Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 12:53

O‘zbekistonning qora bozorida 1 dollar 8000 so‘mdan oshdi


O‘zbekiston valyuta "qora bozori"da bir AQSh dollari narxi yangi psixologik baryerdan o‘tdi va mamlakat bo‘ylab 8000 so‘mdan qimmatga sotila boshladi. 28 aprel kuni Toshkentning Chorsu bozorida bir AQSh dollarining sotib olish narxi 8000 so‘m¸ sotilish narxi esa¸ 8050 so‘m miqdorida bo‘ldi. Ozodlik suhbatlashgan moliyaviy tahlilchilar fikricha, O‘zbekistonda axborot olish imkonsizligi sababli valyuta "qora bozori"dagi vaziyatni ilmiy tahlil qilish imkonsizdir.

Toshkentning Chorsu bozoridagi sarroflardan birining Ozodlikka aytishicha, 28 aprel kuni ertalab "dollar olish 8000 so‘m, sotish esa 8050 bo‘lgan".

Kunning ikkinchi yarmiga kelib, dollar kursi biroz tushgan.

- Hozir 8000 atrofida bo‘lyapti, - deydi Toshkentning Chorsu bozoridagi sarroflardan biri.

Ayni kuni O‘zbekiston Markaziy banki bir AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy qursini 3706.20 so‘m qimmatida belgiladi.

O‘zbekistonda valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi yirik sarroflar qo‘lga olinishi ham dollar kursining o‘sishini to‘xtatib qola olmagan.

O‘tgan oy O‘zbekiston xavfsizlik idoralari Toshkentning Chorsu bozori yaqinidagi Zarqaynar mahallasida amaliyot o‘tkazib, mamlakat “qora bozor”ining xalq orasida “Asl” deb ataluvchi eng katta sarroflaridan biri va unga yaqin ko‘rilgan odamlarni qo‘lga olgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, “Asl”ning Zarqaynar mahallasidagi idorasini Toshkentning Olmazor tumani Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti xodimlari muhrlashgan.

O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilayotgan bunday reydlarga qaramay, ko‘p joylarda “qora bozor”lar erkin faoliyat yuritmoqda, dollar qiymati esa, ko‘tarilishda davom etmoqda.

Toshkentdagi valyuta "qora bozor"larini aylanib chiqqan iqtisodchi Toshbekning aytishicha, sarroflar avvalgidek bemalol faoliyat yurityapti.

- Dollar "qora bozor"da rekord qo‘ydi. 8000 so‘mdan sotilyapti, - deydi Toshbek.

Ozodlik suhbatlashgan moliyaviy tahlilchilar esa, bu ko‘tarilishning sabablarini aytishga qiynalishmoqda.

-O‘zbekiston "qora bozori"ni o‘ynatayotgan o‘yinchilar nihoyatda ko‘p va bu qorong‘u makondan ma’lumot olish imkonsizligi sabab dollar oshishiga konkret sabab aytib bo‘lmaydi, - deydi toshkentlik iqtisodchi Tohir Sobirov.

O‘zbekistonda dollar narxining oshishi esa, odatdagidek, mamlakatga xorijdan keltirib sotilayotgan xalq iste’moli mollari, maishiy va uy-ro‘zg‘or tovarlari narxining ham oshishiga sabab bo‘ldi.

- Oziq-ovqat mahsulotlari narxida o‘zgarish yo‘q. Lekin, orgtexnika dollarga qarab oshyapti. Ayrimlar sotmayapti. Chunki dollar qimmatlashi bilan mol tan narxi so‘mda tushib ketyapti, u molni dollarga olib kelgan-da, - deydi O‘zbekiston bozorlaridagi vaziyatdan xabardor tadbirkorlardan biri.

O‘zbekistondagi eng yirik shirkatlardan biri GM Uzbekistan ham, aftidan, mashinalarga dollarning “qora bozor”dagi kursiga qarab narx belgilamoqda.

Shirkat tomonidan ishlab chiqariladigan yangi Chevrolet Malibu biznes-klass toifasidagi sedanning narxi 210 million so‘mni tashkil qiladi. Bu esa “qora bozor” kursida 26500 AQSh dollari demakdir.

Lekin, mazkur avtomobil uchun xalqaro plastik karta orqali haq to‘lansa, uning narxi qariyb ikki baravar kam, 110 million 852 ming so‘m qilib belgilangan.

XS
SM
MD
LG