Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 09:45

Mirziyoev tashrifi oldidan Jizzax ko‘chalarini melisa bosdi


Mirziyoev Jizzax shahrida. Ozodlik mobil muxbiri olgan surat.
Mirziyoev Jizzax shahrida. Ozodlik mobil muxbiri olgan surat.

Shavkat Mirziyoevning Jizzax viloyatiga safari davomida prezident borgan va borish ehtimoli bo‘lgan hududlar ichki ishlar xodimlarining kuchli nazoratiga olindi. Ozodlikka bog‘langan oddiy jizzaxliklarning aytishicha¸ militsiya xodimlari ko‘chalar boshida turib, odamlarni uyidan chiqarmagan¸ shahar va tuman markazlariga qo‘ymagan¸ ayrim hududlarda bozor va do‘konlarni yopishgan.

O‘zbekiston prezidenti 27 aprel kuni Jizzax viloyatiga safar qildi. Mahalliy ommaviy axborot vositalari bu tashrifga oid tafsilotlarni¸ prezidentning qaerga borib¸ kimlar bilan uchrashganini kun davomida yoritib bordi.

Xususan¸ mahalliy matbuotga ko‘ra¸ prezident Zafarobod tumanidagi "Chimqo‘rg‘on" qishloq fuqarolar yig‘ini hududida Jizzax neftni qayta ishlash majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida qatnashdi.

Bu safarning rasmiy va yarim rasmiy matbuot yoritmagan jihatlarini esa¸ oddiy jizzaxliklar Ozodlikka yo‘lladilar.

“Jizzax shahrida hayot to‘rt soatga to‘xtab qoldi”

Jizzax shahrida yashovchilardan birining Ozodlikka yozishicha, Shavkat Mirziyoevning safari sababli odamlar¸ hatto¸ uylaridan chiqa olmay qolgan.

“Bugun Jizzax shahrida hayot to‘rt soatga to‘xtab qoldi, chunki bizga prezident keldi. Hattoki mahallamizdan, ko‘cha boshidagi uylarimizdan chiqa olmadik. Hamma joyda militsiya va MXX. Hozir yo‘llarni ochib yuborishdi”, deb yozdi jizzaxliklardan biri Ozodlik Telegramiga.

"Prezidentni uzoqdan ko‘rishga ham qo‘yishmadi"

Boshqa jizzaxlik esa¸ prezident kelish ehtimoli bo‘lgan joylar atrofidagi ob’ektlar butunlay ishlamaganini xabar qildi.

“Bugun ertalab uy telefonim ishlamay qoldi. O‘ztelekomda ishlaydigan tanishimga telefon qilsam, bizni ishxonamizga qo‘ymayapti, bugun dam olamiz ekan, dedi. Sababi O‘ztelekom viloyat hokimligi binosi yonida joylashgan. Prezident kelayotgan vaqtda yaqin-atrofdagi binolarda ishxona, magazin va hokazolarga hech kim kiritilmadi. Samarqandga yoki Qoraqalpoqqa borganlarida ko‘chalarda oddiy xalq tomosha qilib turganini televizorda ko‘rgan edik. Nima sababdandir¸ bizni uzoqdan ham ko‘rgani qo‘yishmadi. Yana bir gap, bir haftadan buyon uzluksiz svet berilayapti. Ertadan boshlab yana eski sharoitga ko‘nikishga to‘g‘ri keladi, shekilli”, deydi bu jizzaxlik.

“Zafarobodda bozor va do‘konlar ham yopildi”

Zafarobod tumanida yashaydigan Ismoil ismli tadbirkor odamlar uylaridan chiqarilmagani va bozor, do‘konlar tushgacha yopilgani bois¸ o‘zi ham ishga borolmaganini aytdi.

“Har bir ko‘chaning boshiga militsiya qo‘yib tashlagan. Chiqib ishga bormoqchi bo‘lsak, bor¸ uyingda tinchgina o‘tir, deb qaytarib yuborayapti. Bugun Mirziyoev kelib-ketguncha bozor va do‘konlar ham ishlamadi. Lekin Mirziyoev tuman markaziga kelmadi, u vertolyotda Chimqo‘rg‘onga borib qaytdi”, deydi Ismoil

“Forishga bu prezidentning ham oyog‘i tegmadi”

Forishliklardan biri Ozodlikka Mirziyoevning kelishini orziqib kutgan forishliklar prezident bu rayonni chetlab o‘tganini eshitib¸ ko‘ngli o‘ksiganini yozadi.

“Prezident sement zavodiga keldi, lekin Forish tumaniga kelmadi. Ko‘pchilikning prezident bilan uchrashish va bu yerdagi muammolar haqida gapirish orzusi bor edi. Bu joylarga birorta prezidentning qadami yetmagan. Islom Karimov ham biror marta kelmagan. Shuning uchun ham tuman har tomondan qoloq bo‘lib yotibdi va toki prezident kelmaguncha qoloq bo‘lib yotaveradi”, deb yozdi forishliklardan biri.

XS
SM
MD
LG