Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:23

Rossiyada Xodorkovskiyga aloqador tashkilotlar taqiqlandi


Rossiya bosh prokurori sobiq oligarx Mixail Xodorkovskiyga aloqador xorijda ro‘yxatdan o‘tgan uchta tashkilot faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi. Bu chora bo‘lajak saylovda muxolifat qo‘lini bog‘lab qo‘yishi mumkin.

26 aprel kuni Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan “Ochiq Rossiya” hamda “Ochiq Rossiya ijitimoiy harakati” tashkiloti hamda AQShda ro‘yxatdan o‘tgan “Zamonaviy Rossiya” instituti “nomaqbul” tashkilotlar safiga kiritilib, ularning Rossiyadagi faoliyat ko‘rsatishiga chek qo‘yildi.

Mazkur qaror Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan “Ochiq Rossiya” tashkilotlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilmaydi.

Shunday bo‘lsa-da, 27 aprel kuni “Ochiq Rossiya” guruhining Moskvadagi bo‘limi direktori Mariya Baronova huquq-tartibot rasmiylari guruh ofislarini tintuv qilayotganini bildirdi.

Tahlilchilarning fikricha, Xodorkovskiy tuzgan tashkilotlarga qo‘yilgan to‘siqlar ularning saylov bilan bog‘liq faoliyatiga halal berishi mumkin.

Moskvadagi “Iqtisodiy va siyosiy islohotlar markazi” direktori Nikolay Mironov “Mazkur qarorga navbatdagi saylov kampaniyasi arafasida hamda undan keyingi saylovlarni ko‘zda tutib kelingani ayon”, dedi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2018 yilning martiga belgilangan prezident saylovida to‘rtinchi marta o‘z nomzodini qo‘yishi kutilmoqda.

“Mazkur kampaniya kelayotgan federal saylovlar – prezident saylovi hamda navbatdagi Duma sayloviga tayyorlanish uchun qo‘yilgan qadam desak bo‘ladi”, dedi Mironov.

Xodorkovskiy tashkilotlarining man etilgani ular har qanday nomzodga yoki saylovni kuzatuvchi tashkilotga trening yoki maslahat bera olmasligini hamda ularga moddiy yoki tashkiliy yordam ko‘rsata olmasligini anglatadi.

Ayni damda, mahalliy “Ochiq Rossiya” tashkilotlari 29 aprel kuni Rossib bo‘ylab korrupsiyaga qarshi namoyish o‘tkazishni rejalashtirgan.

Namoyish uyushtiruvchilari 29 aprelga rejalashtirilgan tadbirlar bekor qilinmasligini bildirishdi. Namoyishlarga 11 shaharda ruxsat olingan. Moskva va Sankt-Peterburgda esa, ularga ruxsat berilmadi. Namoyishchilarning asosiy talablaridan biri 2000 yildan beri hukumat tepasida qolayotgan Putin yana o‘z nomzodini ko‘rsatmasligiga erishishdir.

Rossiyadagi “Ochiq Rossiya” guruhi direktori Aleksandr Solovyov o‘z tashkilotlarining man etilgan tashkilotlarga yuridik jihatdan hech qanday aloqasi bo‘lmasa-da, bosh prokuror qarori ularning faoliyatini cheklashi mumkinligini aytdi.

Ozodlik radiosining “Nastoyashchee Vremya” loyihasi bilan suhbatda u “Afsuski, Rossiyada qonun ustuvorligi umuman yo‘q. Aslida “Ochiq Rossiya” harakati aynan har qanday tashkilotga nisbatan noqonuniy chora ko‘rilishiga qarshi kurashadi”, dedi.

XS
SM
MD
LG