Линклар

AQShning Afg‘onistondan ketishi Rossiya manfaatidami?


Rossiya prezidenti O‘zbekistonda bo‘lib qaytganidan ko‘p o‘tmay, perzident Karimov yana bir Kreml mulozimini qabul qildi.

Rossiya prezidenti O‘zbekistonda bo‘lib qaytganidan ko‘p o‘tmay, perzident Karimov yana bir Kreml mulozimini qabul qildi.

28 iyun kuni Islom Karimov Oqsaroyda Rossiyaning Harbiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha federal xizmat direktori Mixail Dmitriyevni qabul qildi. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, uchrashuv davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida harbiy texnika sohasida o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama etilgan. Kuzatuvchilar Rossiya harbiy va siyosiy rahbariyatining keyingi paytlarda Toshkentga tez-tez tashrif buyurayotganini amerikaliklarning Afg‘onistondan chiqib ketayotgani bilan bog‘lashmoqda.

Islom Karimov Rossiya Harbiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha federal xizmati rahbari Mixail Dmitriyev bilan seshanba kungi uchrashuvni prezident Dmitriy Medvyedev bilan 13 iyun kuni Toshkentda o‘tgan so‘zlashuvlarining mantiqiy davomi, deya atadi. Tomonlar harbiy sohadagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini namoyon qilishdi, deya xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot markazi.

Tahlilchilar Rossiya keyingi paytlarda Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan O‘zbekiston bilan munosabatlarini, ayniqsa harbiy sohadagi aloqalarni yaxshilashga urinmoqda, degan fikrda.

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida O‘zbekiston o‘zining harbiy va demografik potensiali hamda geografik joylashuvi bilan muhim ahamiyatga ega ekani ma‘lum. Shu sababdan keyingi yillarda Rossiyaning bu mamlakatdagi ta‘sir doirasi susaygani Kremlni tashvishga solib qo‘ydi, deydi “Nezavisimaya gazeta” nashrining harbiy sharhlovchisi, sobiq polkovnik Vladimir Muxin. Ozodlik bilan suhbatda harbiy ekspert Rossiya uchun mintaqa, ayniqsa O‘zbekistonda o‘z mavqeini tiklab olish juda muhimdir, deydi.

- O‘zbekiston o‘z harbiy ehtiyojlarga qo‘shni respublikalarga nisbatan qo‘proq mablag‘ ajratmoqda, bu mamlakatning armiyasi mintaqada eng qudratli hisoblanadi. Lekin u yerdagi mustahkam politsiya rejimini hisobga olsak, dunyoda ro‘y berayotgan voqealar fonida Rossiya-O‘zbekiston harbiy hamkorligi mamlakatning politsiya va armiyasini yanada mustahkamlashga qaratilgan bo‘lsa, bu juda yomon. Lekin menimcha, Rossiya harbiy-texnika sohasida barcha sobiq sovyet respublikalariga yordam ko‘rsatishga majbur, chunki ulardagi barqarorlik - Rossiyaning barqarorligi hamdir,- deydi Vladimir Muxin.

Harbiy mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Prezidenti Barak Obamaning AQSh qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish rejalariga ko‘ra, Afg‘onistondagi harbiy missiyasi uch yildan keyin yakunlanishi Rossiyaning bu mintaqaga e‘tibori kuchayishini taqozo etadi.

Rossiya va Markaziy Osiyo mintaqasidagi harbiy hamkorlik masalalari bo‘yicha yana bir mutaxassis – Moskva Davlat Univyersitetining Xalqaro siyosat fakulteti dotsenti, Moskvadagi Harbiy prognoz markazi rahbari Anatoliy Siganok Rossiya yuzaga kelgan vaziyatdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishi lozim deydi.

