Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:20

Kiev sudi Karimovning qayinjiyanini 1 yilgacha hibsda saqlash haqida hukm chiqardi


Akbarali Abdullaev 14 yanvardan buyon hibsda saqlanmoqda
Akbarali Abdullaev 14 yanvardan buyon hibsda saqlanmoqda

Kiev sudi O‘zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimovning qayinjiyani Akbarali Abdullaevni bir yilgacha hibsda saqlash haqida hukm chiqardi. Bu haqda Ozodlik radiosi ukrain xizmati muxbiri sud zalidan xabar qildi.

Sudya Natalya Vasilyevaning aytishicha, bunday ajrimga O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Abdullaevga nisbatan qo‘zg‘agan jinoyat ishi va uni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish talabi sabab bo‘lgan. 1993 yilda imzolangan Minsk shartnomasiga muvofiq, MDHga a’zo davlatlar, jumladan O‘zbekiston va Ukraina o‘zaro huquqiy yordam berish mas’uliyatini olgan.​

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 33 yashar Akbarali Abdullaevni o‘zgalar mulkini o‘zlashtirish, chet el valyutasini yashirish, mansabga sovuqqonlik bilan qarash va jinoiy faoliyatdan olingan yuzlab million dollarni legallashtirishda ayblamoqda.

Sudya Abdullaevning O‘zbekistonda ayni jinoyatlar bilan ayblanib, ikki yarim yil qamoq jazosini o‘taganini iddao qilgan advokatlarning uni uy qamog‘ida saqlash haqidagi talabini inobatga olmadi.

Natalya Vasilyeva Abdullaevning agar O‘zbekistonga ekstraditsiya etilsa, uni o‘ldirishlari mumkinligi haqidagi vajlarini ham e’tiborsiz qoldirdi.

Sud so‘ngida sudya prokurorga Abdullaev ekstraditsion ishining qanday borayotgani borasida har ikki oyda bir hisobot berib borishni topshirdi.

Akbarali Abdullaev 2013 yil kuzida iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, 2014 yil noyabrida dastlab 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va 2016 yilda amnistiya asosida ozod etilgan edi.

Abdullaev prezident Islom Karimov 2 sentabrda vafot etishidan ko‘p o‘tmay, O‘zbekistondan chiqib ketdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan 2016 yil 15 noyabrda xalqaro qidiruvga berilgan Akbarali Abdullaev 14 yanvarda Kiev aeroportida hibsga olindi.

16 yanvarda esa Kiev sudi O‘zbekistondagi "vakolatli organlar talabnomasi kelgunga qadar" Akbarali Abdullaevni 40 kun davomida hibsda saqlash haqida qaror chiqardi.

Prokuror keltirgan vajlar

Prokuror Marina Kimning sudga ma’lum qilishicha, Kiev prokuraturasi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi yuborgan talabi asosida "ekstraditsion tekshiruv" olib bormoqda va bu tekshiruvlar hozircha oxiriga etgani yo‘q.

- Hozirda Kiev shahar prokuraturasida ekstraditsion tekshiruv olib borilmoqda. Tekshiruv hali tugagani yo‘q. Tekshiruvni o‘tkazish uchun 60 kun ajratilgan, - dedi Marina Kim.

U tekshiruv jarayonida Akbarali Abdullaevning Ukrainada jinoiy javobgarlikka tortilmagani aniqlanganini aytdi.

Prokuror Abdullaevning sog‘ligi uni hibsda saqlash yoki ekstraditsiya etishlariga to‘sqinlik qilmasligini ilova qildi.

Marina Kimning ishonishicha, Akbarali Abdullaevda Dominikan respublikasi pasporti bulgani uchun u hibsdan chiqarilsa, Ukrainada qolishiga prokuratura kafolat bera olmaydi.

Marina Kim Abdullaevga nisbatan O‘zbekistonda qo‘zg‘atilgan jinoiy ish jiddiyligi va Minsk xalqaro shartnomasini inobatga olib, suddan uni ozod etmaslikni so‘radi .

Advokat keltirgan vajlar

Akbarali Abdullaevning advokati Aleksandr Fedorenko himoyasi ostidagi shaxs 14 yanvarda Kiev aeroportida qonunbuzarliklar bilan ushlanganini aytdi.

Unga ko‘ra, hujjatlar noto‘g‘ri qaydga olingan va advokat yarim soat kech chaqirilgan.

U Akbarali Abdullaev O‘zbekiston qonunlariga muvofiq pasport va chiqish vizasini olganini va mamlakatdan chiqib ketganini bildirdi.

Aleksandr Fedorenko O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ilgari surayotgan ayblovlar asosida himoyasi ostidagi shaxs allaqachon jazo muddatini o‘tab chiqqanini aytdi.

Advokatning Ukraina qonunlariga tayanib ilova qilishicha, Abdullaevga qo‘yilayotgan ayblovlar uni qamoqda saqlashni nazarda tutmaydi.

- Kunu tun uy qamog‘ida saqlashsin. Bunday tajriba bor. Mening tajribamda bundan ham murakkabroq ayblovlar bilan bo‘lganlar uy qamog‘ida saqlangan, - dedi Abdullaevning advokati.

"Agar O‘zbekistonga ketsam, o‘laman"

Akbarali Abdullaev ham o‘ziga nisbatan O‘zbekistonda qo‘zg‘atilgan jinoiy ish eski ayblovlarga asoslanganini aytdi.

U ayni ayblovlar bilan ikki yarim yil qamoqda o‘tirib chiqqanini bildirdi.

Abdullaev tergov paytida qiynoqlarga solingani, o‘lasi qilib kaltaklanganini iddao qildi.

Sudyadan "ishga kengroq qarashni" iltimos qilgan Abdullaev, agar O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinsa, halok bo‘lishini aytdi.

- Agar O‘zbekistonga ketsam, o‘laman. Bu 100 foiz. Agar, darrov o‘lsam mayliydi. Ular meni avval qiynab, keyin o‘ldirishadi. Keyin zonada o‘laman. Bunday qiynoqlarni men allaqachon ko‘rganman, - dedi Akbar Abdullaev.

U "siyosiy boshpana" olish uchun kurashish niyatida ekanini bildirdi.

Hibsda ekan bunday imkoniyatdan mahrum bo‘lishini ilova qilgan Abdullaev uni uy qamog‘iga olishlarini so‘radi.

- Meni o‘zimni himoya qilishimga imkon bering, hurmatli sudya, - dedi Abdullaev.

SIZOdan Xavfsizlik xizmati hibsxonasiga

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Akbarali Abdullaev 20 fevralda Kiev SIZOsidan Ukraina Xavfsizlik xizmatiga qarashli hibsxonaga o‘tkazilgan.

Kiev prokuraturasi xodimining sudga ma’lum qilishicha, Ukraina Xavfsizlik xizmati SIZOda Abdullaev hayoti tahdid ostida bo‘lgani uchun uni xavfsizlik idorasi hibsxonasiga o‘tkazishga qaror qilingani haqida prokuraturani xabardor etgan.

Akbarali Abdullaevning advokati sudning hukmi rasman e’lon qilingandan keyin kasatsion shikoyat arizasi yozish masalasi haqida o‘ylab ko‘rishlarini bildirdi.

Sud hukmi rasman 24 fevralda qonuniy kuchga kiradi.

Ozodlik Kievdagi sud zalidan suratga olingan tasvirlar asosida maxsus videolavha tayyorlamoqda.

XS
SM
MD
LG