Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:57

Bahsli qonun tojik deputatlariga ma‘qul bo‘ldi


21 iyul kuni Tojikiston parlamentining yuqori palatasi deputatlari tomonidan tasdiqlangan qonun loyihasida 18 yoshga kirmagan bolalarning masjidga borishlarini ma‘n qiluvchi band ham bor.
21 iyul kuni Tojikiston parlamentining yuqori palatasi deputatlari tomonidan tasdiqlangan qonun loyihasida 18 yoshga kirmagan bolalarning masjidga borishlarini ma‘n qiluvchi band ham bor.
“Farzandlar tarbiyasida ota-onalar mas‘uliyati to‘g‘risida”gi qonun Tojikiston parlamenti yuqori palatasi tomonidan ham tasdiqlandi.

Tojikistonliklar orasida katta bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan mazkur qonun loyihasi uch oy davomida xalq muhokamasidan o‘tgach, 15 iyun kuni Tojikiston parlamenti quyi palatasi tomonidan qabul qilingandi.

Biroq mazkur qonun loyihasidagi bir necha bandlar, jumladan, 8-, 14-, 17- va 18-bandlarga o‘zgartish kiritilishiga oid fuqarolar taklifi e‘tiborga olinmagan holda tasdiqlangan qonun tojik jamiyatida ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘ldi.

O‘zgartirishsiz qabul qilingan yangi qonun inson huquqlari bo‘yicha bir qator xalqaro tashkilotlar, jumladan, xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha AQSh komissiyasi tomonidan ham tanqid qilingandi.

Mazkur tashkilot rasmiysi Leonard Leo Qo‘shma Shtatlar hukumatiga murojaat qilib, prezident Imomali Rahmonning ana shu hujjatga imzo chekmasligi uchun bosim o‘tkazishga chaqirgandi.

Shundan so‘ng Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon topshirig‘i bilan yangi qonun loyihasi Milliy majlis muhokamasiga yuborilgan edi.

Davlat rahbari topshirig‘iga binoan qonun loyihasini qayta ko‘rib chiqqan Milliy majlis (yuqori palata) vakillari 21 iyul kuni uni bir ovozdan tasdiqladi.

Tojikiston parlamenti yuqori palatasi raisi Mahmadsaid Ubaydulloyev dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan bu qonun “o‘sib kelayotgan avlod manfaatlarini himoyalashga xizmat qilishi”ni ta‘kidlagan.

Tojikistonda qonun kuchiga kirishi kutilayotgan yangi qonun talabiga ko‘ra, tojikistonlik yoshlarga shahvoniy, zo‘ravonlik, ekstremistik va terrorchilik xususiyatiga ega bo‘lgan filmlarni tomosha qilish ma‘n qilinadi.

Shuningdek, yoshlarning shu mazmundagi ro‘znoma, jurnal va varaqalarni internet yoki mobil telefonlar orqali tarqatishlari ham qonun doirasida ta‘qiqlandi.

Undan tashqari, mazkur qonun 18 yoshgacha bo‘lgan tojikistonliklarga tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga ruxsat bermaydi.

Tojikistonlik ota-onalarning aksariyati qonunning bu bandlari bilan rozi ekanlarini, ammo ularni tashvishga solayotgan narsa yoshlarning diniy ta‘lim olishlari, masjidda namoz o‘qishlari hamda qizlarning hijobda dunyoviy maktablarga qatnashlari qonun doirasida ta‘qiqlab qo‘yilgani ekanini aytmoqda.

- Biz qonunlarga bo‘ysungan holda ozod bo‘lishimiz kerak. Lekin bu qonun demokratik huquqlarimizni chegaralab qo‘yayapti. Insonning ma‘naviy huquqlari chegaralab qo‘yilmasligi kerak. Masjidlarga siyosatga aralashmagan holda, toat-ibodat uchun qatnayvyersin. Axir bu farzandlarimizning odob-axloqiga ham yordam beradi-ku, - deydi Rudakiy tumanida yashovchi Baxtiyor aka.

Ammo tojikistonliklar orasida farzandining masjidda namoz o‘qishi yoki mullalar qo‘lida diniy ta‘lim olishini istamayotgan ota-onalar ham topiladi. Ulardan biri so‘g‘dlik Faridaxon ayadir.

- Farzandimni o‘qitgim keladi, yaxshi tarbiya berayapman. Lekin men bolamni eskicha o‘qishga majburlamayman, masjidga borishiga umuman qiziqmayman. Hozir nima ko‘paygan - terroristlar ko‘paygan, men qo‘rqaman. Unaqaga berib qo‘yib, bir nimaga kirib qolsa, bittayu bitta farzandimdan ajralib qolishni xohlamayman, - deydi Faridaxon aya.

Yangi qonun loyihasining birinchi variantida 18 yoshgacha bo‘lgan tojikistonlik yoshlarning diniy marosimlarda ishtiroklari ham cheklangan edi. Parlament yuqori palatasi muhokamasidan o‘tgan qonun loyihasida faqat ana shu band, ya‘ni yoshlarning diniy marosimlarda qatnashishlariga qo‘yilgan to‘siq olib tashlangan, xolos.

Tojikistondagi taniqli din ulamosi Akbar To‘rajonzoda qonunning bu bandini tanqid qilib, “aholisining 98 foizi musulmon bo‘lgan tojik jamiyatida yoshlarning diniy marosimlarda qatnashishlarini ta‘qiqlash o‘ta mantiqsizlik, zero nikoh ham diniy marosimga kiradi” deya ta‘kidlagandi.

Din sohasida mustaqil tahlilchi Hikmatullo Sayfullozoda yangi qonundan yana ko‘pgina bandlar olib tashlanishi lozimligini ta‘kidlaydi. Chunki, uningcha, yangi qonun fuqarolar uchun emas, balki alohida doiralar uchun xizmat qiladi, xolos.

- Ko‘p hollarda biz qosh qo‘yamiz deb, ko‘z chiqaramiz. Chunki so‘nggi bir yarim yil davomida mamlakatda jamiyat uchun ko‘plab yangi muammolar tug‘dirayotgan qonunlar qabul qilinganini tajriba ko‘rsatdi. Ko‘pincha qabul qilinayotgan qonunlarimizda jamiyatdagi alohida guruhlar yoki siyosiy doiralar manfaatlari ko‘zlanadi. Menimcha, yangi qonunni xalqaro me‘yorlar talabiga muvofiqlashtirilishi uchun hali ham kech emas. Agar bu qonun shu holicha qabul qilinsa, kelgusida jamiyatda ko‘plab salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi aniq, - deydi mustaqil tahlilchi Sayfullozoda janoblari.

Asnoda ayrim tahlilchilar yangi qonundagi bolalarning diniy ta‘lim olishlari va xususan 18 yoshgacha bo‘lganlarning masjidlarda namoz o‘qishini ta‘qiqlovchi bandlarga o‘zgartish kiritilmay, prezident imzosidan o‘tishiga ishonishmoqda.

Chunki, deydi tahlilchilarning ishonishlaricha, parlamentda qabul qilinayotgan barcha qonunlar avvaldan prezident ijroiya devoni bilan kelishib olinadi.
XS
SM
MD
LG