Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:02

Xivalik haydovchi ichki ishlar binosi oldida o‘ziga o‘t qo‘ydi


Xorazm viloyatining Xiva tumanida yashaydigan Xursand Bobojonov tuman ikki ishlar bo‘limi binosi oldida o‘ziga namoyishkorona o‘t qo‘ydi. Bu faktni Ozodlikka tasdiqlagan ichki ishlar mulozimiga ko‘ra, haydovchi shu tariqa yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari uning avtomobilini noqonuniy olib qo‘yilishiga qarshi o‘z noroziligini bildirgan. Xursand Bobojonov og‘ir kuyish jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Xiva tumanida istiqomat qiladigan 38 yashar hunarmand Xursand Bobojonov 20 fevral kuni ertalab tuman ichki ishlar binosi oldida ustiga benzin sepib, o‘ziga o‘t qo‘ygan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan Xursand Bobojonov yaqinlaridan birining aytishicha, u ichki ishlar bo‘limiga adolat talab qilib borgan:

“Bu voqeadan ikki kun oldin yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari uning avtomobilini jarima maydonchasiga qamab qo‘yishgan. Ularning oralarida nima gap o‘tgani bilmayman. Lekin, Xursand GAI xodimlari meni mashinamni noqonuniy qamab qo‘yishgan, deb aytgan edi. 20 fevral kuni u benzin ko‘tarib ichki ishlarga borgan. Ichkaridan shu ishga aloqador bir militsiya xodimini chaqirgan. Keyin muzokaradan natija chiqmagach, avval o‘zini ustiga keyin militsiya xodimini ustiga benzin sepib, gugurt chaqqan. Militsiya xodimi uning qo‘lidagi idishni urib yuborib, o‘zi qochishga ulgurgan. Xursandga esa o‘t tutashib, yonib ketgan”, dedi jabrlanuvchi yaqinlaridan biri.

Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, Xursand Bobojonovning militsiyaga norozilik tariqasida o‘ziga o‘t qo‘yganini tasdiqladi. Lekin mulozim, uning militsiya xodimiga ham o‘t qo‘ymoqchi bo‘lganini inkor qildi:

“Tuman ichki ishlar bo‘limidan men olgan ma’lumotga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari rulda ichib qo‘lga tushgani uchun, uning mashinasini shtrafploshadkaga qamab qo‘yishgan. Mashinasini olib qo‘yishganiga alam qilib, o‘zicha shunday qo‘rqitmoqchi bo‘lganmi, bilmadim, ichki ishlar binosi oldida o‘ziga o‘t qo‘ygan. Lekin, inspektorga ham benzin sepib o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgani yolg‘on”, dedi ichki ishlar mulozimi.

Mulozimga ko‘ra, militsiya xodimlari bir minut orasida yonayotgan Bobojonovni o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan va u kasalxonaga yotqizilgan.

Xorazm viloyat kasalxonasining o‘zini tanishtirmagan shifokori Xursand Bobojonovning ahvoli o‘rtachadan og‘ir ekanligini aytdi:

“Badanining 65-70 foizi kuygan. Ahvoli og‘ir. Kerakli barcha muolajalarni qilyapmiz”, dedi shifokor.

Xursand Bobojonovning o‘ziga o‘t qo‘ygani yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining “O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga etkazish” moddasi bilan jinoyat ishi ochilib, bu ish bilan Xiva tuman prokuraturasi shug‘ullanmoqda.

Ozodlikning prokuraturadan bu masalaga izoh olishga bo‘lgan urinishlari samarasiz bo‘ldi.

O‘zbekistonda vatandoshlarning haqsizlik va adolatsizlikka isyon sifatida o‘ziga o‘t qo‘yish holatlari uchrab turadi.

O‘tgan yilning 22 iyul oqshomida ikkinchi guruh nogironi Sherboy Rayimov Surxondaryo viloyati Sherobod tumani Milliy xavfsizlik binosi o‘ngida o‘ziga o‘t qo‘yib, halok bo‘lgan edi.

2014 yilning 16 dekabr kuni Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanining Rabot qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 27 yoshli ayol molxonada ustiga benzin quyib o‘ziga o‘t qo‘ygan. Ayol voqea joyida halok bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG