Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 08:42

Qariyb 10 ming aholiga xizmat qiluvchi tibbiyot punkti "molxonadan battar ahvolda"


Avariya holatidagi qishloq vrachlik punkti
Avariya holatidagi qishloq vrachlik punkti

Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi Panji qishlog‘i vrachlik punkti o‘tgan asrning 50-yillarida qurilgan binoda joylashgan. Qariyb 10 mingga yaqin aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishga mas’ul bu binoga¸ qishloq ahlining Ozodlikka aytishicha¸ vrach ham¸ bemor ham jon hovuchlab kiradi.

Kitob tuman Panji qishlog‘i vrachlik punkti(QVP)ga qatnashga majbur onalardan biri Ozodlik bilan suhbatda nuray deb turgan eski imoratning bugungi ko‘rinishini urush ko‘rgan binoga qiyoslaydi.

“Bu o‘tgan asrning 50-yillarida bog‘cha uchun qurilgan bino. Oddiy yog‘och va loydan qurilgan. O‘tgan yilning qish faslida bir tomoni qo‘porilib ham tushdi. Devorlari yorilib ketgan, yog‘ochlari chirigan, potoloklar uzilib tushgan. Qachon sel kelsa ichi loyqaga to‘ladi. Ichkaridagi uchta xonada bolalar emlanadi, ayollarning homilasi tekshiriladi, og‘ir kasallarga osma ukol qo‘yiladi, lekin hech qanday sharoit yo‘q. Sanitariya va gigiena haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Ahvol molxonadan battar¸ ba’zilarning molxonasi ham bundan yaxshi”, deydi o‘zi ham bu binoga har gal hadik bilan kirishini ta’kidlagan bu ayol.

Avariya holatidagi qishloq vrachlik punkti
Avariya holatidagi qishloq vrachlik punkti

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir panjilik esa, qishloq ahlining tuman Tibbiyot birlashmasi va hokimlikka yangi QVP qurib berish haqida qilgan murojaatlari natijasiz qolayotganini aytdi.

“Masalan, 2-3 ming aholisi bor boshqa qishloqlarga zamonaviy QVPlar qurib berilgan. Lekin, Chig‘atoy, Chorvo, Nurafshon, Qushboshi, Quyioqboy, Yuqorioqboy qishloqlarida yashovchi qariyb 9 ming aholiga xizmat qiladigan bizning ambulatoriya xarob ahvolda. Bu yerda 8 nafar vrach va 20 ga yaqin hamshira ishlaydi. Tuman hokimligiga mahallamiz bir necha marta murojaat qildi, lekin natija bo‘lmayapti”, deydi bu suhbatdosh.

Panji mahalla fuqarolar yig‘ini oqsoqoli Shuhrat Obidov ambulatoriyaning juda ayanchli ahvolda ekanligini tasdiqlar ekan, hokimlik yangi bino qurilishida yordam berishga va’da qilganini bildirdi:

- Bu bino loyihaga kiritilmasdan qolib ketgan. Hokimiyat bilan kelishganmiz, bu binoni buzib olamizda¸ hashar yo‘li bilan yangi bino quramiz. Hokimiyat qurilish materiallari bilan ta’minlashni va’da qilgan, dedi mahalla oqsoqoli Shuhrat Obidov.

Avariya holatidagi qishloq vrachlik punkti
Avariya holatidagi qishloq vrachlik punkti

​Kitob tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shavkat G‘afurov Panji QVPsi ahvolidan xabardorligini aytar ekan, joriy yilda yangi bino qurilajagini ma’lum qildi:

- Bu masala kontrolda turibdi, borib fuqarolar bilan uchrashganmiz ham. Bino avariyniy bo‘lib qolgani haqida mahallaning o‘zi hokimga xat chiqargan. Hokim qaror ham chiqargan. Demak, birinchisi, o‘sha binoni buzib, undan chiqqan qurilish materiallari va qo‘shimcha materiallar bilan yonidan uchta yangi xona qurish. Ikkinchidan, o‘sha hududda aholi ko‘p bo‘lgani uchun¸ birinchi navbatda¸ QVP yoki poliklinika qurilishi dasturga kiritiladi, dedi Shavkat G‘afurov.

Kitob tuman hokimi o‘rinbosari Iskandar Halimov ham Ozodlik bilan suhbatda masalani o‘rganib, ijobiy hal etishga va’da berdi.

O‘tgan yil fevral oyida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Guliston qishlog‘idagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordam muassasasi bosh vrachi, muassasa binosining yaroqsizligi haqida rasmiylarga arz qilgani uchun ishdan olingan edi.

Bu vrach¸ uzoq yil zaharli kimyoviy moddalar ombori bo‘lgan 60 yillik binoning bundan 10 yilcha avval qariyb 10 ming aholiga xizmat ko‘rsatadigan “Guliston” qishloq vrachlik punktiga berilganini bildirgan edi.

2014 yilda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Qishloq vrachlik punktlarini yanada maqbullashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan va yomon sharoitlardagi 243 vrachlik punkti yopilgan edi.

1990 yillar oxirlarida O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan boshlangan sog‘liqni saqlash islohatlarining asosiy maqsadlaridan biri sifatida birlamchi tibbiyot muassasalari tizimini takomillashtirish vazifasi qo‘yilgan va aynan qishloq vrachlik punktlarini aholiga yaqinlashtirish ko‘zda tutilgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ham qishloq vrachlik punktlaridagi ayanchli ahvolni tanqid qilgan va QVPlarga 2500 nafar vrach yetishmayotganini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG