Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:35

Aravon bozoriga norozilar yig‘ildi


O‘sh viloyatining Aravon qishlog‘i markaziy maydonida qirg‘iz millatiga mansub taksichining kaltaklanishidan norozi bo‘lib yuzlab odam to‘plandi.
Akipress axborot agentligining O‘sh viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmatiga asoslangan holda xabar qilishicha, 17 iyul oqshomida Aravon tumanining Jdanov qishlog‘ida yashovchi 45 yoshli qirg‘iz taksichisi Ismail Tabaldiyev o‘zbek taksichisi tomonidan kaltaklangan. U olingan tan jarohati tufayli tuman kasalxonasiga yetkazilgani aytilmoqda.
Rasmiylar vyersiyasiga ko‘ra, 18 iyul kuni kaltaklangan taksichining qarindoshlari va jdanovliklardan iborat yuzlab kishilar Aravon tumani markazidagi bozorda yig‘ilib, huquq-tartibot idoralaridan taksichining kaltaklanishi yuzasidan chora ko‘rishni talab qilgan.
Biroq voqeaga guvoh bo‘lgan aravonliklardan birining aytganlari rasmiylar vyersiyasidan farq qiladi. Suhbatdoshimizga ko‘ra, 17 iyul kuni Aravondagi qovun-tarvuz bozorida savdo qiluvchi o‘zbek yigitlaridan qirg‘iz millatiga mansub yigitlar pul talab qilishgan. Ammo pul berishni istamagan savdogarlar ularni kaltaklagan. 18 iyulda kaltaklangan yigitlar bozorga kelib, o‘zlarini kaltaklagan savdogarlarni topib berishni talab qilganlar.
- Ertalab soat 10 dan o‘tganda odamlar orasida vahima boshlandi. Bozorcha bor, avval “Sovremenniy” deb qo‘yilardi, tarvuz-qovun sotiladi. O‘sha yerda bir-ikkita qirg‘iz yigitlar to‘planib, baqir-chaqir qilishdi. Yo‘lda do‘konlar bor, sharbat sotiladigan yerlarni tepishib, baqir-chaqir qilib kelishdi. Ularning orasida melitsionerlar ham bor, hech kim hech narsa demayapti.
Ozodlik: Ular orasida militsionerlar ham bormi?
- Ha. O‘sha qirg‘iz bolalarni orasida melitsionerlar bor edi. Biroq hech narsa deyishmayapti.
Ozodlik: Ular nechta edi?
- 30 dan ortiq odam bor. Keyin biz ham ishxonamizning eshiklarini berkitdik. Ichkarida odamlar bor edi. “Vahima qilmanglar, hozir ketishadi”, deb odamlarni tinchlantirdik. Keyin ikkita avtobusda spesnaz kelib, odamlarni tarqatdi, - dedi aravonlik voqea guvohlaridan biri.
Ismi oshkor etilishini istamagan yana bir suhbatdoshimizga ko‘ra, aravonliklar orasida qirg‘iz millatiga mansub odamlarning bozor oldiga yig‘ilishi va ularning hokimiyat binosi oldida miting o‘tkazishi “tuman markazida joylashgan, o‘zbek tadbirkoriga tegishli bo‘lgan meva-cheva bozorini tortib olishga harakat” sifatida baholanmoqda.
- Markazda bir katta meva-cheva bozori bor. Bugungi voqea o‘sha bozor atrofida aylanayotgan ish, degan mish-mish bor.
Ozodlik: Bozorni tortib olish maqsadidami?
- Ha, shu maqsadda qilinayotgan ishlar bo‘lishi mumkin, degan gap bor.
Ozodlik: Bozor o‘zi kimga tegishli?
- Bir tadbirkor o‘zbek odamga, - dedi aravonlik suhbatdoshimiz.
Aravondagi voqea yuzasidan Ozodlikka ma‘lumot bergan Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rasmiysi Rahmatullo Ahmedovga ko‘ra, 18 iyul kuni O‘sh viloyati Aravon tumani bo‘yicha Ichki ishlar bo‘limiga “Yusupov” nomidagi qishloq hukumatida joylashgan meva-cheva bozori oldida taxminan 50-60 odam yig‘ilgani to‘g‘risida ma‘lumot kelib tushganidan so‘ng Aravon tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari va rahbariyati voqea joyiga yetib borgan.
Ahmedovning aytishicha, bir kun avval kaltaklangan Ismail Tabaldiyevning qarindoshlari uni kaltaklaganlarning topilishini talab qilishgan.
- Ushbu holat yuzasidan Aravon tuman ichki ishlar boshqarmasi tergov bo‘limi tomonidan Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 234-moddasi (bezorilik) bo‘yicha jinoiy ish ochildi. Ko‘rilgan choralar va tezkor-qidiruv ishlari natijasida ushbu jinoyatga aloqadorlikda gumonlanayotganlarning shaxsi aniqlandi, ulardan biri qo‘lga olindi yana birini qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda, - dedi Rahmatullo Ahmedov.
Ayni paytda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Ahmedov Aravondagi voqea yuzasidan 6 kishi hibsga olingani haqida avval tarqatilgan ma‘lumotlarni inkor qildi. Shuningdek, Rahmatullo Ahmedov Ismail Tabaldiyevning kaltaklanishi yuzasidan hech kim ichki ishlar organiga ariza bilan murojaat qilmaganini ham qo‘shimcha qildi.
Aravon tuman hokimi Payzilla Mirzabaramovning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, hozir tumanda vaziyat tinch.
- Odamlar ishlayapti, Bozor-magazinlar ochiq. Kecha ikki bola urishib ketgan edi. O‘sha ikki yigit bugun o‘zaro murosaga kelishdi. Odamlar tinch, - der ekan Aravon tuman hokimi Payzillo Mirzabaramov kechagi mojaro shunchaki maishiy nizo bo‘lganini, unga millatlararo nizo tusini bermaslik lozimligini ta‘kidladi.
XS
SM
MD
LG