Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:12

O‘zbekistonlik diniy qochqin Toshkentga berib yuborildi


Maxsudbek Boboqulov
Maxsudbek Boboqulov

Rossiyaning Irkutsk shahri Xorijliklarni saqlash markazida ushlab turilgan 38 yoshli navoyilik Maxsudbek Boboqulov O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Mahbusning rafiqasi Valentina Maxsudbekning berib yuborilishida ular tomonidan yollangan advokatlarning qo‘li borligini taxmin qilmoqda.

Shanba, 21 yanvar kuni Irkutskdagi Xorijliklarni saqlash markazida ushlab turilgan 38 yashar navoyilik diniy qochqin Maxsudbek Boboqulov O‘zbekiston so‘rovi bilan Rossiyadan berib yuborildi.

Shanba kuni tong saharda Maxsudbek WhatsApp messenjeri orqali Ozodlikka “13.40da jo‘natvorishayapti aeroportdan. Samolyotda. Yordam bering!” deb so‘nggi xabarini yuborishga ulgurdi.

Uning rafiqasi Valentina nazoratchilar qo‘liga berilgan va allaqachon Irkutsk-Toshkent uchog‘ida o‘tirgan Maxsudbek bilan uchrashgani va bir-ikki og‘iz so‘z almashishga ulgurganini Ozodlikka gapirib berdi.

- Men u bilan shanba kuni gaplashdim. Tergovchilar tomonidan belgilangan ikki oylik muhlat tugadi va uni jo‘natvorishdi. Bunday odamlarni jo‘natish odatda shanba kuni amalga oshirilar ekan. U Irkutskdagi aeroportdan Toshkentga yuborildi. Men uni jo‘natilishidan oldin ko‘rdim, bir ikki-og‘iz so‘z aytdi. Keyin, uchoq ichidan qo‘ng‘iroq qilgan raqamni terib, u allaqachon Toshkentga qo‘ngani, uni darhol olib ketishganini bildim, dedi Valentina.

Suhbatdosh ular tomonidan Maxsudbekka yollangan advokatlar oxirgi bir-ikki oyda ko‘mak berish o‘rniga ishni paysalga solib kelganini ma’lum qildi.

Valentina Maxsudbek xalqaro inson haqlari tashkilotlaridan yordam so‘rab murojaat qildi, ammo kech qoldi, deya davom etadi.

- Gap shundaki, u yollagan advokatlar maxsus xat bilan “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti rahbari Svetlana Gannushkinaga kerakli hujjatlarni yuborishlari lozim edi. Shunda Maxsud to‘g‘ridan-to‘g‘ri telefon orqali tashkilotga murojaat qilib, hech qanday hujjat yuborilmaganini aniqlagan. Natijada u kech qoldi – ertalab tongda kelib “Narsalaringni ol, jo‘natilasan!”, deyishgan, dedi himoyachilar tomonidan aldanganini iddao qilgan Valentina.

Maxsudbek Boboqulovning rafiqasi erining ishiga xalqaro tashkilotlar o‘z e’tiborini qaratishlari, Maxsudbekning qiynoq yoki boshqa noinsoniy muomalaga solinmasligini ustidan Ozodlik Radiosi orqali xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga murojaat qilayotganini bildirdi.

Bundan oldinroq, Ozodlik navoiylik dindor Maxsudbek Boboqulov Rossiyadan siyosiy boshpana so‘ragani va Bosh prokuraturaga murojaat qilgani, O‘zbekiston so‘rovi bilan ekstraditsiya xavfi ostida qolayotganini yozgan edi.

O‘zbekistondan jo‘natilgan ayblov hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, Maxsudbek Boboqulov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159-3 va 244-1 moddalari asosida 2009 yilda xalqaro qidiruvga berilgan. O‘zbek tergovchilari iddaosicha, Boboqulov O‘zbekistonda “diniy-ekstremistik-separatistik-fundamentalistik tashkilot tuzib, hokimiyatni qo‘lga olish va davlat tuzumini o‘zgartirish”da ayblanmoqda.

Maxsudbek Boboqulov O‘zbekiston so‘rovi bilan Rossiyadan ekstraditsiya qilingan yoki olib chiqib ketilgan birinchi odam emas.

XS
SM
MD
LG