Линклар

AQSh va Britaniya Liviya isyonchilarini qurollantirmoqchi


 30 mart kuni Qaddafiy kuchlari isyonchilarni bir necha yirik shahardan siqib chiqardi.

30 mart kuni Qaddafiy kuchlari isyonchilarni bir necha yirik shahardan siqib chiqardi.

Qo‘shma Shtatlar va Britaniya Liviya yetakchisi Muammar Qaddafiyni ag‘darishga urinayotgan isyonchilarga qurol-aslaha yetkazib berishni ehtimoldan soqit qilmayotganlarini aytmoqda.

Bu haqda Londonda NATO va Arab ligasi davlatlari Qaddafiyga bosimni kuchaytirishga kelishib olganlaridan keyin ma‘lum bo‘ldi. Biroq seshanba kungi xalqaro anjumanda liviyalik isyonchilarni qurollantirish borasida biror kelishuv imzolanmadi. Isyonchilarga qurol yetkazib berish masalasi xalqaro koalitsiya ichida kelishmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Qaddafiyga sodiq kuchlar kontr-hujumga o‘tayotgan bir paytda AQSh bilan Britaniya liviyalik isyonchilarga qurol-aslaha yetkazib berishlari mumkinligiga ishora qilmoqda.

Seshanba kuni AQSh Prezidenti Barak Obama Liviyani 40 yildan ortiq boshqargan Qaddafiy atrofidagi “sirtmoq” toraymoqda, dedi.

NBC telekanaliga bergan intervyusida Obama xalqaro koalitsiya Liviyada amalga oshirayotgan operatsiya oxir-oqibat Qaddafiyni hokimiyatdan chetlatishini ta‘kidladi.

Uning muxoliflarini qurollantirish xususida Oq uy rahbari bunday dedi:

- Men buni ehtimoldan soqit qilganim yo‘q, lekin bunday ehtimol bor deyayotganim ham yo‘q. Biz hozircha Qaddafiy kuchlari qanday yo‘l tutishini tahlil qilmoqdamiz,- dedi Obama.

Chorshanba kuni isyonchilarni qurollash ehtimoli haqida Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron ham gapirdi. Parlamentda qilgan chiqishida bosh vazir Liviya muxolifatiga o‘zini himoya qilishga yordam berish BMTning Liviyaga nisbatan joriy qilgan qurol embargosiga zid bo‘lmasligini ta‘kidladi.

- Qurol embargosi butun Liviya hududiga taalluqlidir, lekin ayni paytda BMT Xavfsizlik kengashining 1973 sonli rezolyutsiyasi tinch fuqarolar va fuqarolar yashaydigan hududlarni himoya qilish uchun barcha vositalar ishga solinishiga ruxsat beradi va bizning fikrimizcha, bu ma‘lum vaziyatda tinch fuqarolarni himoya qilayotganlarga yardam ko‘rsatilishini ehtimoldan soqit qilmaydi. Demak, men parlament vakillariga avval ham aytganimdek, biz buni ehtimoldan soqit qilmaymiz, lekin bunday qarorni qabul qilganimizcha yo‘q,- dedi Britaniya rahbari.

Lekin Liviyadagi, hozircha shubhali deb qaralayotgan, isyonchilarni qurollantirish taklifi NATO ichida turlicha qabul qilinmoqda.

Obamaning o‘zi ham liviyalik janggarilar borasida aniq fikr shakllanmaganini aytgan. Bundan tashqari, AQSh admirali Jeyms Stavridis razvyedka ma‘lumotlariga ko‘ra isyonchilar orasida Al-Qoida va Hizbulloh a‘zolari borligi aniqlanganini ma‘lum qildi.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen seshanba kungi chiqishida liviyalik isyonchilarni qurollantirishga qarshi ekaniga ishora qildi. “Biz u yerda odamlarni qurollantirish emas, himoya qilishni maqsad qilganmiz”, dedi u.

Liviya havo hududida uchish taqiqlangan zonani ta‘minlash operatsiyasida ishtirok etayotgan Belgiya bilan Daniya ham isyonchilarga qurol yetkazib berish g‘oyasiga qarshi chiqmoqda.

Bu g‘oyaga keskin qarshilik qilayotganlar orasida Rossiya ham bor. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Liviya muxolifatiga qurol-aslaha yetkazib berish BMT mandati doirasidan chiqadi, deya ogohlantirdi.

Xitoy esa, umuman koalitsiyaning havo hujumlarini qoralab kelmoqda.

Ayni paytda, muxolifat so‘zchisi Mahmud Shamman¸ agar isyonchilarning ixtiyorida ko‘proq qurol bo‘lganida Qaddafiyni bir necha kun ichida ag‘darishlari mumkinligini t‘kidladi.

Liviyalik isyonchilarga qurol bilan yordamlashish masalasi seshanba kuni Londonda Liviya kelajagiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda muhokama qilinmadi. Anjumanda qatnashgan 48 davlat vakillari Qaddafiyga qarshi harbiy harakatlarni davom ettirishlarini va‘da qildilar.

Konferensiya Liviyada janglar avjiga chiqqan paytda o‘tkazildi.

Muxolifat jangchilari BMT Xavfsizlik kengashi 17 mart kuni Liviya havo hududini parvozlar uchun yopib qo‘yib, xalqaro koalitsiyaga fuqarolarni himoya qilish operatsiyasini amalga oshirish mandatini berganidan beri jiddiy yutuqlarga erishdi.

Lekin chorshanba kuni Muammar Qaddafiyga sodiq kuchlar Liviya sharqidagi uchta yirik shaharni isyonchilardan qaytarib oldi.

Qaddafiy kuchlari tanklar va artilleriya yordamida chorshanba kuni Ras Lunuf, Uqayla va Brega shaharlarini ishg‘ol qilib, isyonchilar istehkomi bo‘lgan Beng‘ozidan 160 kilometr sharqroqda joylashgan Ajdabiya shahriga yaqinlashdi.
XS
SM
MD
LG