Линклар

London va Birmingemda davom etayotgan tartibsizliklar Angliyaning uchinchi shahriga ko‘chdi. Seshanbaga o‘tar kechasi Livyerpulda ham yong‘in va talon-tarojlar ro‘y berdi.

Dushanba kuni Londonning Hekni, Pekham va Lyuuisham tumanlarida tartibsizliklar uyushtirib, do‘konlarni talon-taroj qilayotgan va asosan yoshlardan iborat olomonga qarshi politsiya kuchlari chiqarildi.

Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron Londonda uch kundan beri davom etayotgan tartibsizliklar yuzasidan favqulodda majlisda ishtirok etish uchun ta‘tildan qaytishga majbur bo‘ldi.

Politsiya allaqachon 200 dan ziyod odamni qo‘lga oldi. Shanba kundan beri davom etayotgan zo‘ravonliklarda 35 ga yaqin politsiyachi jarohatlandi.

BBC yosh yigitlar do‘konlar oynalarini sindirib, ichidagi mollarni olib qochayotgani tushirilgan tasvirlarni ko‘rsatdi. Tartibsizlik ishtirokchilari politsiyachilarga qarata tosh, shisha va boshqa narsalarni ham otishdi. Britaniya poytaxtining Kroydon tumanida katta yong‘in chiqdi.

Bu Londonda keyingi 30 yil ichida ro‘y bergan eng yirik tartibsizliklar ekani aytilmoqda. Bunga Tottenhem tumanida politsiya bilan otishma paytida 29 yoshli yigitning halok bo‘lgani sabab bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG