Линклар

AQShda O‘sh qirg‘ini muhokama qilindi


AQShga borgan qirg‘iz delegatsiyasi vakillari O‘sh qirg‘ini bo‘yicha Kimmo Kilyunen (suratda) boshliq xalqaro komissiya xulosasini bir tomonlama, deb baholaganlar.

AQShga borgan qirg‘iz delegatsiyasi vakillari O‘sh qirg‘ini bo‘yicha Kimmo Kilyunen (suratda) boshliq xalqaro komissiya xulosasini bir tomonlama, deb baholaganlar.

Qirg‘iziston delegatsiyasi Vashingtonda O‘sh qirg‘ini yuzasidan xalqaro komissiya hisobotini muhokama qildi.

Tarkibiga parlament deputatlari, prezident, hukumat hamda nodavlat tashkilotlari vakillari kirgan delegatsiya Vashingtondagi Milliy demokratiya institutida O‘sh qirg‘ini yuzasidan xalqaro komissiya hisobotini muhokama qilgani to‘g‘risida qirg‘iz matbuoti 25 may kuni axborot tarqatdi.

Qayd etish o‘rinliki, mazkur delegatsiya tarkibida o‘zbek millatiga mansub birorta ham vakil yo‘q.

Asnoda delegatsiya tarkibiga parlament deputati, Qirg‘izistondagi Tojik milliy markazi prezidenti Ravshan Sobirov ham kiritilgan. U muhokamada Qirg‘iziston hukumati xalqaro komissiya hisobotida berilgan tavsiyalarni bajarishga harakat qilishini ta‘kidlab, ayni paytda xalqaro komissya xulosasi bir tomonlama bo‘lib qolganini ham urg‘ulagan.

Ravshan Sobirovga ko‘ra, Qirg‘iziston delegatsiyasi Xalqaro komissiyaning “O‘shda insoniyatga qarshi jinoyat sodir etilgan” degan xulosasiga qo‘shilmasligini ham bildirgan.

- Biz bu xulosaga qo‘shilmaymiz. Chunki bizda insoniyatga qarshi jinoyat degan huquqiy tushuncha yo‘q. Qirg‘iziston delegatsiyasi AQShdagi nodavlat tashkilotlari, Davlat departamenti va AQSh Kongressida bo‘lgan urchashuvlari chog‘ida xalqaro komissiya hisoboti bir tomonlama bo‘lib qolganini tushuntirishga harakat qildi, - dedi Ravshan Sobirov.

Ayni paytda Ravshan Sobirov AQShdagi uchrashuvlarda o‘shlik o‘zbeklar huquqlarining buzilayotgani masalasiga katta e‘tibor berilganini va Qirg‘iziston delegatsiyasi bu e‘tirozlarni qabul qilganini bildirdi:

- Qamoqqa olinayotgan o‘zbeklar masalasiga katta e‘tibor berilayapti. Bundan tashqari, “Davlat boshqaruvida o‘zbeklarning ishtiroki qay darajada?” degan savol ham ko‘ndalang qo‘yilmoqda. AQSh tomoni bu borada o‘z tavsiyalarini ham bermoqda. Albatta, biz bu e‘tirozlarni qabul qildik, - dedi tojik milliy markazi raisi Ravshan Sobirov.

Qirg‘iziston delegatsiyasi AQShdagi uchrashuvda hukumat xalqaro komissiya hisobotiga to‘la qo‘shilmasa-da, xalqaro komissiya va xalqaro hamjamiyat tavsiyalarini to‘laligicha amalga oshirishga hozir ekanini ham bildirgan.

Qirg‘iziston delegatsiyasi Vashingtonda mana shunday va‘dalarni berayotgan bir pallada Bishkekda O‘sh qirg‘inini o‘rgangan xalqaro komissiya va uning raisi, finlandiyalik siyosiy arbob Kimmo Kilyunenga qarshi axborot urushi avjiga chiqmoqda.

Qirg‘izistondagi qirg‘iz tilli barcha gazetalar, Qirg‘iziston jamoatchilik telekanali va 5-axborot telekanali bu urushning ilg‘orlari bo‘lmoqda. Bishkekdagi bir qator nodavlat tashkilotlari vakillari ham bu yo‘nalishda faollik ko‘rsatmoqdalar.

Masalan, 5-telekanalda “Kimmo Kilyunen Finlandiyada korrupsionerlikda gumon qilinadi va u hech qanday siyosiy obro‘ga ega emas, u mazkur hisobot uchun o‘zbeklardan pora olgan” qabilidagi axborotni efirga uzatdi.

Qirg‘iziston Jamoatchilik telekanalining “Erkin so‘z” ko‘rsatuvida esa komissiya xulosasi qoralangan maxsus muhokama bo‘lib o‘tdi. Muhokama so‘ngida unda qatnashgan siyosiy arbolar va parlament deputatlari bir ovozdan “Kimmo Kilyunen qirg‘iz xalqini va uning tinchligini ko‘ra olmaydi” degan xulosaga kelishgan.
XS
SM
MD
LG