Prezident Mirziyoevning dehqon bozorlarini rekonstruktsiya qilish va ular o‘rnida zamonaviy savdo majmualari qurish haqidagi 25 mart kungi qarori ijrosiga qattiq kirishgan ayrim mahalliy hokimiyatlar do‘koni buziladigan savdogarlarni tovon puli berilmasligi, do‘konlarini ham o‘z hisoblaridan buzishlaridan ogohlantirmoqda.
Dushanba kuni Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani markazidagi bozorda savdo qiluvchi tadbirkor va do‘kon egalari “besh kun ichida do‘konlarini o‘z hisoblaridan buzishlari" haqida ogohlantirish xati olishdi.
“Siz tomondan ushbu xususiy binoni 5 kun muddat ichida o‘z kuchingiz va mablag‘ingiz bilan buzib olishingiz talab etiladi”, - deyilgan tuman hokimi muovini nomidan yozilgan ogohlantiruv xatida.
G‘allaorol hokimiyatining Ozodlik suhbatlashgan mulozimiga ko‘ra, tuman markazidagi bozor o‘rnida zamonaviy arxitektura talablariga javob beradigan supermarket qurilishi sabab u yerdagi do‘konlarni buzish boshlangan.
"Bozorda 110 ta do‘kon bor. Ularning hammasi buziladi va bozor o‘rnida 150 ta rastalik supermarket quriladi. Do‘koni buzilganlarga shu rastalarni ijaraga beramiz", - dedi hokimiyat mulozimi.
G‘allaorol bozoridagi do‘kon egalaridan biri Ozodlik bilan suhbatda mahalliy hokimiyat bunday qaror bilan tadbirkorlarning mulkchilik haqlarini toptayotganini aytadi:
- Bu do‘kon mening mulkim bo‘lsa, kadastrda mening nomimda bo‘lsa ham hokimiyat tovon bermas ekan. Buning ustiga¸ o‘zimizning hisobimizdan buzdirayapti. Besh kun ichida buzasan, buzmasang o‘zimiz buzamiz, buzish xarajatini bo‘yningga ilib qo‘yamiz¸deyapti. Shuncha pul sarflab do‘kon qursak, xaridorlarni shu yerga o‘rgatsak, hokimiyat kelib bir kunda "buzasan!" desa. Unda mamlakatda tadbirkorlik rivojlanmaydiku,- dedi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan g‘allaorollik tadbirkor.
Mahalliy hokimiyatga yaqin mulozimning Ozodlikka bildirishicha¸ bozorni buzish uchun G‘allaorol hokimligi hisobida mablag‘ yo‘qligi bois¸ buzish xarajatlari jabrlanuvchi-tadbirkor bo‘yniga ilinmoqda.
Tadbirkorlar noroziligini pasaytirish uchun hokimiyat yangi qurilgan supermarket rastalarini¸ birinchi navbatda¸ do‘koni buzilgan savdogarlarga berishni va’da qilmoqda.
Hozircha yangi supermarket qurilgunga qadar bozorning qaerga ko‘chirilishi, g‘allaorolliklar bozor-o‘char uchun qaerga borishlari ma’lum emas.
"Hozir buni hokim bilan, bozordagi do‘kon egalari bilan maslahatlashayapmiz. Do‘kon egalari bozorga yaqinroq joydan so‘rashayapti, lekin buning iloji yo‘q. Supermarketni¸ Xudo xohlasa¸ mana shu mustaqillik kuniga topshiramiz. Shungacha ularga biron joydan vaqtinchalik joy qilib beramiz, - dedi G‘allaorol hokimligi mulozimi.
O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham shahar va tuman hokimliklari mavjud bozorlarni buzib¸ ular o‘rnida¸ prezident qarorida aytilgan¸ zamonaviy super va gipermarketlar qurishga hozirlikni boshlab yubordi.
Dushanba kuni Sirdaryoning Oq oltin, Samarqandning Payariq, Qashqadaryoning Muborak, Xorazmning Xonqa tumani bozorlarida ham savdogarlar va do‘kon egalari hokimiyatlardan do‘konlari buzilishi haqida ogohlantiruv xatlari olishgan.
Shunday xat olgan sirdaryolik tadbirkorlardan biri, mahalliy hokimiyat rasmiylarini bu jarayondan rastalarni qayta sotish va o‘z hamyonini to‘ldirish maqsadida foydalanyotganini aytadi:
- Hokimiyat bozordagi xususiy do‘konlarni buzib, o‘rnida o‘z rastalarini qurayapti. Keyin shu rastalarni savdogarlarga ijaraga berish bularning rejasi. Qurilajak yangi bozordagi eng kichik do‘konning oylik ijarasi 2 million so‘m bo‘ladi, deyishyapti. Bizga umuman foyda qoldirmayapti hokimiyat, - dedi sirdaryolik savdogar.
Oq oltin tuman hokimligi rasmiylari esa¸ yangi bozordagi savdo rastalari va do‘konlar uchun ijara tariflarini ular emas, balki hukumat belgilaganini aytmoqda.
25 mart kuni O‘zbekiston prezidenti 2017-2019 yillarda dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Ayni qarorga muvofiq kelasi ikki yil ichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi barcha mavjud dehqon bozorlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, xatlov natijalariga ko‘ra rekonstruktsiya qilinadi.
Qarorda rekonstruksiya ishlarining O‘zbekiston milliy banki kreditlari, shaharlarda esa tadbirkorlik sub’ektlari mablag‘larini yo‘naltirilgan holda amalga oshirilishi aytilgan.
Bozor rekonstruksiyasi uchun ajratilgan kreditlar esa¸ rastalar ijarasi va bozordagi sotuvdan tushgan mablag‘lar hisobidan besh yil ichida qaytarilishi kerak.