Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:57

Bi-bi-si muxbiri ortiq hizbchilikda ayblanmayapti


O‘rinboy Usmonovdan “Hizbut-Tahrir”ga a‘zolik ayblovi olib tashlanganini advokat Fayziniso Vohidova ma‘lum qildi.

- So‘nggi bir hafta mobaynida olib borilgan tergov chog‘ida jurnalist O‘rinboy Usmonovning “Hizbut tahrir”ga a‘zoligini tasdiqlovchi birorta ham dalil topilmadi, ya‘ni Usmonovning bu tashkilotga hech qachon a‘zo ham bo‘lib kirmagani isbotlandi. Shuni nazarga olgan holda, Usmonovga nisbatan avval e‘lon qilingan “Hizbut-Tahrir”ga a‘zolik aybi olib tashlandi, deb to‘la ishonch bilan ayta olamiz, - dedi advokat Fayziniso Vohidova.

Shunga qaramay, Bi-bi-si muxbiri mazkur partiya faoliyati haqida huquq-tartibot idoralarini ogoh qilmaganlik aybi bilan hamon Xo‘jand hibsxonasida qolmoqda.

- Gap shundaki, Usmonov so‘nggi bir yil davomida bu tashkilotning a‘zolari bilan kasbiy faoliyati bois uchrashgan. Ulardan bir nechta adabiyotlar ham olgan. Albatta Tojikistonning Matbuot to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, jurnalist o‘z manbasini oshkor qilmaslikka haqli. Lekin, rasmiylar iddaosicha, Usmonov jurnalist sifatida emas, balki fuqaro sifatida bu tashkilot a‘zolari va ular faoliyati haqida huquq idoralariga ma‘lumot berishi zarur edi. Ammo u bunday qilmadi. O‘z navbatida, huquq-tartibot idoralari Usmonovning bu harakatiga huquqiy baho berib, uni bu guruh faoliyatini quvvatlaganlikda ayblamoqda. Aynan shu dalillar atrofida hozircha tergov davom etmoqda, - dedi Fayziniso Vohidova.

Avdokat Fayziniso Vohidova o‘z himoyasidagi O‘rinboy Usmonovning Tojikistondagi joriy qonunlar asosida oqlanishiga ishonadi.
Biroq, advokat xonimning aytishicha, Tojikistonda amalda bo‘lgan “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, jurnalist o‘z manbasini oshkor qilmaslik huquqiga ega. Bu esa, advokat Vohidovaning urg‘ulashicha, O‘rinboy Usmonovning aybsizligini isbotlaydi.

Ayni paytda Bi-bi-si ham o‘z muxbiri jurnalistik burchinigina ado etganini qayd etib, tojik rasmiylaridan O‘rinboy Usmonovni zudlik bilan ozod etishni talab qilayapti.

So‘g‘dlik jurnalistni ozod qilish talabiga G‘arbdagi qator davlatlar hamda xalqaro huquqni muhofaza qilish tashkilotlari va media-tashkilotlar ham qo‘shilgan.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston Oliy sudi 2000 yilda “Hizbut-Tahrir”ni ekstremistik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritishi ortidan respublika hududida bu tashkilot faoliyati ta‘qiqlangandi.

Bi-bi-si muxbiri O‘rinboy Usmonov 13 iyun kuni “Hizbut-Tahrir”ga a‘zolik aybi bilan Xo‘jandda mahalliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hibsga olingandi.

Jurnalist Usmonov shu kungacha o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar asossiz ekanini ta‘kidlab kelmoqda.

Shu yilning 20 va 22 iyun kunlari Bi-bi-si xodimlari o‘zlarining so‘g‘dlik hamkasblari himoyasi uchun namoyishlar o‘tkazdilar.

Ayni paytda AQSh va G‘arbdagi o‘nlab xalqaro inson huquqlari tashkilotlarida jiddiy xavotir uyg‘otgan va shu kunda dunyo matbuoti bosh mavzusiga aylangan O‘rinboy Usmonovning taqdiri yuzasidan tojikistonlik mulozimlar biror-bir munosabat bildirganlaricha yo‘q.
XS
SM
MD
LG