Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:52

Al Bano: Gulnora bilan duet kuylagan bo‘lar edim


Samarqanddek shahri azimda qo‘shiq aytishga jon deb rozi bo‘ldim, deydi italyan yulduzi.
Samarqanddek shahri azimda qo‘shiq aytishga jon deb rozi bo‘ldim, deydi italyan yulduzi.
Italyan estradasining yulduzlaridan biri, 80-yillarda Felicita (Baxt) qo‘shig‘i bilan tanilgan Al Bano kelasi hafta O‘zbekistonga konsert dasturi bilan keladi.

23 avgust kuni Toshkentdagi “Istiqlol” san‘at saroyida “Sharq taronalari” xalqaro musiqiy festivali doirasida Al Bano hamda “Jahon xalqlari raqslari” konserti bo‘ladi.

68 yashar Al Bano hali ham qo‘shiq aytadi. U sobiq rafiqasi Romina Pauer bilan duetda ijro etgan Felicita qo‘shig‘ini uchun 1982 yilgi San Remo qo‘shiq festivalida ikkinchi o‘rinni egallagan edi.



Al Bano Toshkentga safari oldidan Ozodlikka intervyu berdi.

Ozodlik: Saksoninchi yillarda boshqa Sovyet o‘lkalari qatori O‘zbekistonda ham sizni sevib tinglashgan. Ayniqsa sizning “Felicita” qo‘shig‘ingiz mashhur edi. O‘zbekistonga avval ham kelganmisiz?

- O‘zbekistonga birincha marta boryapman va bu men uchun u yerdagi muxlislarim bilan uchrashishga go‘zal bir imkoniyatdir. Rossiyaga ko‘p borganman. O‘zbekistonda ham muxlislarim ko‘p ekani haqda eshitganman. Mana nasiba ekan, nihoyat O‘zbekistonda, Samarqandda muxlislarim oldida qo‘shiq aytish fursati yetdi.

Ozodlik: O‘zbekistonga konsert bilan borish taklifi kimdan chiqdi?

- Menga qo‘ng‘iroq qilishdi. Men rozi bo‘ldim. Toshkentda va yana bir shahar, nomi esimdan chiqib turibdi, shu shaharlarda konsert beraman. Ya‘ni O‘zbekistonda ikkita konsert va Samarqanddagi festivalda qo‘shiq kuylayman.

Ozodlik: “Sharq taronalari” festivalidami?

- Ha. Festivalda bitta qo‘shiq aytishimni so‘rashdi. Samarqanddek shahri azimda bo‘ladigan bu festivalda bitta qo‘shiq aytishga jon deb rozi bo‘ldim.

Ozodlik: Qaysi qo‘shig‘ingizni aytasiz?

- Bilmayman. Siz menga qaysi qo‘shiqni aytishimni maslahat qilasiz?

Ozodlik: Felicita.

- Bo‘pti, “Felicita” qo‘shig‘ini aytaman.

Ozodlik: Romina Pauer ham yoningizda bo‘ladimi?

- Biz ajrashganmiz. Hayot, turmush deydi buni. Lekin bu bilan ijod to‘xtamasligi kerak. Tomosha davom etishi kerak, deb aytishadiku.

Ozodlik: Sobiq rafiqangiz Romina Pauer bilan hozir ham bordi-keldingiz bormi?

- Ha, onda-sonda uchrashib turamiz. Axir oramizda to‘rtta farzandimiz bor.

Ozodlik: Gap-so‘zlarga qaraganda Samarqanddagi festivalda O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova bilan duet aytar emishsiz. Shu to‘g‘rimi?

- Shunaqami, mening bundan xabarim yo‘q ekan. Men uchun bu yangilik, lekin u bilan duet kuylagan bo‘lar edim. Menimcha, bu juda yaxshi taklif. Nimaga aytmasligim kerak.

Ozodlik: Axir sizdan oldin O‘zbekistonga borgan Sting, Xulio Iglesias va boshqa yulduzlar Karimova xonimning millionlariga uchib, Toshkentga borganidan so‘ng tanqidga qolishgan edi-da.

