Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:16

AQSh O‘zbekistondan meva-sabzavot sotib olmoqchi


Amerika Afg‘onistondagi qo‘shinlari uchun meva va sabzavotni o‘zbek fermerlaridan sotib olish niyatida.

Bu haqda O‘zbekistondagi AQSh savdo palatasi prezidenti Donald Nikolson Toshkentda chiqadigan “Ekonomicheskoye obozreniye” jurnaliga bergan intervyusida ma‘lum qildi.

O‘tgan hafta e‘lon qilingan maqolaga ko‘ra, mazkur loyiha o‘zbek fermerlari, meva-sabzavotlarni qayta ishlash korxonalari va distribyutorlar uchun ajoyib imkoniyatdir, chunki AQSh qo‘shinlari hozirgi kunda Dubaydan kuniga 40 tonna tar meva va sabzavot sotib oladi. O‘zbekiston amerikaliklarga yetkazib berilayotgan meva va sabzavotning barcha navini bo‘lmasa-da, ularning katta qismini yetkazib bera oladi.

- Bu aynan biz izlayotgan imkoniyatdir,- dedi Nikolson.

AQSh savdo palatasi rahbariga ko‘ra, mazkur loyihani texnik jihatdan qo‘llash va amalga oshirish uchun savdo palatasi ko‘magida mahalliy ishlab chiqaruvchilar, muzlatkichlarni yetkazib beruvchilar, mahsulotni qayta ishlovchilar va sarmoyadorlardan iborat ishchi guruh tashkil etilgan.

- Dastavval biz Navoiy aeroporti imkoniyatlaridan foydalangan holda, tar meva va sabzavotlarni samolyotda yetkazib berishni rejalagandik. Biroq bu g‘oya amalga oshmadi. Hozir esa biz boshqa bir imkoniyatni - mahsulotni refrijeratorlar bilan jihozlangan furalar yoki temiryo‘ldan foydalangan holda Termiz orqali Afg‘onistondagi AQSh bazasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdamiz, - dedi Nikolson.

Bunda mahsulotning naqadar talabga javob berishi qishloq xo‘jaligi sohasida ishlovchi amerikalik ekspertlar tomonidan tekshirilishi aytilmoqda.

AQSh savdo palatasi rahbari janob Nikolson so‘zlariga ko‘ra, amerikaliklar bu imkoniyatdan O‘zbekiston qishloq xo‘jalik mahsulotlarini parallel ravishda Rossiya, G‘arbiy va Sharqiy Yevropa bozorlariga eksport qilishni rivojlantirish yo‘lida ham foydalanmoqchilar.

- Biz bu borada Yevropadagi asosiy ulgurji savdo distribyutorlari bilan ham muzokara olib bormoqdamiz. Ular O‘zbekistondan tar meva va sabzavot sotib olishni an‘anaviy ta‘minot manbalariga nisbatan manfaatliroq muqobil (alternativa) o‘laroq ko‘rmoqdalar, - dedi AQSh savdo palatasi prezidenti Donald Nikolson.

Kuzatuvchilar, agar O‘zbekistondagi korrupsiya to‘sqinlik qilmaydigan bo‘lsa, bu loyihaning amalga oshishidan o‘zbek fermerlari katta foyda ko‘rishi mumkinligini aytmoqdalar. Ayni paytda, kuzatuvchilarga ko‘ra, bu ichki bozorda qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxlarining ham oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.
XS
SM
MD
LG