Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:32

BBC muxbiri hizbchilikda gumonlanmoqda


Tojikiston Ichki ishlar vazirligi BBC muxbiri O‘rinboy Usmonov uyidan va kompyuteridan "Hizb ut-Tahrir"ga oid adabiyotlar chiqqanini iddao qilmoqda.
Tojikiston Ichki ishlar vazirligi BBC muxbiri O‘rinboy Usmonov uyidan va kompyuteridan "Hizb ut-Tahrir"ga oid adabiyotlar chiqqanini iddao qilmoqda.
Bi-bi-si o‘zbek xizmatining So‘g‘ddagi muxbiri O‘rinboy Usmonov Hizb ut-Tahrirga a‘zolikda gumonlanib hibsga olindi.

O‘rinboy Usmonovning hibsga olinganiga oid xabarni Tojikiston Ichki ishlar vazirligi rasmiylari tasdiqladi.

Vazirlik rasmiylari Bi-bi-si muxbiri 2009 yildan buyon tojik jamiyatida faoliyati ta‘qiqlangan Hizb ut-Tahrir diniy ekstrimistik tashkilotiga a‘zo bo‘lib kirganini da‘vo qilishmoqda.

- Bi-bi-si radiosining So‘g‘d viloyati bo‘yicha muxbiri O‘rinboy Usmonov Hizb ut-Tahrir diniy-ekstremistik tashkilotga a‘zolikda gumonlanib, huquq-tartibot idora xodimlari tomonidan 13 iyun kuni tushdan so‘ng qo‘lga olindi. U 2009 yildan buyon internet vositasida mazkur tashkilotning varaqalarini tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan. Dastlabki tergov natijalari bo‘yicha u aholi orasida ham targ‘ibot ishlari olib borgani va aholini ana shu tashkilotga a‘zolikka da‘vat qilgani aniqlandi,- deya bildirdi Tojikiston Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Mahmadulo Asadulloyev.

Tojik rasmiysi Asadulloyev janoblari O‘rinboy Usmonovning uyidan shu tashkilotga tegishli adabiyotlar, jurnallar va targ‘ibot varaqalari topilganini ham qo‘shimcha qildi.

Ayni paytda VVS muxbiri O‘rinboy Usmonovning yaqinlari jurnalistning uyidan Hizb ut-Tahrirga oid adabiyotlar topilgani haqidagi rasmiylar iddaolarini rad etmoqdalar.

- Dadamning hibsga olinganini uyni tintuv qilgani kelgan kishilardan bildik. Biz dadamni bir yarim sutka kasalxonama-kasalxona qidirdik. Uyimizni tintuv qilgan melisalar hech narsa topolmay ketishdi. Dadamning hizbchi ekanligiga oid gaplar quruq tuhmat,- deydi O‘rinboy Usmonovning o‘g‘li Oybek Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

So‘g‘dlik jurnalistning yaqinlari va hamkasblari O‘rinboy Usmonovning hibsga olinishini "anglashilmovchilik mahsuli", deya baholamoqdalar.

VVS radiosi o‘zbek xizmati bu borada yaqin soatlar ichida rasmiy bayonot bilan chiqishi kutilmoqda.

Buyuk Britaniyaning Dushanbedagi elchisi maslahatchisi Muhibullo Zubaydulloyev esa elchi Mur janoblari O‘rinboy Usmonovning hibsga olinishi bilan bog‘liq voqeaga oydinlik kiritish uchun Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari bilan muzokara o‘tkazishi kutilayotganini bildirdi.

- Bugun elchi janoblari Treyvyer Mur Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi mas‘ullari bilan uchrashib, O‘rinboy Usmonovning hibsga olinishiga oid masala yuzasidan muloqot qiladi. Lekin hozircha biz bu mavzuda aniq bir gap aytolmaymiz,- deya bildirdi Britaniyaning Dushanbedagi elchixonasi rasmiysi Zubaydulloyev janoblari.

Asnoda ayrim mahalliy tahlilchilar O‘rinboy Usmonov Hizb ut-Tahrir partiyasiga doxil materiallarni o‘z professional faoliyatida foydalanish uchun saqlagan bo‘lishi mumkin, degan taxminni ilgari surmoqdalar.

Qayd etish joizki, O‘rinboy Usmonov Tojikistonda “Hizb ut-Tahrir” a‘zolarining qamoqqa tashlangan a‘zolari haqida o‘nlab maqola yozgan. Bi-bi-si tinglovchilari uchun tayyorlangan maqolalarida muallif hizbchilarning tojik jamiyatidagi faoliyati, qo‘lga olingan a‘zolariga nisbatan qiynoqlarning qo‘llanilishi, mahkama jarayonlaridagi ayrim chigalliklar xususida hikoya qilgan.

O‘rinboy Usmonov so‘nggi o‘n yil davomida Bi-bi-si radiosining So‘g‘d viloyatida muxbir bo‘lib ishlash bilan bir qatorda Tojikiston yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limi o‘zbek sessiyasi boshlig‘i lavozimida ham faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, 2000 yilda Tojikiston Oliy sudi Hizb ut-Tahrir tashkilotini ekstremistik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritish ortidan respublika hududida uning faoliyatini ta‘qiqlab qo‘ygandi.

Tojikistonlik huquqshunos Abduqayum Yusupov o‘tgan shu davr badalida o‘nlab tojikistonlik fuqaro bu tashkilotga a‘zolikda gumonlanib, mahkamaga tortilganini aytadi. Huquqshunos mulohazasicha, sud hakamlari sudlanuvchiga qo‘yilgan ayblovlarni doim ham to‘g‘ri va har tomonlama tahlil qilmaydi.

Shuni ham aytish lozimki, 14 iyun kuni Tojikiston Ichki ishlar vazirligi rasmiylari Hizb ut-Tahrir ekstremistik tashkilotining So‘g‘d viloyati bo‘yicha amiri, 43 yoshli Sharifjon Yoqubov Dushanbe shahrida qo‘lga olingani haqida ham xabar tarqatgandi.

Mustaqil kuzatuvchilar bu Tojikistonda hizbchilar qo‘lga olinishi bo‘yicha ilk hodisa emasligini aytadi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Rasht voqealaridan keyin tojik jamiyatida soqollilarga qarshi boshlangan kampaniya ortidan Hizb ut-Tahrirga a‘zolikda gumonlangan o‘ndan ortiq tojikistonlik hibsga olingan.

Shuni ham aytish joizki, qarorgohi Londonda bo‘lgan Hizb ut-Tahrir tashkiloti O‘zbekistonda bo‘lgani kabi Tojikistonda ham qonuniy tashkilot hisoblanmaydi.
XS
SM
MD
LG