- Bundan xabarim yo‘q ekan.

Ozodlik: Mabodo sizni ham Toshkentga Gulnora Karimova taklif qilmayaptimi?

- Yo‘o‘o‘q. Kim taklif qilganini, qanday kelishilganini men to‘g‘risi bilmayman. Italiyada menejerim bor. U menga “O‘zbekistonga borishni xohlaysanmi?” dedi, men rozi bo‘ldim.

Ozodlik: Siz nafaqat qo‘shiqchi, balki BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik dasturi yaxshi niyat elchisi hamsiz. Elchi sifatida O‘zbekistondagi bugungi ahvol haqida nima deya olasiz?

- Har bir mamlakat o‘z yo‘lini o‘zi belgilaydi. Mana qarang, jahonning eng badavlat davlatlaridan biri Angliyada nimalar bo‘lyapti. Do‘konlar talon-taroj qilinyapti, do‘konlar derazalari sindirilib, tartibsizliklar bo‘lyapti jahonning eng rivojlangan davlatlaridan birida. Menimcha, odamlar o‘rtasida tartibni ko‘proq ta‘minlash mexanizmlari zarur.

Ozodlik: Sizning ismingiz arab ismlariga o‘xshab ketadi. Mabodo kelib chiqishingiz arab emasmi?

- Yo‘q, ismim italyan, o‘zim ham g‘irt italyanman. Dadam menga shunaqa ism qo‘ygan. U Ikkinchi jahon urushida Albaniyada bo‘lgan. O‘shanda dadam onamga “O‘g‘limiz tug‘ilsa, unga Al Bano deb ism qo‘y” degan ekan. Baxtiyor o‘g‘lon bo‘lsin deb, shunaqa ism qo‘yishgan,- deydi Al Bano.

Suhbat so‘nggida italyan yulduzi Al Bano “Felicita” qo‘shig‘idan bir parcha aytib berdi.



Asl ismi Al Bano Karrizi bo‘lgan italyan qo‘shiqchisi 1943 yilda Italiyaning Chellino San Marko shahrida tug‘ilgan.

U ilk bor 1967 yilda o‘zining Nel sole (“Oftobda”) qo‘shig‘i bilan tanildi. O‘sha yili shu nom ostida film ham suratga olindi.

Filmni suratga olish payti Al Bano amerikalik aktrisa Romina Pauer bilan tanishadi.

1970 yilda ularning nikoh to‘ylari bo‘ldi. Al Bano va Romina Pauer ijrosidagi “Noi lo rivivremo de noovo” qo‘shig‘i 1976 yilgi Yevrovideniye tanlovida yettinchi o‘rinni olgan edi.

Saksoninchi yillarda italyan juftligining “Sharazan” qo‘shig‘i xalqaro dovrug‘ qozondi. Al Bano va Romina Pauer 1984 yilgi San Remo festivalida “Ci sara” qo‘shig‘i bilan birinchi o‘rinni olishdi.

Ularning qo‘shiqlari jamlangan disk 1985 yilda 6 million tirajda sotildi va juftlik Germaniyada “Golden Europe” mukofoti bilan taqdirlandi.

Bir yil o‘tib Al Bano va Romina Pauer “Sempre Sempre” qo‘shig‘ini yozishadi. Bu qo‘shiq ularning “Felicita” qo‘shig‘idanda ko‘proq muvaffaqiyat qozonadi.

1995 yilda yozilgan “Emozionale” deb nomlangan albom Al Bano va Romina Pauer juftligi ijodining eng so‘nggisi bo‘ldi. O‘sha yili er-xotin ajrashishadi.

O‘shandan buyon Al Bano yakkaxon ashulachi sifatida bir qator qo‘shiqlar yozdi. 2000 yilda u mashhur opera xonandasi Montserat Kabale bilan Milan soborida duet ijro qiladi. .

2007 yilda Al Bano o‘g‘li Yari bilan birga ijro etgan “Nel perdono” qo‘shig‘i San Remo festivalida ikkinchi o‘rinni oldi.
XS
SM
MD
LG