Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 01:33

Bishkekdagi sud: Bobomurod Abdullayev 8 sentabrga qadar hibsda qoladigan bo‘ldi (VIDEO)


Jurnalist Bobomurod Abdullayev.
Jurnalist Bobomurod Abdullayev.

Bishkekdagi Birinchi may tuman sudi sudyasi Abdrazaq Bo‘ro‘mbayev o‘zbekistonlik jurnalist Bobomurod Abdullayevni joriy yil 8 sentabrigacha hibsda qoldirish haqida qaror chiqardi. Jurnalist bu vaqt oralig‘ida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov hibsxonasida tutib turiladi.

B. Abdullayevning advokatlaridan biri Timur Sultanov mahkamadan so‘ng himoya tarafi sud qaroridan qoniqmaganini bildirdi.

Biz advokatlar sud qarorini noqonuniy va asossiz, deb hisoblaymiz. Chunki Jazo-protsessual kodeksi me’yorlari qo‘pol ravishda buzildi. Shu vajdan apellyatsiya tartibida Bishkek shahar sudiga ariza kiritamiz”, degan T. Sultanov bu ish kelayotgan 5 kun ichida amalga oshirilajagini qayd etdi.

Birinchi may tuman sudi 10 avgust kuni Bobomurod Abdullayevga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llash bo‘yicha mahkama o‘tkazishi haqida Ozodlik avval xabar qilgandi.

Jurnalist B. Abdullayev mahkamaga kirib kelish chog‘ida mahalliy jurnalistlar savollariga javob berarkan, o‘zining mutlaqo asossiz qo‘lga olinganini qayd etdi.

Meni O‘zbekistonning so‘rovi bilan qo‘lga olishibdi. So‘rovda go‘yo mening “Qora mergan” taxallusi bilan maqolalar yozganim aytilibdi va ular hatto 23 iyul kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudida bu bo‘yicha sirtdan ayblov chiqarishib, bu yoqqa jo‘natishibdi. Ayblovi yetib ham kelibdi bu yoqqa”, degan Bobomurod Abdullayev o‘zining “Qora mergan” sahifalariga hech qanaqa aloqasi yo‘qligini qo‘shimcha qildi.

Бишкек суди ҳукми: Журналист Бобомурод Абдуллаев 8 сентябргача ҳибсда қолади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:06 0:00

Ayni paytda B. Abdullayev qo‘lga olingan 9 avgust kuni ham, u tergov hibsxonasida saqlanib, keyinroq sudga olib kelingan 10 avgust kuni ham “Qora mergan” taxallusi bilan yozayotgan kishi Telegram-kanalida yangi yozuvlar paydo bo‘lib turdi.

Avvalroq B. Abdullayev YouTube videoportalidagi o‘z kanalida ayrim bloger va yozuvchilar uni “Qora mergan” taxallusi bilan yozayotgan kishi o‘laroq gumon qilayotganlarini, biroq o‘zining u odam emasligini ta’kidlab, chiqish qilgan.

Jurnalistning advokatlaridan yana biri Timur Karabayev bugungi suddan keyin Bobomurod Abdullayevning O‘zbekistonga topshirilishiga oid qarorni Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi chiqarishi mumkinligi, himoya tomonidan shikoyat arizasi kiritilgan taqdirda bu ish kelajakda sudda ko‘rilajagini ma’lum qildi.

Bu orada B.Abdullayevning uchinchi advokati Natalya Kotik avvalroq BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari vakolatxonasiga o‘z mijozi tomonidan boshpana so‘rab, ariza topshirilgani, unda o‘zbekistonlik jurnalist Qirg‘izistonda hayoti uchun tahdid paydo bo‘lganiyu o‘zining xavfsiz uchinchi mamlakatga ko‘chirilishida xalqaro tashkilotdan ko‘mak so‘raganini bildirdi.

Bobomurod Abdullayev 9 avgust oqshomida Bishkekdagi kafelardan birida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingani haqida Ozodlikka uning advokati Timur Karabayev ma’lum qilgan.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi mas’uli Raxat Sulaymanov esa Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga qidiruvga berilgan B. Abdullayev 8 avgust kuni O‘zbekistonning so‘roviga ko‘ra ushlanganini bildirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bobomurod Abdullayev Qirg‘izistonga shu yil fevralida Markaziy Osiyodagi Amerika universiteti taklifi bilan 4 oylik o‘qishga kelgan. Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli chegaralar yopilib qolgani vajidan u o‘qishini davom ettirish uchun Yevropaga uchib ketolmay qolgan.

Avvalroq jurnalistning Toshkentdagi advokati Sergey Mayorov Yakkasaroy tuman IIBga hamda DXXga o‘z mijozi ustidan jinoyat ishi ochilgan-ochilmagani xususida advokatlik so‘rovi yo‘llagani, so‘rovga javoban Yakkasaroy tuman IIB Abdullayev B.K.ga nisbatan hech qanaqa jinoyat ishi ochilmaganini bildirgani, DXX esa advokatga Abdullayev B.K. ustidan maxsus xizmatga ariza yoki shikoyatlar tushmaganini ma’lum qilganini xabar qilgandik.

Eslatib o‘tamiz, jurnalist Bobomurod Abdullayev 2017 yilning 27 sentabrida MXX tomonidan hibsga olingan. Shundan so‘ng u 2011 yildan "Usmon Haqnazarov" imzosi ostida "amaldagi tuzumni o‘zgartirishga chaqiruvchi" maqolalar chop etish va O‘zbekistonda "inqilob qilish"ga urinishda gumon qilinib, sudlangan. Mahkama davomida Bobomurod Abdullayev o‘zining Usmon Haqnazarov taxallusi ostidagi maqolalarning aksariyati muallifi ekanini tan olgan, biroq o‘zi yozgan maqolalarda davlat to‘ntarishiga chaqiriq bo‘lganini rad etgan. Shu bilan birga, sudda jurnalistga nisbatan tergov davomida qiynoq qo‘llanilgani qayd etilgan.

Prokuror B.Abdullayevga 5 yillik qamoq jazosi so‘ragan. Biroq 2018 yil 7 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida bo‘lib o‘tgan mahkamada jurnalist O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159- moddasi, 1- qismi, “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor topilib, unga ish haqining 20 foizini davlatga o‘tkazish va 3 yilga axloq tuzatish ishlariga jalb etish jazosi tayinlangan hamda sud zalidan ozod qilingan. Jurnalistning hibsda saqlangan 221 kun e’tiborga olinib, sudda bu muddat belgilangan jazo muddatidan chiqarib tashlagan.

Bobomurod Abdullayevning sud zalidan ozod qilinishi qator nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, YeXHTning Matbuot erkinligi bo‘yicha vakili, Amnesty International , CPJ va boshqa inson huquqlari tashkilotlari tomonidan olqishlagan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG