujum paytidan hibsga olingunga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida IShIDdagi "birodarlar" bilan telefon aloqasida bo‘lgan.
10 aprel kuni shved ommaviy axborot vositalari Rahmat Oqilovning Telegram orqali IShID tarafdorlari yoki a’zolari bilan bo‘lgan yozishmalarini nashr etgandi.
Rus tilidagi ushbu yozishmalardan Oqilovning hujumni qanday amalga oshirish haqida ochiq muloqot olib borganini ko‘rish mumkin.