Линклар

logo-print
Markaziy Osiyoning internetda faol yoshlari qo'shni Qozog'istonning Olmaota shahrida "BarCamp - Markaziy Osiy 2011" norasmiy konferensiyasida yig'ilishdi. Mashhurligi yildan yilgan oshib borayotgan "BarCampCA" tadbirda bu yili 600ga yaqin yoshlar qatnashdi.

15-17 aprel kunlari KIMEP universiteti binosida bo'lib o'tgan "BarCampCA" norasmiy konferensiyasi Olmaota shahrida so’ngi uch yil davomida har yili o'tkazilinib keladi. Tashkiliy tarafi ozgina oqsashligiga qaramasdan bu yilgi “BarCampCA” norasmiy konferensiyasining umimiy sifati va qatnashchilari soni o'tgan yilgiga qaraganda ortgani ko'zga tashlanib turdi.
BarCamp o'zi nima?

BarCamp - internetda faol bo'lgan yoshlarning norasmiy konferensiyasi. BarCamp asosan internetdagi ijtimoiy tarmoqlarning faol foydalanuvchilari, bloggerlar, IT mutahassislari, o'z g'oyasini internet orqali tadbiq etayotgan yoki rejalashtirayotgan yoshlar uchun muloqot, tajriba almashish va boshqa faol yoshlar bilan aloqalar o'rnatishga mo’ljallangan maydonchadir.

BarCamp formatidagi konferensiya Markaziy Osiyoda birinchi bor 2008 yili Qirg'izistonning Bishkek shahrida bo'lib o'tgan. O’zbekistonda BarCamp 2009 yildan beri o’tkazilinib keladi.
Rossiya, AQSh, Qozog’iston, O’zbekiston, Qirg’iziston, Tojikiston va boshqa bir qator davlatlardan kelgan 600ga yaqin yoshlar uch kun davomida bir-biri bilan tajriba almashib, o’zlarining internet va yangi ma’lumot texnologiyalari sohasi bo’yicha bilimini oshirishdi.

“BarCampCA” tashkilotchisi Yelena Jetpispayevaning ta’kidlashicha, shu kabi tadbirlar Markaziy Osiyo yoshlari uchun juda ham foydalidir.

- BarCamp norasmiy konferensiyasi internetdagi faol yoshlar o’zlarining g’oyalarini boshqalar bilan o’rtoqlashishi mumkin bo’lgan joydir. Bu yerda siz yangi do’stlar, fikrdoshlar orttirishingiz mumkin. Agar BarCampga o’z loyihangiz bilan kelsangiz, uni tadbir homiylariga sotishingiz, ya’ni ularning yordamini olishingiz mumkin. BarCampning yana bir yaxshi tarafi shuki, Markaziy Osiyo faol yoshlari tadbir orqali bir-birlari bilan aloqa o’rnatishlari va shu aloqalar orqali kelajakda birga har xil loyihalar ustida ishlashlari mumkin, deydi "BarCampCA"ni uch yil davomida tashkil qilib kelayotgan Yelena Jetpispayeva

"BarCamp - Markaziy Osiyo 2011" ishtirokchilari ish ustida.
Bu yilning “BarCampCA” ishtirokchilari tadbirga bir qator yangi g’oyalar bilan kelishdi. Tadbirga homiylik qilgan Opera, Microsoft, Yandex kabi internetdagi “gigant” shirkatlar ishtirokchilar tarafidan taqdim etilgan yangi loyihalar bilan tanishib, ularning 20 tasiga moliyaviy yordam berishini e’lon qilishdi.

Internetda tadbiq etilajak yangi loyihalaring eng zo’ri deb www.vzyatochnik.info veb-sayti tanlandi. O’zini “Janob Hechkim” deya tanishtirgan sayt asoschisining aytishicha, ushbu veb-sayt Qozog’istondagi oliygohlarda avjiga chiqayotgan poraxo’rlikni ildizini quritishga mo’ljallangan. Saytda ro’yxatdan o’tgan talabalar anonim ravishda o’z universitetlarida poraxo’rlik bilan shug’ullanayotgan o’qituvchilar haqida xabar berishlari mumkin.

Bu yilgi "BarCampCA" qatnashchilarining asosiy qismini mezbonlar va Qirg'izistondan kelgan yoshlar tashkil etdi. O'zbekistondan atigi 8-10 kishi tashrif buyurdi, holos. Tashkilotchilarning aytishicha, bunga sabab yo'lning uzoqligi va qatnashchilarning yo'l kira va yotoqni o'z cho'ntaklaridan to'lashligidir.

Olmaotada o'tkazilgan "BarCampCA" shu qadar mashhur bo'ldiki, Qozog'iston bosh vaziri Karim Masimov tadbir qatnashchilariga o'z Twitter sahifasi orqali iliq so'zlarini yo'lladi.

- BarCamp Central Asia 2011 tadbirining qatnashchilariga salomlar. Sizlarning muloqotingiz Kaznet (tahr. Qozog'iston interneti) uchun foyda keltirishiga ishonchim komil, deyiladi bosh vazir Karim Masimovning Twitter xabarida.

O'zbekistonda ham BarCamp norasmiy konferensiyasi 2009 yildan beri ha yili o'tkazilinib keladi. "BarCampCA"dan farqli o'larod, "BarCamp Uzbekistan"da asosan o'zbekistonlik internet faollari va IT mutahassislari qatnashishadi. Bu yili "BarCamp Uzbekistan" Toshkentda may oyining 27-29 kunlarida o’tkazilishi rejalashtirilmoqda.
XS
SM
MD
LG