Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 09:34

Qudratli MXXchining akasi Amerikadagi elchilik lavozimini tark etdi


O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Baxtiyor G‘ulomov elchilik lavozimidan ketgani ma’lum bo‘ldi. Ozodlik G‘ulomovning elchilik lavozimi bilan xayrlashib, o‘tgan haftada Toshkentga qaytib kelganini bir qancha manbalar orqali tasdiqladi. Uning O‘zbekistonga qaytishiga “missiyasi tugagan”, degan rasmiy sabab keltirilmoqda.

Baxtiyor G‘ulomovning elchi lavozimini tark etganini O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham, O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi ham na rasman tasdiqladi, na inkor etdi.

Avvalroq, hukumatga yaqin ko‘riladigan Toshkentda nashr etiluvchi Uzmetronom.com sayti o‘z manbalariga tayanib, O‘zbekistonning AQShdagi elchisi G‘ulomov Toshkentga chaqirtirilib, vazifasidan olingani haqida xabar bergan edi.

53 yoshli Baxtiyor G‘ulomov O‘zbekistondagi qudratli Milliy xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan general-leytenant Shuhrat G‘ulomovning akasidir.

Shu yilning fevralida Shuhrat G‘ulomov egallab turgan lavozimidan pasaytirilib, MXX boshqaruviga kelgunga qadar ishlagan hududi - Surxondaryo viloyati boshqarmasiga yuborilgani haqida Ozodlik ma’lum qilgan edi.

Ozodlikning bir-biridan mustaqil ishonchli manbalari ta’kidicha¸ Shuhrat G‘ulomov Islom Karimov o‘limidan keyin istalmagan mulozimga aylangan.

Shuhrat G‘ulomov 2016 yilning 2 sentabri - prezident Islom Karimov o‘limi rasman e’lon qilinganidan keyin ayrim oila a’zolarini AQShga doimiy istiqomatga jo‘natgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Lekin, Shuhrat G‘ulomovning keyingi taqdiri Ozodlikka ma’lum emas.

Uzmetronom.com saytida bosilgan maqolada Baxtiyor G‘ulomovning elchilik lavozimidan olinishi ukasining taqdiri bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligiga ishoralar bor.

Lekin, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidagi Ozodlik manbalari Baxtiyor G‘ulomov missiyasi tugagani, uch yildan ortiq o‘tirgan barcha elchilar chaqirtirib olinayotganini aytishdi.

2012 yildan beri O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi lavozimida ishlab kelgan Ravshan Usmonov ham elchilik lavozimi bilan xayrlashgani va Toshkentga chaqirtirib olingani borasida Ozodlik xabar bergan edi.

Baxtiyor G‘ulomov 2013 yildan beri O‘zbekistonning AQShdagi elchisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

U ayni paytni o‘zida o‘rindoshlik asosida O‘zbekistonning Kanada va Braziliyadagi elchisi ham edi.

AQShga elchilikka tayinlanishidan oldin G‘ulomov Belgiya Qirolligida O‘zbekiston elchisi bo‘lib ishlagan hamda mamlakatning Yevropa Ittifoqi va NATOdagi missiyasini boshqargan, 2005-2009 yillarda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi lavozimida ishlagan (2007 yilda qo‘shimchasiga Shveytsariyada elchi va 2008 yildan boshlab Shvetsiya va Berlinda elchi).

G‘ulomov tashqi ishlar vazirligi tizimida 1992 yildan beri ishlab kelgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, o‘tgan haftada Toshkentga qaytib kelgan Baxtiyor G‘ulomovga vazirlikda hozircha hech qanday lavozim taklif etilmagan.

Ozodlik aka-uka G‘ulomovlarga oid voqealarni kuzatishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG