O‘zbekiston hukumati Yagona portalida 29 aprelga qadar muhokamaga qo‘yilgan «Bolalar sog‘ligiga zarar yetkazuvchi axborotdan ularni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qabul qilinsa¸ o‘zbek bolalari faqat "milliy mafkuraga mos" ijobiy qahramonlar haqidagi kitoblarni o‘qishga majbur bo‘ladi.
Qonunlar muhokamasi uchun ochilgan hukumat Yagona portalida 14 aprel kuni «Bolalar sog‘ligiga zarar yetkazuvchi axborotdan ularni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
O‘zbekiston prezidentining № PP-2833 qaroriga asosan ishlab chiqilgan bu loyiha muhokamasi 29 aprelga qadar davom etadi va shundan so‘ng O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati muhokamasiga qo‘yiladi.
Joyiy yilning 1 dekabriga qadar kuchga kirishi kutilayotgan bu qonun loyihasi O‘zbekistonda nashr qilinadigan kitoblarning o‘quvchi yoshiga qarab ishoratlanishini ko‘zda tutadi. Qonun loyihasida «oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, jinsiy buzuqlikni targ‘ib qiladigan, shuningdek ota-onalar va oilaning boshqa a’zolariga nisbatan hurmatsiz munosabatni shakllantiradigan» nashrlardan bolalarni himoya qilish tizimi malakalanadi.
"Mafkuraga zid" kitoblar qatag‘oni
Qonun loyihasida yozilishicha¸ «shafqatsizlik, jismoniy va (yoki) ruhiy zo‘ravonlik, jinoyat yoki jamiyatga qarshi boshqa xatti-harakatlar tasvirlangan yoki ifodalangan»¸ «kuch ishlatilmagan o‘lim, kasallik, o‘z joniga qasd qilish, baxtsiz hodisa, avariya yoki falokatlar va (yoki) ularning oqibatlari shaklidagi» va «erkak va ayol o‘rtasidagi jinsiy munosabatlar tasvirlangan» va boshqa «milliy mafkuraga zid» kitoblarni bolalar tarafidan mutoala qilinishi taqiqlab qo‘yiladi.
Bunday mazmundagi nashrlar qonun talabi va ekspertlar xulosasiga ko‘ra¸ «taqiqlangan nashrlar reestriga kiritiladi».
Qonun qabul qilinganidan so‘ng reestrga kirgan kitoblar maktab darsliklaridan olib tashlanadi. Agar bu nashrlar chet eldan olib kelinsa bojxona xodimlari tarafidan musodara qilinadi.
«Pochta orqali posilka savdosi yoxud buyurtmanoma berish (elektron savdo) uchun elektron aloqa vositalaridan foydalangan holda tarqatilishiga ruxsat etilmaydi.» deyiladi qonun loyihasida.
"Zararli kitob"ni aniqlaydigan hakam kim?
Jamoatchilik muhokamasi joriy hafta tugaydigan mazkur loyihada nashrning «bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot» ekanligini Respublika idoralararo komissiyasi belgilashi belgilangan.
Agar bu komissiya nashrni faqat "bolalar o‘qimasin" deb topgan taqdirda¸ kitoblar (nashrlar) yosh tasnifiga maxsus raqam bilan ishoratlanadi.
Qonun loyihasining 19-moddasida yosh tasnifi «yetti yoshga to‘lmagan bolalar¸ yetti yoshdan o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lganlar uchun» deb belgilangan.
Ijobiy qahramonlardangina iborat kitob o‘qish
Bu kategoriyadagi bolalar o‘qiydigan kitoblarda qahramon « sigaret chekmasligi¸ ota-onasi va kattalarga gap qaytarmasligi¸ oila qadriyatlarini hurmat qilishi¸ muomala odobiga zid bo‘lgan» so‘zlarni ishlatmasligi kerak.
Shuningdek «o‘z joniga qasd qilish» «baxtsiz hodisa» va «kuch ishlatilmagan o‘lim» holatlari aks etgan kitoblar ham eskpert komissiyasi xulosasiga ko‘ra 18 yoshga to‘lmagan bolalar uchun taqiqlanishi mumkin.
Loyihadagi bu qoidalar¸ qonunga aylangan taqdirda¸ ta’lim muassasalari va boshqa davlat idoralari uchun majburiylik kasb etadi.
Psixolog olim: Bu qonun loyihasiga qarshiman!
O‘zbekistonlik yozuvchi va psixolog olim Mahmud Yo‘ldoshev bu qonun loyihasini «falokat» deb atadi:
- Hozirgina men bu qonun loyihasini tanqid qiluvchi izohni hukumat portaliga jo‘natdim. Bu ta’lim sohasi va jinsiy tarbiyani yo‘qqa chiqaradigan¸ mulozimlar quyushqonidagi mafkurani tiqishtiradigan falokatli qonun loyihasidir. Amalda bu qonun mamlakatda senzura o‘rnatadi. Qonun loyihasini yozganlarga e’tirozimni bir jumla bilan ifoda qilaman - Nega mening bolam tepadagi monter istagan kitobnigina o‘qishi kerak? Konstitutsiyaga ko‘ra¸ O‘zbekistonda yagona mafkura yo‘q. Bu qonun loyihasi konstitutsiyaning ana shu bandiga zid keladi. Ular o‘zlarining qo‘lbola mafkurasini tiqishtirmoqchi. Agar bola 18 yoshiga qadar turfa ma’lumotlarni olmas ekan¸ u yetuk inson bo‘lib yetishmaydi. Mulozimlarga savol - Siz qanday qilib bolalarga jinsiy tarbiya bermoqchisiz? Agar bu haqda yozish va o‘qish taqiqlab qo‘yilsa? Mulozimlar qanday qilib bu qonunni amalga oshirmoqchi? Uyimga kelib¸ kutubxonamani taftish qiladimi? Bu qonun loyihasi O‘zbekistonda mutlaq senzura o‘rnatishga qaratilgan¸ deydi Mahmud Yo‘ldoshev.
Suhbatdoshga ko‘ra¸ bu qonun «mafkuraviy cheklovga rioya qilmaganlarni jinoyatchiga chiqarish» uchun mulozimlar qo‘lida qurol bo‘lishi mumkin va bu jamiyat uchun jiddy tahdiddir.
2009 yili Toshkentda jinsiy tarbiya haqida kitobcha yozgan faol Maksim Popov o‘z kitobida «behayo so‘zlarni ishlatgani» uchun yetti yilga hukm qilingan edi.
Sevgi uchun jon fido qilganlar haqidagi kitoblardan mosuvo avlod etishadi
Kitoblari yuz minglab adadda nashr qilingan va «erkak va ayolning ishqiy munosabatlarini» ochiq tasvirlagani uchun mulozimlar tanqidiga uchragan yozuvchi Habib Temirov nazarida bu qonun ishga tushsa¸ adabiyot darsligiga kirgan juda ko‘p asarlarni taqiqlashga to‘g‘ri keladi:
- Mulozimlar o‘zini tor qarichi bilan o‘lchab, yosh avlodni estetik savodsiz qilib qo‘yishi mumkin. Romeo va Julyetta ham, Layli va Majnun ham sevgi uchun o‘z joniga qasd qiladi. Bu ketishda "Anna Karenina"¸ "O‘tkan kunlar" kitoblari ham taqiqqa uchraydi¸ deydi yozuvchi.