Линклар

Шошилинч хабар
18 май 2024, Тошкент вақти: 21:01

O'zbekiston vazirlari AQShda siyosiy va biznes doiralar bilan muloqotda


Abdulaziz Komilov
Abdulaziz Komilov

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Kapital bozorlarini rivojlantirish agentligi rahbari Otabek Nazirov, shuningdek, yetakchi senator Sodiq Safoyev bu hafta AQShda. Maqsad - Vashington va Nyu-Yorkda muzokaralar o'tkazib, bu davlat bilan hamkorlikni oshirish, xususan inson huquqlari va islohotlar, iqtisodiy va moliyaviy masalalarda Amerikadan ko'proq yordam va xayrixohlik olish.

Vashingtonda 18 iyul kuni Diniy erkinlik bo'yicha xalqaro anjuman o'tmoqda. O'zbekiston ham yuzlab davlatlar qatorida o'z vakillarini yuborgan. Tadbir asosan tashqi ishlar va adliya vazirlari darajasida o'tadi.

AQSh e’tiqod erkinligiga asoslangan tuzumdir, deydi Mayk Pompeo, davlat kotibi. Huquq va adolat - bu mamlakat ustuni. Diniy erkinlik - nasroniy, yahudiy, musulmon yoki buddist erkinligi bilan cheklanmaydi, dedi u. Diniy erkinlik - umumbashariy, umuminsoniy erkinlik.

Vitse-prezident Mayk Pens deydiki, Amerika diniy jihatdan ezilgan odamlarni himoya qiladi. Maqsad tinchlik va ezgulik bo’lsa, deydi Pens, AQSh siz tomonda.

O'zbekiston delegatsiyasi Nyu-Yorkda nufuzli Kolumbiya universitetida bo'lib, bu dargoh bilan ilmiy-amaliy sheriklikni yo'lga qo'yish hamda dunyo moliya bozori joylashgan shaharda o'z sheriklariga ega bo'lishni ta'minlash haqida kelishib olgan.

Vashingtonda Jahon bankida ham uchrashuvlar kechgan. Unda O'zbekistondagi moliyaviy ahvol va kapital bozori shakllanishi uchun qilinayotgan ishlar haqida gap ketgan.

Toshkentdan kelgan rasmiylar AQSh Moliya vazirligiga ham tashrif buyurgan. Texnik ko'mak olish, ya'ni O'zbekistonda endi oyoqqa turayotgan kapital bozoriga funksional yordam berish borasida gaplashilgan.

Tashqi ishlar vaziri Komilov Oq uyda Prezident Trampning Milliy xavfsizlik masalalari bo'yicha maslahatchisi Jon Bolton bilan muloqot qilgan. Vashington O'zbekistondagi islohotlarni quvvatlab keladi va uning nazarida bu jarayonlar butun Markaziy Osiyoga ijobiy ta'sir o'tkazmoqda.

Kelishuv va memorandumlar olamshumul yangilik emas. Amerika siyosiy, biznes va ilmiy doiralarida savollar ko'p. Asosiylari, jumladan: Islohotlar bugungacha nimani yangiladi? Konkret natijalar nimalardan iborat? O'zbekiston bugun qanchalik erkin? Qonun, adolat qanchalik ustuvor? O'zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash qanday kechmoqda? Toshkentga ishonish uchun qanday asoslar bor?

O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida delegatsiya bilan katta davra suhbati kutilmoqda. Unda mamlakatdagi bugungi vaziyat, tashqi siyosatdagi ustuvor maqsadlar, shuningdek, adliya va inson huquqlari bobidagi o'zgarishlar va muammolar hamda kapital bozori va iqtisodiy muhit muhokama qilinadi.

XS
SM
MD
LG