Линклар

Azimjon Asqarov - ezgu niyatli rassom


Bugun 60 yoshga to‘lgan qirg‘izistonlik huquq faoli va rassom Azimjon Asqarov bu avtoportretni qariyb 20 yil muqaddam yozgan.

Bugun 60 yoshga to‘lgan qirg‘izistonlik huquq faoli va rassom Azimjon Asqarov bu avtoportretni qariyb 20 yil muqaddam yozgan.

17 may kuni Bishkekda umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan huquq faoli va musavvir Azimjon Asqarov mo‘yqalamiga mansub asarlar ko‘rgazmasi ochildi.

Mazkur ko‘rgazma huquq faoli Azimjon Asqarovning 60 yoshga to‘lishi munosabati bilan tashkil qilindi.

Bishkekdagi “Rossiya” biznes markazida ochilgan ko‘rgazma mahalliy huquqni himoya qilish tashkilotlari tomonidan uyushtirildi. Ko‘rgazmada Azimjon Asqarov mo‘yqalamiga mansub 50 dan ortiqroq tasviriy san‘at asarlari joy oldi.

Ko‘rgazmaning ochilishida Azimjon Asqarovning turmush o‘rtog‘i Xadicha Asqarova ham ishtirok etdi. Suhbatdoshimiz 17 may kuni Azimjon Asqarov 60 yoshga to‘lganini va bu kunni uning oila a‘zolari juda go‘zal niyatlar bilan orziqib kutishganini aytdi:

- Biz oila a‘zolarimiz bilan Azimjon akangizning 60 yoshlik yubileyini o‘z uyimizda, yaqin do‘stlarimiz va qarindoshlarimiz davrasida nishonlashni yaxshi niyat qilgan edik. Uning 60 yoshni qamoqda kutib olishi tushimizga ham kirgan emas edi, - deydi Xadicha opa.

Bishkekdagi 47-hibsxonada saqlanayotgan huquq faoli Azimjon Asqarov salomatligi yomonlashganiga qaramay, qamoqda ham izlanishda va ijod qilishda davom etayotgan ekan.

- Azimjon akangiz qamoqda ham vaqtini bekor o‘tkazmaslikka harakat qilayapti. Kitob o‘qiyapti, namoz o‘qishga ham harakat qilayapti, Qur‘on oyatlarini yodlayapti, shuningdek, bo‘yoq va mato oldirib kelib, suratlar ham chizayapti, - dedi Xadicha Asqarova.

Suhbatdoshimiz Azimjon Asqarov albatta oqlanishiga umid qiladi:

- Umidimiz so‘ngani yo‘q. “Haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi”, degan gap bor. Men Azimjon akangiz tez orada oramizga qaytadi, deb ishonaman. U hech qanday gunoh qilgan emas, u aybsiz, - deydi Xadicha Asqarova.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida ishtirok etgan huquq himoyachilaridan biri To‘laykan Ismoilova esa Azimjon Asqarov hibsxonada nisbatan sharoiti yaxshi bo‘lgan kameraga ko‘chirilganini, biroq huquq faolining salomatligi yomon bo‘lib qolayotganini aytdi. Huquq faolining aytishicha, Azimjon Asqarovning ko‘rish qobiliyati susayib bormoqda, bundan tashqari, uning muntazam tarzda boshi og‘riydi. To‘laykan Ismoilovaga ko‘ra, 2 kun avval Azimjon Asqarov yana bir xalqaro huquq himoyasi tashkiloti e‘tirofiga sazovor bo‘lgan.

- Kuni kecha mashhur Lyudmila Alekseyeva rahbarligidagi Xelsinki Moskva guruhi Azimjon Asqarovni “Jasorati uchun” diplomi bilan taqdirladi. Bugun bu diplomni bizning faollar qamoqxonaga borib, Azimjonning qo‘liga topshirishadi. Bu mukofot postsovyet hududida nufuzli bo‘lib hisoblanadi va u vijdon tutqunlariga topshiriladi. Bizning nuqtai nazarimizcha, Azimjon Asqarov haqiqatan ham vijdon tutqunidir, - deydi To‘laykan Ismoilova.

Ko‘rgazmada ishtirok etgan bishkeklik rassom Rasul Ko‘chkubayev Azimjon Asqarovning ijodiy faoliyatiga baho berar ekan, uni “ezgu niyatli rassom”, deb atadi.

- Ezgu niyatli rassomlar borki, ular shavqatsizlikni, bag‘ritoshlikni, tajovuzni tasvirlashdan qochadilar. Azimjon Asqarovning ishlari ham mana shunday. Bu suratlarda mayinlik, ma‘sumlik va ochiqlik bor. Bu kartinalar Azimjon Asqarov xarakteriga chizgilar, uning ma‘naviy dunyosi va o‘zining qanday shaxs ekani ko‘rsatkichidir. Balki u shuning uchun ham rassomdan huquq himoyachisiga aylangandir, - deydi Rasul Ko‘chkubayev.

Bozorqo‘rg‘on tuman sudi va Jalolobod viloyat sudi Azimjon Asqarovni 2010 yilning iyun oyida Bozorqo‘rg‘on tumanida sodir etilgan tartibsizliklar tashkilotchisi sifatida bir umrlik qamoq jazosiga hukm etgan edi. Ayni paytda uning apellyatsiya arizasi Qirg‘iziston Oliy sudida ko‘rilishi kerak edi. Biroq Oliy sud turli bahonalar bilan Azimjon Asqarov ishini ko‘rib chiqishni ortga surib kelmoqda.

Mahalliy huquq himoyachilari va xalqaro tashkilotlar “Azimjon Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilgan”, deya bildirib keladilar. Azimjon Asqarov xalqaro tashkilotlar tomonidan vijdon tutquni deb tan olingan va unga joriy yilning mart oyida Nomo Homini mukofoti topshirilgan.

Azimjon Asqarov 1977 yilda Toshkentdagi rassomlik bilim yurtini tamomlagan. U yuzlab tasviriy san‘at asarlarini yaratgan. U 1996 yildan beri huquq himoyasi bilan shug‘ullanib keladi.
XS
SM
MD
LG