Линклар

Asosiy iste‘mol mollariga boj solig‘i oshirildi


Yangi qaror kuchga kirsa¸ xorijdan kiraëtgan tovuq va kurka go‘shti kamida 30 foziga oshadi.

Yangi qaror kuchga kirsa¸ xorijdan kiraëtgan tovuq va kurka go‘shti kamida 30 foziga oshadi.

Prezident 1 avgustdan joriy qilgan yangi boj to‘lovi oqibatida¸ O‘zbekiston bozorlaridagi narxlar yana bir necha baravarga oshishi mumkin.

O‘zbekiston prezidentining shu yil 28 iyun kuni e‘lon qilingan qarorida 7 yo‘nalishdagi tovar guruhlariga kiruvchi, asosan, oziq-ovqat va xo‘jalik mollariga mahsulot boj narxining 30 foizi miqdori yoki har kilosiga 1 va 2 AQSh dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda boj solig‘i oshirilishi belgilangan.

Jumladan, qarorga binoan xorijdan keltiriladigan muzlatilgan tovuq go‘shti, kurka go‘shti, cho‘chqa yog‘i uchun bojxonada belgilangan narxning 30 foizi yoki 1 AQSh dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda boj solig‘i undirilishi aytilgan.

Pishloq va tvorog, kolbasa va shu kabi mahsulotlar uchun boj qiymatining 30 foizi yoki 2 AQSh dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda boj solig‘i solingan.

Elektr isitgich, 100, 200 vattlik galogen va boshqa turdagi lampochkalar uchun tovar narxidan 30 foiz yoki donasiga 5 AQSh sentidan 6 AQSh dollariga qadar boj sotig‘i stavkalari belgilandi.

Prezident qarorida bundan maqsad “Xorijiy oziq-ovqat mahsulotlari va xo‘jalik mollarining O‘zbekistonga olib kirilishini xalqaro talablar darajasida tartibga solishni optimallashtirish” ekani aytilgan.

Qarorda yangi tartibda boj solig‘ini undirishni shu yil 1 avgustdan boshlash tayinlangan.

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining tariflar bilan shug‘ullanuvchi bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi tilga olingan mahsulotlar narxi konkret qanchaga oshishi mumkinligi haqidagi savolimizga aniq javob bera olmasligini aytdi va buning sababini shunday tushuntirdi.

- Masalan, bizda aralash stavka qo‘llaniladida. Agar tovar narxi bir so‘m bo‘lsa, 30 foizi 30 sent bo‘ladi, to‘g‘rimi? Endi qarorda nima deyapti, agar 1 dollardan bo‘lsa solig‘i, unda 1 AQSh dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda solig‘ oling, deyapti, tushunayapsizmi? Demak, bu mahsulotdan 1 AQSh dollari moqdorda boj solig‘ini olamiz. Agar mahsulot 5 AQSh dollari tursa, unda uning 30 foizlik solig‘i 1 yarim AQSh dollaridan oshadi va unda boj solig‘i o‘zgartirilmaydi. Lekin avvaldan falon mahsulot narxi falon so‘mga oshadi, deb sizga hech kim anig‘ini ayta olmaydi, - deya tushuntirdi O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, har bir mahsulotning respublika bojxona idoralarida belgilangan boj qiymati bor va undiriladigan boj to‘lovlari aralash — advalor stavka asosida undirilgani bois alohida mahsulotlar boj solig‘i qanchaga oshishini, hattoki, chamalab aytish ham imkonsiz.

Bu xodimga nega aynan shu turdagi mahsulotlar uchun va nega aynan hozir boj solig‘i oshirilyapti, degan savolni ham berdik.

- Bu endi bizning vakolatimizdagi masala emas. Vazirlar mahkamasi qaror qilgan, biz ijrochi organmiz. Lekin, ichki mahsulotlar, masalan, o‘sha o‘zimizda chiqadigan tovuq go‘shtlari sohasi rivojlanyapti. Shularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qilinadida endi bu, - deydi Bojxona qo‘mitasi xodimi.

O‘zbekiston boj solig‘i oshirilayotgan oziq-ovqat va xo‘jalik mahsulotlari savdosi ëxud ularni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar bilan suhbatlarimizdan hali 1 avgust kelmasidan turib aynan shu turdagi mahsulotlarning narxi oshib ulgurgani aën bo‘ldi.

Toshkent tumanida oziq-ovqat mahsulotlari¸ xususan tovuq va kurka go‘shti savdosi bilan shug‘ullanuvchi Botirjon akaga ko‘ra, xorijdan keladigan shu turdagi mahsulotlar narxi oshgan.

- Sal oldin ham ularning narxi arzonroq edi. Hozir oshib ketdi. Masalan, chetdan keladigan “lyashka”larni kilosini 9 – 9¸5 mingdan sotayamiz hozir. Tovuqni oyoqlarini shu narxda sotyapmiz hozir, - deydi Botirjon aka.

Sotuvchining aytishicha¸ O‘zbekistonda sotuvga chiqarilayotgan mahalliy tovuq go‘shti mahsulotlari ham bor, ammo uning savdosi u qadar chaqqon emas.

- O‘zimizda hozir mana Yangiyo‘ldan keladigan tovuqlar bor. Bizda asosan butun tovuqlar keladi-da. O‘zimizniki ham yomonmasu, lekin chetdan keladiganni savdosi yaxshiroq negadir, - deydi Toshkent tumanida oziq-ovqat mashulotlari savdosi bilan shug‘ullanadigan Botirjon aka.

Toshkent shahrida pishloq ishlab chiqaradigan yirik xususiy korxonalardan birining rahbari ham hali yangi boj solig‘i undirila boshlamasidan nafaqat xorijiy, balki mahalliy pishloqning narxi ham oshib ketganini aytdi.

Suhbatdoshga ko‘ra, buning asosiy sababi O‘zbekistondagi ichki bozorda narxlarni tartib solib turuvchi mexanizmning yo‘qligi va bozordagi narxning sun‘iy boshqarilishidir.

Shu bois mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham o‘z mahsulotlari narxini oshirishga majbur ekanini aytadi bu kichik tadbirkor.

- Bizni mahsulotlar ham oshishi kerak-da, konechno oshadi bozor ko‘tarilgandan keyin.

Ozodlik: Nega endi, xorijdan keladiganlarga boj solig‘i oshdi, buning esa sizning mahsulotga daxli yo‘q-ku?

- Nega endi, shuning orqasidan sut mahsulotlari oshib ketayapti-ku! Pishloqni esa sutdan tayyorlaymiz, bilasiz buni, - deydi Toshkent shahridagi pishloq ishlab chiqaruvchi xususiy tadbirkorlardan biri.

Mazkur suhbatdosh ham, O‘zbekiston ichkarisida o‘zi kabilar ishlab chiqaraëtgan mahsulotlar bozori sust ekani va pishloqni faqatgina buyurtma asosidagina hozirlaëtganini aytadi. Unga ko‘ra¸ mamlakat ichkarisida sut va go‘sht mahsulotlari narxining muttasil qimmatlab borayotgani uchun ham bu sohadagi kichik tadbirkorlar og‘ir vaziyatga tushib qolgan.

- Sutlar narxi o‘zi oshib kelayapti-ku borgan sari. Yem yo‘q, xashak yo‘q, deydi. Tog‘lardayam o‘t yo‘qmish bu yil. Yomg‘ir yaxshi yog‘magan, suv yaxshimasmish bu yil. Shunga hammasining narxi oshib yotibdi, ubitkaga kirib boryapmiz-da, - deydi 4 oygina avval pishloq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan va ilk biznes yilidan og‘ir qiyinchilikka duchor bo‘lgan toshkentlik kichik tadbirkor.

Intiqlik bilan kuzni kutaëtgan bu tadbirkor salqin tushib¸ meva-chevalar bitsa, odamlar yana pishloqqa qaytar, degan umidda. Ammo, hukumatdan yordam kutayotgani yo‘q.

Biz suhbatlashganimiz ikki tadbirkorning ahvoli haqida Bojxona qo‘mitasining rasmiysiga ham savol berdik.

Ozodlik: Xorij mahsulotiga boj solig‘i oshirilgani, ichki mahsulotlarning ishlab chiqarilishini quvvatlamayapti-ku, aksincha narxning oshishiga olib kelayapti faqat, bu sizni xavotirga solmaydimi?

- Opa, biz endi ijrochi tashkilot. Vazirlar mahkamasi o‘zi bozordagi ahvolni o‘rganib, inobatga olib chiqaradida har bitta qarorni, to‘g‘rimi? A biz ijrochimiz, bozordagi ahvolni biz nazorat qilmaymiz. O‘zichi, bozorda narx itak qimmat. Bizaga bog‘liq emas, - der ekan Bojxona xodimi bozordagi narx nega endi “i tak qimmat” ekani haqidagi savolimizga ham javob bera olmasligini aytdi.
XS
SM
MD
LG