- Hozir rossiyalik diplomatlar, rossiyalik harbiylar uchun Afg‘onistondan qo‘shinlarning olib chiqilishidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga eng qulay vaziyat yuzaga keldi. Gap shundaki, Rossiya ma‘lum sabablarga ko‘ra AQShga berilgan ikkita harbiy bazani qaytarib olish rejalarini bekor qilgani yo‘q. Lekin Karimovning harbiy hamkorlik sohasidagi o‘zgaruvchanligi – masalan, dam KXShTga kirishi, dam chiqishi – 90-chi yillar oxiri va 2000-chi yillar boshida O‘zbekistonning NATO va AQShga yaqinlashib, Rossiyadan uzoqlashishiga olib kelgan edi. Lekin Andijon voqealaridan keyin Putin bu vaziyatdan yaxshi foydalanib oldi... Shuning uchun bugungi kunda Rossiya, NATOning qarshiligiga qaramasdan, O‘zbekiston yordamida Afg‘onistondagi o‘z mavqeini tiklab olishga urinmoqda,- deydi Anatoliy Siganok.

Harbiy ekspert Moskva O‘zbekiston yordamida AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishidan foydalanib, Rossiyaning g‘ashini keltirayotgan Yevropadagi Raketalarga Qarshi mudofaa (PRO) tizimi masalasida bosim o‘tkaza olishi mumkin, deya qo‘shimcha qiladi.

Siganokning aytishicha, bugungi kunda Moskva va Toshkent o‘rtasidagi harbiy hamkorlik bir necha o‘n million dollarni tashkil qiladi.

- Qolavyersa, O‘zbekiston mintaqada eng zamonaviy qurolga ega, ammo mamlakatda qurol-yaroq mutlaqo ishlab chiqarilmaydi, deyarli barcha harbiy texnika Rossiyada ishlab chiqilgan, barcha harbiy qo‘mondonlar va mutahassislar Rossiyada tahsil olishni davom ettirmoqda. Karimov AQSh Afg‘onistondan chiqib ketganidan keyin O‘zbekistonga qiziqishini yo‘qotishini ham anglab yetmoqda. Shu sababli, harbiy sohada Rossiya va O‘zbekistonning hamkorligi o‘zaro manfaatli, desak xato qilmagan bo‘lamiz,- deydi Moskvadagi Harbiy prognoz markazi rahbari Anatoliy Siganok.

Uning ta‘kidlashicha, qurol-aslaha evaziga O‘zbekiston yiliga Rossiyaga kamida 250 ming tonna paxta yetkazib bermoqda.

Shuningdek, Rossiya 1996 yilda O‘zbekiston bilan imzolagan shartnomaga ko‘ra, Qashqadaryodagi Maydanak tog‘li observatoriyada joylashgan ilmiy-tadqiqot kompleksidan aksil-raketa mudofaa maqsadlarida foydalanib keladi.

Ammo MDH davlatlari hududida 35 ta harbiy bazaga ega bo‘lgan Rossiya bugunga kelib Maydanak observatoriyasidan tashqari O‘zbekistonda birorta boshqa harbiy ob‘ektni ijaraga olmagani aytiladi.

Shuningdek, aviasozlik sohasida ham O‘zbekiston Rossiya bilan hamkorligini to‘xtatgan.

Moskva va Toshkent o‘rtasida harbiy texnika va qurol-aslaha ishlab chiqarish, modernizatsiyalash va yetkazib berish to‘g‘risida imzolangan so‘nggi hujjat 2008-2010 yillar uchun mo‘ljallangan edi.

Ammo ikki davlat o‘rtasidagi harbiy-texnikaviy hamkorlik asosan 1992 yilda imzolangan “Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida”gi shartnoma, 1994 yilgi “Qurolli kuchlarning o‘zaro texnikaviy va moddiy ta‘minoti prinsiplari to‘g‘risida”gi kelishuv va 1999 yilda imzolangan “Harbiy va harbiy texnika sohasida har taraflama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish to‘g‘risida”gi shartnoma doirasida amalga oshiriladi.

Undan tashqari, 2005 yilning noyabrida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida “Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida”gi shartnoma ham imzolangan.
XS
SM
MD
LG